Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun Samarqand kuni nishonlanmoqda

Bugun Samarqand kuni nishonlanmoqda

18-oktyabr Samarqand shahri kuni!   Aholi orasida bayram bilan bir-birlarini tabriklagan odamlarni uchratish mumkin. Lekin, bayram tadbirlari, avvaliga rasmiy doira vakillari yetakchiligida boshlandi.

Ertalabdan viloyat va shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faollar Amir Temur maqbarasida bo‘lishdi, Qur’on tilovati so‘ngidagi duoda birgalikda qo‘l ochishdi.

Yig‘ilganlar shundan so‘ng Amir Temur haykali tomon yo‘l olishdi va buyuk bobokalonimiz haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.

Samarqand shahri kuni munosabati bilan tarixiy obidalar, muzeylar, teatr va kinoteatrlarga kirish bepul bo‘lishi oldindan e’lon qilingan. Bayram munosabati bilan «Sharq yulduzi» kinoteatrida 16 oktyabrdan boshlab namoyish etilayotgan  «Bahodir Yalangto‘sh» filmi ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biridir.

Bugungi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘idagi tadbir xalq sayli deb ataldi. Bu yerda «Yer yuzining sayqalisan - Samarqand» mavzusidagi rasmlar tanlovi, milliy va sharqona ko‘rgazmalar, sport o‘yinlari bir-birini to‘ldirib yaxlit mazmun kasb etdi. Shuningdek, oziq-ovqat ko‘rgazmasi uchun ham joy ajratilgan edi.

Samarqand kunida «Mo‘’jiza» amfiteatrida hamda Qorasuv massividagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida gala-konsert bo‘lishi rejalashtirilgan. O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari chiqishlari bayramona mushakbozlikka ulanadi.

Samarqand kuni bayram sifatida birinchi marta 1996 yilda Amir Temur haykali ochilishi manzarasida e’lon qilingan va shundan buyon har yili nishonlanadi.

M.Jo‘raqulova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring