O‘zbekistonning Pokistondagi yangi elchisi ish boshladi
28-oktyabr, dushanba kuni O‘zbekistonning yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahridagi «Ayvan-ye-Sadr» saroyida Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardariga ishonch yorliqlarini topshirdi.
«Dunyo» AA xabariga ko‘ra, rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
«Pokiston Prezidenti O‘zbekiston yetakchisiga chuqur hurmat va ehtirom izhor etib, eng ezgu va samimiy tilaklarini yetkazishni so‘radi. Prezident Asif Ali Zardari O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi uzoq muddatli birodarlik munosabatlarining mustahkam poydevori bo‘lgan mushtarak madaniy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy rishtalarning muhimligini ta’kidladi», – deyiladi xabarda.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yuqori salohiyat mavjudligiga e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSh dollariga yetkazishning muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar, turizm almashinuvi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pokiston rahbari mamlakat fuqarolarining O‘zbekistonga borishi uchun viza tartibi soddalashtirilganidan mamnunlik bildirdi. Joriy yil noyabr oyida qayta tiklanishi rejalashtirilgan Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini oshirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun yangi turtki bo‘lishi urg‘ulandi.
Uchrashuv yakunida Pokiston Prezidenti O‘zbekiston elchisiga o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi 6 oktyabr kuni Islomobodga tashrif buyurgan edi. Alisher To‘xtayev 2021–2024 yillarda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi lavozimida ishlab kelgan va Afg‘onistonga elchi etib tasdiqlangan Oybek Usmonov o‘rniga tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter