Energetika vazirligiga quyosh panellarini majburiy o‘rnatish bo‘yicha murojaatlar tushdi
Bir necha kun avval Energetika vaziri o‘z qabulxonasi raqamini qoldirib, quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash holatlari bo‘yicha xabar berishlarini so‘ragan edi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda qabulxonadagi +99871-231-14-41 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmagan yurtdoshimizning e’tirozi tarqaldi.
Holat bo‘yicha Energetika vazirligi axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 7 oktyabr kunning ikkinchi qismidan boshlab, 8 oktyabr soat 20:30 ga qadar vazirlik qabulxonasiga jami 1232 ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
Ularning 131 tasiga qabulxona xodimlari hamda vazirlik axborot xizmati tomonidan qabul qilinib, javob berilgan. Bitta qo‘ng‘iroqqa o‘rtacha 3 daqiqadan 6 daqiqagacha vaqt sarflangan. Mazkur vaqt oralig‘ida qabulxonaga yana 4-8 ta atrofida qo‘ng‘iroq bo‘lib turgan. Qabulxonada bir kishi telefonga javob berganligi sababli ularni qabul qilishning imkoni bo‘lmagan.
Qabul qilingan qo‘ng‘iroqlarning 54 tasi quyosh panellarining afzalliklari, uni o‘rnatishga davlat tomonidan qanday imtiyozlar berilishi, quyosh panelini qayerda arzon sotib olish mumkinligi to‘g‘risidagi savollardan iborat bo‘lgan. 28 ta qo‘ng‘iroq egasi mahallasidagi elektr tayanch ustuni hamda elektr uzatish havo tarmog‘ining eskiligini aytib, yangilashda yordam so‘ragan. 31 ta qo‘ng‘iroq quyosh paneli o‘rnatishga majburlanayotganini aytgan fuqarolardan tushgan bo‘lib, ularning 14 tasi bu hodisa bir necha kun avval bo‘lganini bildirgan. Ularning 6 nafari Energetika vazirligining «Quyosh paneliga majburlash yo‘q» nomli materialini asos qilib keltirgan holda, bugungi kunda elektr energiyasini yoqtirib olishganini ma’lum qilgan, 8 nafar murojaatchi esa quyosh paneli qo‘yganini, bugungi kunda elektr energiyasi mavjudligini, ammo bunga majburlanganidan norozi ekanini aytgan. Shu bilan birga, o‘rnatilgan quyosh paneli foydali ekanini his qilganliklarini ham bildirib o‘tishgan.
Qolgan 18 ta qo‘ng‘iroqning 6 tasi vazirlik qabulxonasi raqami «Haqiqatan ham ishlayaptimi yoki yo‘qmi?» ekanini bilish uchun qilingan bo‘lsa, 4 ta qo‘ng‘iroq egasi vazirlikka ishga joylashish imkoniyati bilan qiziqqan. 8 ta qo‘ng‘iroq egasi Energetika vaziriga rahmat aytish uchun telefon qilganliklarini bildirishgan.
17 ta qo‘ng‘iroq egasi bugungi kunda bu borada real muammoga ega ekanligini ma’lum qilgan. Vazirlik xodimlari ularning murojaatlarini o‘rganib, quyosh paneli o‘rnatmagani uchun elektr energiyasidan uzib qo‘yilgan tadbirkorlarning elektr energiyasini ulatib bergan.
Ikki kun mobaynida Toshkent shahrining Sergeli, Yashnobod, Yunusobod hamda Bektemir tumanlari, Sirdaryo viloyatining Boyovut, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Farg‘ona viloyatining Buvayda, Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir qator tadbirkorlar elektr energiyasiga qayta ulangan.
Suhbat davomida ularga huquqi tushuntirilib, kelgusida faoliyatlarida yana qandaydir to‘sqinlikka uchrashsa, Energetika vazirligining axborot xizmati hamda Ijro nazorati va murojaatlar bo‘limiga murojaat qilishlari so‘ralgan.
7 oktyabr kuni kechasi soat 23:00 dan 8 oktyabr soat ertalabki 8:00 ga qadar aholidan qabulxonadagi telefon raqamiga 173 ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan va ularning birontasiga javob berilmagan.
Vazirlik o‘tgan ikki kun mobaynida qabulxonaga juda ko‘p telefon bo‘lgani, bitta raqam buncha murojaatni qabul qilishda qiyinchilikka duch kelishi tabiiy ekani, bu vaqt mobaynida barcha qo‘ng‘iroqni qabul qilishga imkoniyat yetmasligini to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, 9 oktyabrdan boshlab murojaatlar nafaqat bu raqam orqali, balki +99871-231-16-61 (ichki 7046, 7037 va 7057) raqamlari orqali ham qabul qilinishi bildirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter