Germaniya O‘zbekistonga grant mablag‘lari ajratadi
Germaniya O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimi va tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv ta’minoti tizimini takomillashtirish loyihalariga imtiyozli va grant mablag‘lari ajratadi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning joriy yil 14-15 oktyabr kunlari Berlindagi muzokaralari yakunida shunga doir kelishuvlarga erishilgan.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, L.Qudratov Germaniya federal kansleri maslahatchisi Sh.Meyer, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha federal vazirlik davlat kotibi N. Annen, KfW IPEX-Bank va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi rahbarlari bilan uchrashgan.
Tashrif davomida modernizatsiya jarayonlari, innovatsiyalar joriy etilishi, eksport, korporativ va savdo yo‘nalishlaridagi loyihalarni suveren bo‘lmagan moliyalashtirish to‘g‘risida bitim ham imzolandi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zbekistonlik mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish va kelgusida Germaniya korxonalarida ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olingan.
Bundan tashqari, Germaniyaning Edison Technologies, AMK Global, GessCon, Aurubis, HMS Bergbau, Hypercon Solutions, Binz Automotive, Ernst Klett, Siemens Healthineers, Rhenus Group, Linde, ITEL kabi yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.
Kimyo sanoati, geologiya, tibbiyot buyumlari va quyosh panellari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, qurilish materiallari, uglerod tolasi, zamonaviy logistika markazlarini yaratish kabi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Olaf Sholsning joriy yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunida ikki tomonlama 8 ta hujjat imzolangandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Germaniyaning yetakchi korxonalari darajasida bir qator bitim va shartnomalar tuzilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter