Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2027 yilga borib davlat elektr energiyasi narxidagi farqni qoplashni to‘xtatadi

2027 yilga borib davlat elektr energiyasi narxidagi farqni qoplashni to‘xtatadi

E’lon qilingan Budjetnoma loyihasiga ko‘ra, 2025 yilda davlat budjetidan iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar jami 39,2 trln so‘mni, ya’ni jami xarajatlarning 11,4 foizini tashkil etadi.

Xususan, elektr energiya narxlaridagi tafovutni qoplash uchun tizimga budjetdan 500 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari rejalashtirilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, kelgusi yillarda elektr energiya tariflari bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazilishi natijasida elektr energiyasi xarid qilish va sotish narxlari o‘rtasidagi salbiy tafovutni moliyalashtirish uchun budjet xarajatlari kamaytiriladi. Misol uchun, joriy yilda ushbu maqsad uchun prognoz qilinayotgan mablag‘ 2,5 trln so‘m bo‘lsa, 2025-yilda bu mablag‘ 500 mlrd so‘mga, 2026-yilda 300 mlrd so‘mga qisqartiriladi. 2027-yildan esa ayni maqsadlar uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilishi to‘xtatiladi.

Shu bilan bir qatorda, Hujjatda 2025-yil va kelgusi o‘rta muddatli davrda mamlakat energetika xavfsizligini va samaradorligini ta’minlash, xususan, energetika tarmog‘ini tartibga soluvchi qonunchilik normalarini sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga moslashtirish hamda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil etish maqsadida tarmoqqa xususiy operatorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlash rejelashtirilmoqda.

Shuningdek, gaz va elektr energiyasi tariflarini erkinlashtirish bo‘yicha boshlangan islohotlarni to‘liq yakuniga yetkazish va 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiyaning jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish borasida islohotlarni amalga oshirish inobatga olingan.

Ma’lumot uchun, tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlaridagi tafovutni qoplash uchun davlat budjetidan:

  • 2022-yilda – 6,7 trln so‘m;
  • 2023-yilda – 18 trln so‘m;
  • 2024-yilda (kutilma) – 9,5 trln so‘m:
  • 2025-yilda (reja) – 7 trln so‘m;
  • 2026-yilda (reja) – 6,5 trln so‘m;
  • 2027-yilda (reja) – 6,9 trln so‘m mablag‘lar ajratiladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring