Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aziz Nesin Tilingni tiy! (hajviya)

Aziz Nesin Tilingni tiy! (hajviya)

U 1915 yili tug‘ildi. Uyida yig‘lagani qo‘yishmadi. Onasi qo‘lini bigiz qilib do‘q urdi:

– Ovozingni o‘chir!

Kulish ham, yig‘lash ham mumkin emasdi. Otasi ham zug‘um qilardi:

– Jim bo‘l!

Agar uyda mehmonlar bo‘lsa, uni ogohlantirishardi:

– Jimgina o‘tir, shovqin solma!

Agar onasi uyda yolg‘iz qolsa, qulog‘iga quyardi:

– Baqirma, bir pasgina tinchlik bo‘lsin!..

Shu tariqa u yetti yoshga to‘ldi.

 * * *

U maktabga qatnay boshladi. Dars paytida endi og‘iz ochgan ham Ediki, muallim o‘shqirib qoldi:

– Gaplashma!

Uni doskaga chaqirishganda doimo uqtirishardi:

– Sendan nimani so‘rashsa, faqat shu haqda gapir. Ortiqcha javrama...

Shu tariqa o‘n ikki yoshga to‘ldi.

 * * *

U litseyga qatnay boshladi. Birinchi eshitgan gapi shu bo‘ldi:

– Gapirgandan ko‘ra jim o‘tirgan yaxshi!

– Ko‘p javrama!

– Og‘zingni yum!

– Jim bo‘l!

Shu tariqa o‘n to‘qqiz yoshga to‘ldi.

* * *

U universitetga o‘qishga kirdi. Uyda shunday nasihat qilishdi:

– Kattalar gapirganda kichiklar jimgina quloq soladilar.

Onasi tayinladi:

– So‘z – kattadan, suv – kichikdan.

Professor bir kuni shunday dedi:

– Tilingni tiyib yur!..

Shu tariqa yigirma uch yoshga to‘ldi.

 * * *

Harbiy xizmatga chaqirildi. Bo‘linma komandiri buyurdi:

– Jim bo‘l, itvachcha!

Serjant:

– Javrashni bas qil!

Kapitan:

– Og‘zingni ochma!

 * * *

Uni mirshabxonaga chaqirishdi:

– Sendan so‘ralayotgani yo‘q!

Komissar do‘q urdi:

– Jim!

 * * *

U ishga kirdi. O‘rtoqlari barmoqlarini og‘ziga bosib shivirlashdi:

– Ts-s!

– Xudo haqqi, og‘zingni yum! Boshingga bir baloni orttirib olma. Ehtiyot bo‘l!

Boshliqlar ogohlantirib qo‘ydi:

– Har narsaga burningni tiqma!

– Buning senga daxli yo‘q!

– Nima ishing bor?

– Aralashma!

 * * *

Uylandi. Xotini tayinladi:

– Sendan iltimos, har baloga burningni suqma!

Farzandlar tug‘ilib, voyaga yetishdi. Ular aytishdi:

– Ota, bu ishga aqlingiz yetmaydi. Aralashmay o‘tiring!

 * * *

Bu odam – qisman men, qisman siz, qisman hammamiz!

Rivoyat qilishlaricha, o‘tmishda xotinlar pishirayotgan ovqatiga erkaklarning tilini qirqib qo‘yadigan bir og‘u qo‘sharmish. Bizning yemishimizga ham shunaqa og‘u qo‘shilganga o‘xshaydi. Bir qarab ko‘ring-chi, tilingiz bormikin? Biz tilimizni yutib qo‘yganmiz! Og‘zimiz boru ammo tilimiz yo‘q.

 * * *

Mana endi o‘sha qisman menga, qisman sizga o‘xshaydigan odam so‘z erkinligini talab qilib yuribdi. Uning gapirgisi kelyapti.
Ammo unga buyurilyapti:

– Tilingni tiy!

Mening unga shunday degim keladi:

– Gapir! Gapir! Gapirsang-chi! Ammo nima deysan? Qanday gapirasan? Tilimiz bormi o‘zi?..

Shodmon Otabek tarjimasi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring