Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan subsidiya va imtiyozlar bekor qilinadi – loyiha

Eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan subsidiya va imtiyozlar bekor qilinadi – loyiha

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasida Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish ishlari davom etmoqda.

Jumladan, JSTning Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimi 3-moddasiga asosan quyidagi turdagi subsidiyalar taqiqlangan (JSTning Qishloq xo‘jaligi to‘g‘risidagi bitimida istisnolar mavjud) va ularni bekor qilish lozim:

  • qonun bilan yoki amalda (de yure yoki de fakto) eksport qilish sharti bilan beriladigan subsidiyalar;
  • import mahsulotlar o‘rniga mahalliy mahsulotlardan foydalanish sharti bilan taqdim etiladigan subsidiyalar.

Mazkur bitimga muvofiq davlat yoki davlat vakolat bergan tashkilot tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul mablag‘larining o‘tkazilishi, ularning pul majburiyatlarini kafolatlash, soliq miqdori kamaytirilishi yoki olinmasligi, umumiy foydalanishdagi infratuzilmani taqdim etishdan tashqari tovarlar yoki xizmatlarni taqdim etish kabi imtiyozlar subsidiya sifatida qaraladi.

Ta’kidlash lozimki, JST doirasida eksport subsidiyalarining taqiqlanishidan asosiy maqsad barcha a’zo davlatlar uchun tovarlar savdosida teng sharoitlarni taminlash va xalqaro savdoda halol raqobatni rivojlantirish. Eksport subsidiyalari eksport qilinadigan tovarlar narxini sun’iy ravishda bozor narxidan past darajada belgilash orqali xalqaro savdoga salbiy tasir ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatlar ishlab chiqaruvchilarining bozorlarda raqobat qilishini murakkablashtiradi. Natijada, eksport subsidiyalari xalqaro savdoning samarasiz bo‘lishiga, savdo nizolarining ko‘payishiga olib keladi hamda chinakam ochiq va shaffof savdo tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Shunga asosan amaldagi qonunchilik hujjatlari JSTning asosiy bitimlaridan biri hisoblangan Subsidiyalar bo‘yicha bitim talablariga muvofiqligi jihatdan tahlil qilindi va JST qoidalariga nomuvofiq bo‘lgan eksport subsidiyalarini bekor qilish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Prezidentning «Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2024-yil 3-iyundagi PF–85 son Farmonining 8-bandida Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (ASCM) muvofiqlashtirish maqsadida eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025-yil 1-yanvardan bekor qilinishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasini xatlovdan o‘tkazish va 15 mingdan ortiq amalda bo‘lgan qonunchilik hujjatlarini tahlil qilish natijalari bo‘yicha 15 dan ortiq Prezident hujjatlarida JSTning Subsidiyalar bo‘yicha bitimiga nomuvofiq imtiyozlar aniqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring