Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Barcha yo‘llar Vatanga boshlaydi!»: mashhur xonanda bilan suhbat (video)

«Barcha yo‘llar Vatanga boshlaydi!»: mashhur xonanda bilan suhbat (video)

Foto: Xabar.uz

46 yildan so‘ng yoshligiga guvoh majnuntol bilan diydorlashgan xonanda  Ziyod Eshonxo‘jayev bilan suhbat.

Sayr odatim qo‘yarmidim men,

O‘lkam kezib to‘yarmidim men,

Kezmay turib, sayr etmay turib

Uni shuncha suyarmidim men!

Erkin Vohidov

U mudom yo‘lda... Jahongashta san’atkor! Kuy-qo‘shiqlarining ham ohangi-yu, nolasini yurgan yo‘llaridan izlaydi! Go‘yoki, tog‘lar, qir-u, adirlar, daryolar unga yelkadosh, sirdosh. Jannatmakon el farzandi qalbidagi otashni Ona yurti quyoshidan olgan. Tili yo‘g‘-u, qalbi bor gitarasi unga doim hamroh. U qancha ko‘p yurt kezmasin, barcha yo‘llar uni Vatanga boshlaydi! Qo‘shiqlarida kuylaganidek, Vatanda yoshlik bor, yoshlikda esa  muhabbat!   

 Yoshlik yillarini eslamoq uchun san’atkor bilan «Anhor» bo‘yidagi majnuntol ila diydorlashmoqqa yo‘l oldik.  

«Bu oqshom»  qo‘shig‘imni tarixiga keladigan bo‘lsak, o‘shanda 1977 yil edi. Harbiy xizmatdan qaytgan kezlarim. Bu qo‘shiqni dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan inson meni akam – Sharofiddin Eshonxo‘jayev bo‘ladilar. Akam Irrigatsiya institutida badiiy rahbar bo‘lib ishlar edilar. Bir kuni xonalariga kirsam, allanima qoralab o‘tiribdilar. Bilsam, yangi she’rga ilhom kelgan ekan. She’rning qoralama ilk satrlariga ko‘zim tushgan zahotiyoq, kuyi xayolimga keldi. Gitarani oldim-u, she’rni kuyga soldim. She’r ixcham, chiroyli va oddiy yozilganligi bilan e’tiborimni tortgandi. Shu zayl, «Bu oqshom» qo‘shig‘i o‘sha yerning o‘zida yarim daqiqada tug‘ildi. Keyin gapning dangaliga ko‘chib, akamga shu qo‘shiqni talabalar festivaliga tayyorlamoqchiman, aka-ukani hamkorlikdagi ijodi bo‘lardi, agar ruxsat bersangiz, dedim. Festivalga O‘zbekiston televizion qo‘mitasining musiqa bo‘limidan vakillar ham tashrif buyurishgan ekan. «Toshkent taronalari» nomli ko‘rsatuv bo‘lardi.

Musiqa bo‘limi mutaxassislari shu ko‘rsatuv uchun Botir Zokirovning «Arab tangosi», Nargiz Boyxonovaning «Sen bo‘lmasang yonimda» qo‘shiqlari qatorida «Bu oqshom»ni ham uchlikka tanlashganini ma’um qilishdi. Shuningdek, festival qo‘shiqqa klip suratga olishimizga ham sababchi bo‘lib qoldi. 46 yil avval xuddi shu «Anhor» labidagi majnuntol yonida «Bu oqshom»ning klipini suratga olganmiz. Bu qo‘shiqda mening eng gullagan yoshlik chog‘larim muhrlangan. Taqdirni qarangki, qo‘shig‘imni studiyada yozilish kuni otamni yo‘qotgan kunimga to‘g‘ri kelgan... Boshqa kunga qoldirolmasdik, sababi, Germaniyadan kelgan musiqa bo‘yicha mutaxassislar bilan buni avvaldan rejalashtirgan edik va ular o‘z yurtiga tezda jo‘nab ketishlari kerak edi. Studiyaga onamning qistovlari bilan majbur bordim. Qo‘shiqni ilk ijrosidagi dard bir keldi-yu, bir umrga tasmada qoldi. Keyin boshqa hech qachon o‘sha dard bilan kuylolmadim.    

Qo‘shiq klipi uchun  nega aynan «Anhor» bo‘yi tanlanganiga meni aloqam yo‘q. Bu rejissyorning tanlovi bo‘lgan. Bu maskan yoshlar orasida «Oshiqlar bog‘i» nomi bilan mashhur edi. Qolaversa, o‘sha kezlar yoshlarning sevimli filmi – «Sevishganlar» ham shu yerda suratga olinganiga hali ko‘p bo‘lmagandi. O‘sha film haligacha odamlarni xotirasida qolgan. Chunki, filmda mening tengdoshlarim o‘z yoshligini ko‘radilar. Aytmoqchimanki, shu film sabab ham, rejissyor bu joyni sevishganlar obrazi bilan bog‘liqlikda tasavvur qilgandir balki...

Yoshligim shu «Anhor» bo‘yida o‘tgan. Toshkentning «Qorasaroy» degan dahasida o‘sganman. Qarabsizki, mana shu yo‘l shundoq uyimga olib chiqardi. Umuman, hayotim, yoshligim shu yo‘llar bilan bog‘liq.

Bolaligim, yoshligimni eslaganda, odamlarni bir-biriga bo‘lgan do‘stligi, mehr-oqibati yodga tushadi. Bola ko‘nglingiz erkalik qilib, «Amaki suvingizdan bir qultum ichsam, noningizdan ham ozgina ushatib bering, maylimi?» deganingizda, o‘sha begona lekin mehribon amakining suv, non yoniga shirinlik ham qo‘shib berishi manzarasini qo‘msayman. O‘sha davrlar odamlarning bir-biriga bo‘lgan oqibati, hurmati boshqacha edi.

O‘zbek xalqi azaldan mehmondo‘stligi bilan dunyoga ma’lum va mashhur. Ko‘ngli ochiq, qo‘li ko‘ksida. Yer sharini ko‘p joylari, davlatlarida bo‘lganman. Ichimda o‘zbekligimdan faxr tuyib, millatim haqida bir qo‘shiq yaratish istagi hech tinch qo‘ymasdi. Shu tariqa «Men o‘zbekman» qo‘shig‘im dunyoga keldi. Qo‘shiq so‘zlari rafiqamga tegishli.

 Men o‘zbekman, o‘zimga bekman!

 Jannatmakon el farzandi, o‘zimga bekman!

Turmush o‘rtog‘im tibbiyot sohasi mutaxassisi bo‘lsalar-da, ijodda ham doim menga qo‘shkanotlar. Ayolim sa’y-harakatlari bilan qo‘shiqlarim butun jahon aro yangrashini orzulab, Amerikada «Orzular» nomli musiqiy albomimni chiqardik.  

O‘zidan o‘zi kuy, qo‘shiq yozilmaydi. Hammasi g‘oyibdan. Agar Yaratgan  yurakka dardni solmasa, hech narsa sodir bo‘lmaydi. Ota-bobolar tarbiyasi, qolaversa, Vatanga sevgi bo‘lsa, shunday tuyg‘ular tug‘iladiki, beixtiyor kuylar yoziladi. Yegan non-tuzga shukronalik hissi paydo bo‘lgandagina, qalbda  yo‘l ochiladi.

Fransiyada musofirchilikda paytimiz nazarimda, safarimiz cho‘zilib ketgandek bo‘ldi. O‘shanda o‘zimizning yo‘llarni, ko‘chalarni, bozorlarni eslab, sog‘inib ketdim. Bu «Toshkentim» qo‘shig‘im yozilishi oldidan Vatan sog‘inchi edi... Sog‘inmasdan sog‘inch haqida kuylolmaysiz!...

Inson hayoti xuddi yurak urishini ko‘rsatguvchi kardiogrammaga o‘xshash. Axir, baxtiyor kunlar bilan birga sinovli kunlarni ham yashab o‘tmoq umr sharti... Bir kun shunday dilgir kayfiyatda o‘tirsam, ayolim yonimga kelib, «Bilasizmi, men tushukunlikdan chiqish yo‘lini topdim! Yo‘li bitta – mehnat!» dedilar-u, qo‘limga Erkin Vohidovning kitobini tutqazdilar.     

Eskitdan marhum O‘zbekiston xalq shoiri bilan munosabatlarimiz qalin edi. Kitobni ochishim bilanoq, «Yo‘llar» nomli she’r bitilgan sahifa chekimga tushdi. She’rni o‘qiyapman-u, ko‘z oldimda O‘zbekiston, jahon bo‘ylab kezganlarim gavdalandi. «Iya, axir, bu mening hayotim-ku! Xuddi menga atalgandek!...» degan xayol ila she’rda o‘zimni, hayot yo‘limni ko‘rdim va kuylay ketdim:

Yillar osha bir yosh o‘sarman,

Yo‘llar osha bir bosh o‘sarman.

Men sayr etgan gul vodiylarda

Chechaklarga yondosh o‘sarman.

Bog‘lar o‘tgan, qir oshgan yo‘llar...

Shu yerga  kelganda, o‘ylanib qoldim. Buni payqagan ziyrak ayolim «To‘xtang, ana shu joyda avj kerak! Shunaqangi avj bo‘lsinki, odamlar sizni qirdan oshganingizga ishonsin! Ishontiring! Faraz qiling, qir oshib, toqqa chiqyapsiz...» deb ichimdagi topdilar. Sezganimizdek, she’rdagi shu satrlar qo‘shiq avjiga ko‘prik soldi.

Har bir inson uchun eng qadrli palla – uning yoshligi. Umringiz donishmandlik fasliga yetgani sari «O, yoshligim, tark etma meni!» deb hayqirgingiz kelaverarkan. Normurod Narzullayevning shu nomli she’ri «Yoshligim» qo‘shig‘iga ilhom bergan. O‘ylab qarasam, hamma qo‘shiqlarim mavzusi mushtarak ekan.Ularni dard birlashtiradi. Men esa ko‘ngil uchun kuylayman...

1966 yilgi zilzilada 6 yashar bola edim. Hamma jon saqlash bilan ovora. Men bo‘lsam, bag‘rimda gitaramni quchgancha, o‘tiribman. Shu holatim muhrlangan suratim ham bor. Gitaraga sevgim sababi, u bolalikdan menga ovunchoq bo‘lganligadadir balki.. Gitara yurakka yaqin holatda ijro qilinganligi uchun ham menga boshqa musiqa cholg‘u asboblaridan bo‘lakcha aziz. Bugun meni avvalgidan ham ko‘proq o‘ylantiradigan narsa – do‘stlar, yaqinlar diydori, oilam, yurtim tinchligi, insonlar o‘rtasidagi oqibat, sadoqat rishtalari. Qilayotgan ijodimning harorati aslida shulardan taft oladi.

 Ijodiy safarlarim asosan, rok festivallaridagi ishtirokim bilan bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, milliy kuy-qo‘shiqlarimiz, Vatanga bo‘lgan muhabbatim men uchun  har doim ustun turadi! Hayot yo‘llarim san’at ila tutashganligi, meni baxtim! Qayda bo‘lmay, Toshkentimga mushtoqman! Axir, hamma yo‘llar insonni Vatanga, ota uyga boshlaydi!...

Lobar Qobilova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring