Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat uy-joy fondidan uy berishning yangi tartibi belgilandi

Davlat uy-joy fondidan uy berishning yangi tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 11.03.2024 yildagi «Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 124-son qarori qabul qilindi.

Nizom 2024 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Davlat uy-joy fondidan foydalanishga arizalar faqatgina davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali qabul qilinadi.

Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar  hisoblanadi:

  • turar joy maydoniga ega bo‘lmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylar (baraklar, vaqtinchalik uylar, avariya holatidagi uylar, yerto‘lalar)da yashovchi fuqarolar;
  • har bir oila a’zosi 16 kvadrat metrdan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 23 kvadrat metrdan kam bo‘lgan turar joy bilan ta’minlanganlar;
  • yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar, bundan mavsumiy va vaqtinchalik xodimlar, shuningdek, o‘qishlari sababli yotoqxonalarga ko‘chib o‘tgan fuqarolar mustasno;
  • qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan ikki va undan ko‘p oila bo‘lib bir kvartirada yashovchilar;
  • ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir turlari bilan kasallangan fuqarolar;
  • uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida 3 yil yashayotgan va ro‘yxatda turgan fuqarolar.

Quyidagilar aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar hisoblanadi:

  • 1941-1945 yillardagi urush faxriylari va baynalmilal jangchilar;
  • shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan harbiy xizmatchilar;
  • ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir turlari bilan kasallangan fuqarolar;
  • ko‘p bolali oilalar;
  • chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;
  • uch nafar va undan ziyod mehnatga layoqatsiz oila a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
  • ishlamaydigan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • keksayib qolgan yolg‘iz pensionerlar - yolg‘iz yashaydigan keksalar, voyaga yetmagan bolalar yoxud qamoqda va jazoni ijro etish muassasalarida, uzoq muddat davolanishda bo‘lgan shaxslar bilan birga yashaydigan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan pensiya yoshidagi shaxslar (60 yoshga yetgan erkaklar, 55 yoshga yetgan ayollar);
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblangan 18 yoshgacha yoki bolaliqdan I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalari bor oilalar.

Murojaat maxsus komissiya tomonidan 10 kun ichida ko‘rib chiqilib, natijasi bo‘yicha shaxsni uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxatiga kiritish haqida qaror qabul qilinadi. Murojaatni ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im undirilmaydi.

Uy-joy fuqarolarga ushbu aholi punktida foydalanishga topshirilayotgan va bo‘shayotgan uy-joylarning maydonidan kelib chiqqan holda, ro‘yxatda belgilagan navbat asosida taqdim etiladi.

Uy-joy ajratish to‘g‘risidagi qarorga asosan tuman (shahar) xokimiyati tomonidan order shakllantirilib  murojaatchiga davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali yuboriladi.

Fuqaro orderni olgandan so‘ng 10 kun ichida uy-joyni balansda saqlovchi tashkilot bilan ijara shartnomasi tuzadi. Fuqaro va uning oila a’zolari order berilgan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida turar joyga ko‘chib kirishi lozim.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.03.2024 yildan kuchga kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring