Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir qo‘shiq tarixi: «O‘rtar»ni mashhur qilgan «O‘tgan kunlar»

Bir qo‘shiq tarixi: «O‘rtar»ni mashhur qilgan «O‘tgan kunlar»

O‘zbekiston xalq artisti¸ marhum Murodjon Ahmedov tomonidan aytilgan «O‘rtar» qo‘shig‘i 1969-yili suratga olingan «O‘tkan kunlar» filmida yangraganidan keyin mashhur bo‘lib ketgan.

Murodjon Ahmedovning Toshkentda yashaëtgan o‘g‘li Farhodjon akaning aytishicha, «O‘tgan kunlar» filmini suratga olgan rejissyor Yo‘ldosh A’zamov va bastakor Manas Leviyev «O‘rtar»ni film kulminatsiyasiga qo‘yishga qaror qilishgan.

– O‘shanda otam Qo‘qon teatrida ishlar, aktyor va ashulachi edi. Kino chiqmasidan oldin Boborahim Mashrabning «O‘rtar» radifli g‘azaliga kuy bastalab aytib yurgan edi. Bu qo‘shiq kinorejissyor Yo‘ldosh A’zamov nazariga tushdi. Shu tarzda otamizning «O‘tgan kunlar»dagi kichik roli va ijro etgan qo‘shig‘i favqullodda mashhur bo‘ldi, – deydi suhbatdosh.

Filmda Kumushning hajrida fig‘on chekayotgan Otabek cholg‘uchidan «Haydalish», «Ajralish» kuylarini chalishni iltimos qiladi va hofiz umri bino bo‘lib, bunday qo‘shiqni eshitmaganini aytadi.

O‘zbekiston mumtoz qo‘shiqlari tarixi haqidagi ilmiy ish muallifi¸ hofiz va professor Hojiakbar Hamidov nazarida «O‘rtar» xuddi uzukka ko‘z qo‘ygandek kinoga yarashib turibdi:

– O‘zbeklarda yana bir gap bor. Yig‘lab ko‘rishdi, degan. Xudo rahmat qilsin Murodjon Ahmedov ijro etgan bu qo‘shiq sasi kinoga juda uyg‘un. Dramatik bariton deb tasniflanadigan Murod akaning ovozi Otabek va Kumush fojiasini talqin qilishga qodir bo‘ldi. «O‘tgan kunlar» kinosidagi bosh qahramon haëtini ostin-ustun qilgan ayriliq kunlarini aks ettirish uchun Boborahim Mashrabning g‘azali va Murodjon Ahmedovning ijrosi zarur edi¸ – deb ta’kidladi H.Hamidov va bu qo‘shiqdan bir parcha kuylab berdi:

Agar oshiqlig‘im aytsam, kuyib jonu jahon o‘rtar,

Bu ishq sirrin bayon etsam, taqi ul xonumon o‘rtar.

Kishiga ishq o‘tidin zarrai yetsa, bo‘lur giryon,

Bo‘lub besabru betoqat, yurak-bag‘ri chunon o‘rtar.

Nechuk toqat qilay, do‘stlar, bu dard ila bo‘lub hayron,

G‘amim boshqa, alam boshqa, yuragimni fig‘on o‘rtar.

Meni bexonumon tinmay kuyib har dam firoqingda,

«Nigoro!» deb oting aytsamki, shavqingdin zabon o‘rtar.

Qayu til birla, ey jono, sening vasfing bayon aylay,

Tilim lolu ko‘zum giryon, so‘ngaklarni nihon o‘rtar.

Na qattig‘ kun ekan, dilbar, visolingdin judo bo‘lmoq,

Mening ohim o‘tig‘a bul zaminu osmon o‘rtar.

Yurakda dardu g‘am qat-qatki, menda qolmadi toqat,

Agar bu zarrasin bul vaqt desam, ishqi bayon o‘rtar.

Bu dard ila xarob o‘ldum, kelib holimni so‘rmassan,

Unum chiqsa yurakdin, bu tanu jon, ustixon o‘rtar.

Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshig‘a solma,

Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon o‘rtar.

«O‘rtar»ni aytgan Murodjon Ahmedov 1918-yilda Qo‘qon yaqinidagi Afg‘on qishlog‘ida dunëga kelgan. O‘zbekiston Xalq artisti Hamroqul qori va Rahmon hofizlardan ashula yo‘llari va sahna sirlarini o‘rgangan. Qo‘qondagi «Yosh tomoshabinlar teatri» va Farg‘ona teatrlarida ishlagan.

Drama, musiqali drama va komediyalarda rang-barang obrazlar yaratgan. «Tohir va Zuhra», «Nurxon», «Boy ila xizmatchi», «Qaroqchilar» kabi jami 70 dan ortiq xilma-xil qahramonlar qiyofasini gavdalantirgan. Shuningdek, maqom ustasi, baland avjlarni ham bemalol ayta oladigan kuchli, shirali ovozga egasi sifatida qadrlangan.

Ahmedov repertuaridan «Bu oqshom», «O‘rtar», «Toza lutf», «Bayot-3», «Nasri Uzzol», «Buxoro irog‘i», «Jonimda darmon qolmadi» kabi maqom yo‘llari, ashula va katta ashulalar o‘rin olgan edi.

O‘zbekiston xalq artisti Murodjon Ahmedov 1988 yili Qo‘qonda olamdan o‘tgan. Oltin fondda hofiz ijro etgan 32 ta qo‘shiq saqlanadi.

(Internet materiallari asosida)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring