Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘izosiz qolgan G‘azo

G‘izosiz qolgan G‘azo

Foto: Arab Center Washington DC

G‘azo sektorida Isroilning jangovar harakatlari davom etar ekan, mintaqada gumanitar inqiroz yanada kuchaymoqda, minglab oilalar kunlik g‘izo — oziq-ovqatdan mahrum qolmoqda.  

Xalqaro tashkilotlar Isroil G‘azo hududiga insonparvarlik ko‘magini o‘tkazishga to‘sqinlik qilayotganini tanqid qilib keladi. Tel-Aviv BMT tomonidan hozirlangan oziq-ovqat va yeguliklarning faqat uch foizini o‘tkazishga ruxsat bergan. Masalan, 18–22-dekabr oralig‘ida G‘azoga faqat ikkita gumanitar missiya kira olgan, xolos.

75 kun davomida oziq-ovqat ko‘magidan uzib qo‘yilgan G‘azo shimolidagi Bayt-Hanun shahriga insonparvarlik yordami yetib borganida BMT xodimlari mahzun manzaraga guvoh bo‘lishgan: ochlik tufayli sillasi qurigan odamlar bir qultum suv, bir kaft un yoki bir quti konserva olish uchun jon olib jon bergudek alfozda harakat qilgan

BMT bosh kotibi rasmiy vakilining muovini Stefani Tramble Isroil gumanitar ko‘mak ortilgan mashinalar o‘tishiga to‘sqinlik qilib qolmay, o‘zi ruxsat bergan mashinalarni o‘qqa tutayotganini ham qayd etgan.

Qish kelib, havo harorati manfiyga o‘tgan bir paytda minglab g‘azoliklar ochiq osmon ostida tunashga majbur bo‘lmoqda.

BMTning favqulodda ko‘mak bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Tom Fletcher G‘azo sektori, xususan, shimoliy mintaqa butunlay qamal ostida ekani, qish kelgach, insoniy halokat ko‘lami yanada ortganidan ogohlantirgan.

BMT vakili G‘azoda minglab odam suv, yegulik, elektr energiyasi va tibbiy xizmatdan mahrum qolayotganidan xavotir bildirgan

Qarorgohi Londonda  joylashgan Oxfam xalqaro tashkilotiga ko‘ra, insonparvarlik ko‘magi yetib bormayotgani sabab G‘azo aholisi hatto chiqindixonalardan yegulik qidirishga majbur bo‘lmoqda.

«Vayron etilgan G‘azo aholisi azob-uqubatga giriftor bo‘ldi. Davlat sektori ishdan chiqqan. Insonparvarlik ko‘magi tizimi arang oyoqda turibdi. Biz xalqaro hamjamiyatdan bunga barham berishni yolvorib so‘raymiz. Isroilni to‘xtatish uchun iqtisodiy va diplomatik vositalaringizni ishga soling!», — deyiladi Oxfam  bayonotida.  

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan buyon 45 436 nafar  falastinlik halok bo‘ldi, 108 038 kishi yaralandi.

Amnesty International Isroilning G‘azo sektorida sodir etayotgan qilmishlarini genotsid (qatliom) deb atagan.

BMTning Falastin qochqinlari bo‘yicha bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, G‘azo sektorida besh oy davomida Isroil bombardimonlari oqibatida 12 300 dan ziyod bola halok bo‘ldi. Bu oxirgi to‘rt yil ichida butun dunyodagi urushlarda halok bo‘lgan bolalar sonidan (12 193 nafar) ham ko‘proqdir.

Ma’lumot o‘rnida: BMT komissari Filipp Lazzarini keltirgan raqamlar 2023-yil 7-oktyabrdan 2024-yil fevralga qadar bo‘lgan o‘limlarni o‘z ichiga oladi. Isroil harbiylarining hali-hamon davom etayotgan bombardimonlarida yana ko‘plab bolalar nobud bo‘ldi, fojiaviy statistika oshib bormoqda.

17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023-yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.

Ayni paytda 2,3 million aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring