Damashqda Asad xonadoni yashirib kelgan yana bir mash’um ob’yekt topildi
Suriyada Bashar Asad hokimiyati qulashi ortidan o‘tkazilayotgan qidiruv amaliyotlarida sobiq prezidentning ukasi Mohir Asadga tegishli narkozavod va narkolaboratoriyalar topilmoqda. Masalan, poytaxt Damashq shahri chetidagi qo‘rg‘onda giyohvandlik moddalari tayyorlash uchun katta miqdorda xomashyo hamda dastgohlar borligi aniqlangan.
Reuters agentligi xabar berishicha, bu yerda giyohvandlik moddalari sanoat usulida, ommaviy ravishda ishlab chiqarilganini ko‘rish mumkin. Jurnalistlar guvohligidagi amaliyotda sotish uchun shay holga keltirilgan minglab tabletka ham topilgan.
Narkotik moddalar savdosi Bashar Asad ma’muriyatining asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgani aytiladi. Suriya armiyasining diviziyalaridan biri qo‘mondoni bo‘lgan Mohir Asad boshchilik qilgan giyohvandlik moddalari tarmog‘i Livan orqali butun dunyoga narkotik sotgan.
AQShdagi New Lines Institute Captagon Trade loyihasi rahbari Kerolayn Rouzga ko‘ra, kaptagonning global miqyosdagi savdosi hajmi 10 milliard dollarni tashkil etadi. Asad ma’muriyati ushbu og‘u savdosidan yiliga 2,4 milliard dollar daromad qilgan.
Ekspert Damashqda topilgan narkozavodni Asad ma’muriyati nazoratidagi eng yirik og‘u korxonasi ekanini aytgan.
Suriyada ishlab chiqarilgan kaptagon giyohvandlik moddasidan, ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlari aholisi katta aziyat chekkan.
Dastlab 1960-yillarda Germaniyada ishlab chiqarilgan kaptagon vositasi tibbiy maqsadda ishlatilgan. Keyinroq uni ishlab chiqarish to‘xtatilgan, ammo «qashshoqlar uchun kokain» deb atalgan og‘u Sharqiy Yevropada noqonuniy ravishda tayyorlana boshlagan. 2011 yilda fuqarolar urushi domida qolgan Suriya kaptagon ishlab chiqarish markaziga aylangan.
«The Economist» nashri 2021 yilda Suriya giyohvandlik moddalari eksport qiluvchi o‘lkaga aylanganiga e’tibor qaratgandi.
Urush tufayli bir paytlar ma’mur bo‘lgan mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqdi, sanoat va ishlab chiqarish puturdan ketdi. Mutaraqqiy mamlakatlar tomonidan Asad ma’muriyatiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar ham, tabiiyki, taraqqiyotga tushov bo‘lgan. Ana shunday mushkul-murakkab vaziyatda narkotik savdosi Asad ma’muriyati joniga ora kirgan.
Suriya rejimini qo‘llab-quvvatlash uchun Afg‘oniston va Livandan kelgan jangarilar o‘zlari bilan giyohvandlik moddalari tayyorlash va sotish texnikasini ham keltirganlar. Mamlakat bo‘ylab nasha maydonlari kengaytirilgan, kaptagon tabletkalarini ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Buyuk Britaniyaning «The Guardian» nashriga ko‘ra, 2020 yili Suriya 3,46 milliard dollarlik kaptagon tabletkalarini eksport qilgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Suriyani geosiyosiy kurash maydoniga aylantirgan yirik mamlakatlar ham, toju taxtini saqlab qolishga zo‘r bergan ishboshilar ham ko‘p millionli aholi ochlik domida ekani, boz ustiga, giyohvandlik moddalari yoshlarni o‘z domiga tortayotganidan ko‘p-da xavotir olmagan.
Avval xabar berganimizdek, Suriyada Asadlar oilasining 54 yillik boshqaruvi poyoniga yetishi ortidan dahshatli qatlgoh sifatida tilga tushgan Siydnaya qamoqxonasidagi mahbuslar ham ozod qilingandi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotlariga ko‘ra, ushbu qamoqxonada 2011-2018 yillarda 30 mingdan ziyod mahbus qatl qilingan yoki ochlik, xastalik tufayli vafot etgan. 2017 yilda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Siydnaya qamoqxonasini «insoniy qassobxona» deb atagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter