Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Prezident inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Bugun, 13-iyun kuni Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi forum boshlandi. Unda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, YeXHT, Yevropa Ittifoqi, IHT, ShHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasining yuqori darajali vakillari, 200 nafardan ortiq xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan va bu gal «Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash» mavzusiga bag‘ishlangan ushbu anjuman ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi.

Davlat rahbari inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’ana tusini olganini ta’kidlagan.

Global iqlim o‘zgarishi oqibatida sayyorada yuzaga kelgan keskin ekologik vaziyat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylangani, global miqyosda qashshoqlik bilan bog‘liq muammolar ko‘payib borayotgani, insonning sog‘lik, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolayotgani qayd etilgan. Iqlim o‘zgarishi oqibatida inson huquqlariga yetkaziladigan zararni keskin kamaytirish uchun jahon mamlakatlari birgalikda samarali choralar ko‘rishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Ekologik inqiroz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylandi, global miqyosda qashshoqlik bilan bog‘liq muammolar ko‘paymoqda, insonning sog‘liq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda», – deydi Prezident.

Murojaatda, shuningdek, iqlim o‘zgarishi muammolari bilan kurashish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar qayd etilib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi rezolyusiyasini ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha O‘zbekistonning  tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirilgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring