Navoiy qo‘y boqqanmi? (O‘tmishdan dahshatsiz ertak)
Tohir Malik
Hukmingizga havola etilajak bu voqea hozir uchramaydi. Endi zamon o‘zgacha. Yigirma-o‘ttiz yil avvalgi kunlarimiz esga tushsa, yomon tush ko‘rganday cho‘chib ketamiz: oliy o‘quv dargohiga kirmoq uchun qanchalar azoblar chekkanmiz-a! Qanchalar og‘ir imtihonlardan o‘tganmiz-a! Olamga tatiydigan kitoblarni o‘qib, sinovlarga tayyorlanganmiz-a! Bu azoblarsiz ham bo‘lar ekan-ku, a? Mayli, bu yog‘iga o‘tmaymiz. O‘tmishga mo‘ralaymiz. Maqsadimiz: yoshlar bugungi imtihonlarning qadriga yetishsin. Yoshlar bu bayonimizni o‘qiguday bo‘lishsa, ishonmasliklari aniq. Shu bois, yozganimizni «hangoma» yoki «hikoya» emas, «ertak» deb qo‘ydik...
Bu voqea Amerikadagi chuvalchanglar Angliyaga ko‘chgan yili sodir bo‘lgan edi.
O‘sha yili Dumbultoy maktabni bitirdi-yu «institut» deyilguvchi dargohda o‘qishi zarurligi otasi tomonidan iroda qilindi. Ularning uylarida xotirjamlik hukm surardi. Shu paytgacha varaqlanmagan baxtiyor darsliklar bezovta qilinmasdi. Dumbultoy topshirishi lozim bo‘lgan imtihonlar muallimlar bilan kelishib qo‘yilgandan keyin darsliklarning tinchini buzishga hojat bor ekanmi?
Ammo... sinovlarga ikki kun qolganda Dumbultoyning osoyishta hayotiga bezovtalik suqilib kiray dedi. Tip-tiniq osmonda momaguldirak guldiragani kabi yetkazilgan xabar fojiadan darak bermasa ham, bosh og‘rig‘ini salgina qo‘zg‘ab qo‘yishi mumkin edi. Sinovlarga ikki kun qolganda jug‘rofiya fani o‘rniga adabiyot fanidan imtihon topshirishi shartligi Dumbultoyni ham emas, otasini ham emas, balki o‘rtada turgan dallol yigitning tinchini oldi. O‘pkadagi qurt g‘imirlab qolganday, u halovatini yo‘qotdi. Lekin kallasini yo‘qotmadi. Sinovni boshqaradiganlarning dam yoqasidan kirib, yengidan chiqib dam esa yengidan kirib, yoqasidan chiqib, yeng bilan yoqa oralig‘idagi masofada qilinishi lozim bo‘lgan barcha amallarni bajarib, ishni do‘ndirdi. Ertaga imtihon degan kuni oqshomda shoshilib keldi-yu samovarxonaga otlanib turgan Toyloqqa tayinladi:
– Faqat ko‘p gapirsang bo‘ldi, tinmaysan, javrayverasan.
– Nimani gapiray? – deb ensasi qotibroq so‘radi Dumbultoy.
– Adabiyotchilar sergap bo‘lishadi. Gap orasida bitta-ikkita asarning nomini, yozuvchining ismini eslasang bo‘ldi. Adabiyot o‘qigansan-ku? Birorta asarni bilarsan?
Dumbultoy siz o‘ylaganday chala pishgan dumbulfahm yigitcha emas. Qirq kun avval maktabni a’lo baholar bilan tugatgan odam darsda eshitganlarini darrov unutarmidi? Bir zum o‘ylanib turib, shartta aytib yubordi:
– «Po‘lat qanday olindi?» Tolstoyev asari.
Dallol yigitning adabiyot bobidagi bilimi Dumbultoynikidan qolishmasdi. Adabiyot tarixida «Po‘lat qanday toblandi?» degan kitob borligi, ammo uning Lev Tolstoy o‘limidan ancha keyin yozilganini birov aytmasa, u qayerdan bilsin? Dallol yigit o‘zining fahmini oshkor qilib qo‘ymaslik uchun qoshlarini sal chimirib, o‘ylangan bo‘ldi-da, tanbeh berdi:
– Imtihonda yozuvchining nomini to‘la aytish kerak. Tolstoyevning ismi nima, bilasanmi?
Dumbultoy ham anoyi ekanmi, «hozircha tilga kelganini aytvoray, keyin so‘rab bilib olarman», deb qaror qildi:
– Tolstoyevning oti Oybek-da. Buni hamma biladi-ku?
– Hamma bilsa ham to‘liq aytaver. O‘qituvchining esidan chiqib qolishi mumkin.
Dumbultoy, tavakkal aytganim to‘g‘ri chiqib qoldi-ku, deb quvondi. Dallol esa davom etdi:
– Senga domla «Navoiy va Pushkin» degan qo‘shimcha savol beradi, shuni yaxshilab o‘qib ol, dovdirab yurma.
– Bratan, adam qo‘shimcha savolga kelishmaganmiz, deganlar-ku? – deb ming‘irladi Dumbultoy.
– Endi, uka, o‘qituvchining yonida komissiya o‘tiradi. Qo‘shimcha savolsiz «besh» qo‘ya olmaydi-da!
Dumbultoy peshanasini tirishtirganicha jim turaverdi. Dallol yigit «bola paqirni tashvishga qo‘ydim», deb xijolat bo‘ldi-yu gap chuvalashib, ish buzilmasin, deb tezgina iziga qaytdi. Dumbultoy chindan ham tashvishlanib turardi. Ammo uning tashvishi imtihonda, ayniqsa, qo‘shimcha savolda emas, balki samovarxonada sabzi-piyoz miltillab qaynab turishi lozim bo‘lgan qozonda. Uni «Sadir mijg‘ov ezmalanib, olovni balandlatib yuborsa, oshning rasvosini chiqaradi», degan o‘y qiynoqqa sola boshlagan edi.
Maktab bilan xayrlashar chog‘larida «mustaqil hayotga qadam qo‘yyapsizlar», deb muallimlaridan oq yo‘l tilagini olgan yigitchalar mustaqil hayotga qadamni samovarxonada qo‘ya boshlagan edilar. Dumbultoyning bir oz kech qolgani ularning tanbehi bilan taqdirlandi. «Oshga ham apazdat qilasanmi?» degan savolga «Ertaga imtihon, domlaga uchrab kelyapman», dedi. So‘ng do‘sti Sadirga yuzlandi:
– Sen adabiyotni yaxshi bilasan, «Novvoyi va Pushkin» degani nima o‘zi?
– O‘, barakalla, bu mavzuda yarim kun gapirish kerak, – dedi Sadir, keyin ko‘zlarini yumib, she’r o‘qiy boshladi: – «Menga Pushkin bir jahon-u, menga Bayron bir jahon, lek Navoiydek bobom bor...»
Sadir o‘qiy boshlagan she’rini oxiriga yetkaza olmadi.
– Bobongni qo‘yib tur, bor, osh lanj bo‘lib ketmasin, – dedi jo‘raboshi.
Navoiy va Pushkin masalasi shu zaylda hal etildi. Oshdan keyin qayta so‘rash Dumbultoyning esiga kelmadi. Ertasiga ertalab boshi karaxtroq holda turib, Sadirning gaplarini eslamoqchi bo‘ldi: «Manga Pushkin olam jahon», dedimi? Keyin nimaydi? Ha, «vayron» devdi. Nimani vayron qilishi kerak ekan? – Dumbultoy miyaga zo‘r berib, satrni tiklaganday bo‘ldi: – «Manga Pushkin olam jahon, manga vayrondir jahon...» – Dumbultoy o‘zi tiklagan satrga o‘zi ham ishonqiramay yana o‘ylandi: – Balki «vayron» emas, «ayron»dir? Pushkin degani balki ayron ichgisi kelganda yozgandir buni? «Novvoyi bobom bor», deb gapni chala qildi. Pushkin ayron ichmoqchi bo‘lsa, «quyib berishga Novvoyi bobom bor», demoqchimidi? Unda Novvoyi ayronfurush bo‘ladimi?..»
Dumbultoy uzoq o‘ylashni yoqtirmas edi. «Bir gap bo‘lar», deb shartta qo‘l siltadi-yu imtihonga jo‘navordi.
Dumbultoy uchun uyalish, dovdirash, birovning salobatidan cho‘chish kabi odatlar begona edi. Shu uchun tortinib o‘tirmay, imtihon xonasiga dadil kirdi. Dallol yigitning ko‘rsatmasiga amal qilib, tiliga kelgan so‘zlarni qaytarmay, asosiy savollarga dadil-dadil «javob berdi». Javob berishga navbat kutib o‘tirgan bolalarning hingir-hingir kulgisi e’tiborga olinmasa, uning «javob»lari diqqat bilan tinglandi. Ayniqsa, imtihon komissiyasi a’zosi kiprik qoqmay diqqat bilan eshitdi. Nihoyat, navbat «besh» bahoni ta’minlashi lozim bo‘lgan qo‘shimcha savolga keldi.
– Navoiy va Pushkin... – dedi o‘qituvchi Dumbultoyga hadiksirab qarab. Uning bu qarashida «shoirlarning nomlarini eshitganmikan?» degan qo‘rquv bor edi. – Ularning ijodini qanday o‘rganamiz?
– Nishtyak qilib o‘rganib tashlaymiz, – dedi Dumbultoy javobni hayallatmay. – Shunaqa zo‘r o‘rganib tashlaymizki, ularning o‘zlari ham qoyil qolishadi. «Ko‘rib qo‘y, Pushkin bratan, vaabshe bunaqasi bo‘lmagan», deydi Novvoyi.
Bu javobni eshitgan o‘qituvchining peshanasini alam bilan silashdan o‘zga chorasi qolmadi. «Endi baloga qolishim aniq», degan qo‘rquvda komissiya a’zosiga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. Navoiydan bir bayt, Pushkindan ikki satr she’r aytib berishni so‘rash ortiqcha edi. Dumbultoy esa hali-beri gapni bas qiladigan emasdi. O‘qituvchi o‘zini bosishga, achigan gaplarni toqat bilan tinglashga qanchalik urinmasin, oxiri o‘zini tutolmay, piching bilan savol berib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi:
– Navoiy Pushkinni taniganmi?
Savolni berishga berdi-yu ilonning dumini bosib olganini anglab, rosmanasiga qo‘rqib ketdi. Komissiya a’zosiga yana qarab oldi. Xayriyat, Dumbultoy bu jiddiy savoldan dovdirab qolmadi. Qo‘lini orqasiga qilib, boshini sal yuqori ko‘tarib, javobni tezlashtirdi:
– Novvoyi bilan Pushkin bitta ulfatda bo‘lishgan. Institutda o‘qib yurishganda Novvoyi Pushkinga qarab: «Ke, bratan, bir she’r-per yozayluk», degan. Pushkin «Xop, okaxon», degan. Xullas, u-bu yozib, gazitga yuborishgan. Shunaqa qilib statyalari chiqib turgan. Keyin zo‘r shoir bo‘lib ketishgan.
O‘qituvchi Dumbultoyni so‘zdan to‘xtatish maqsadida komissiya a’zosiga qarab, «savolingiz bormi?» deb so‘radi. Komissiya a’zosi gapga chechan bu bolaga mahliyo bo‘lib o‘tirgan edi. O‘qituvchining murojaatidan so‘ng dovdiratib tashlaydigan savol bermoqchiday bir o‘ylanib oldi-da, Dumbultoyga qattiq tikildi:
– Ayting-chi, birodar... ular qo‘y boqishganmi?
Bu savol xonadagi barchani, hatto Dumbultoyni ham gangitib qo‘ydi. Qoyil qolish kerakki, birinchi bo‘lib Dumbultoy o‘zini qo‘lga oldi va yanada dadil gapira ketdi:
– Rosayam boqishgan-da! – shu payt uning yodiga kecha samovarxonada Sadir aytgan satr tushdi: – Ular ayron ichishni yaxshi ko‘rishgan. Serka degan qo‘chqorlarini oyilari sog‘ib, ayron qilib bergan.
– Kimning oyisi, aniqroq ayting? – dedi komissiya a’zosi.
– Pushkinning oyisi-da! U yoshligida kolxo‘zda sut sog‘uvchi bo‘lib ishlagan.
Komissiya a’zosi «ma’qul» deb bosh irg‘ab qo‘ydi. O‘qituvchi uning qulog‘iga shivirladi:
– Javoblari durust, a? «Besh» qo‘yamizmi?
– «Besh»ga sal tortmay turibdi. Javobda bitta xato qildi, – dedi komissiya a’zosi. – «Serka» degani qo‘chqor emas, echki bo‘ladi.
O‘qituvchi ajablanib turdi-da, yana pichirladi:
– Navoiy bundan besh yuz qirq yil muqaddam yashagan zot. U davrlarda qo‘y «serka» deb atalgan. Chunki «serka» she’riy qofiyaga yaxshi tushadi. Akademik Rubenning asarlarida bu alohida qayd etilgan.
– Buni men ham bilaman, – dedi komissiya a’zosi qoshini chimirib. – Men bugungi kun nuqtai nazaridan aytyapman. Umuman... sizga qo‘shilaman. Bunaqa yigitlarga faqat «besh» qo‘yish kerak.
Dumbultoy imtihonni topshirdi-yu tashqarida kutib turgan og‘aynilariga shunday hisob berdi:
– Dogovor bitta bo‘lsa ham u nomardlar ikkita qo‘shimcha savol berishdi. Rosayam qiyin ekan. Ammo qiyib tashladim. Churq etolmay qolishdi, – Dumbultoy komissiya a’zosining savoliga bergan javobi to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga o‘zi ham gumonda edi. Gumonini aniqlashtirish uchun Sadirdan so‘radi: – Novvoyi qo‘y boqqanmi?
Sadirga bu savol g‘alati tuyuldi. Dumbultoy hazillashyapti, deb o‘ylab, hazil bilan javob berdi:
– Yo‘q, u mol boqqan. Hozir ham uncha-muncha boqib turadi.
Ilova: Har bir ertakning nihoyasida bo‘lgani kabi Dumbultoy ham murod-maqsadiga yetibdi. Biroq komissiya a’zosining qo‘shimcha savol bergani barcha uchun sir bo‘lib qolaverdi. Bu sirdan faqat kaminagina voqif. Agar qiziqsangiz, bayonni erinmay o‘qiganingizning mukofoti sifatida sizga aytishim mumkin: komissiya a’zosining familiyasi Masoliyev, asosiy hunari zootexnik bo‘lib, markaziy imtihon komissiyasi kotibasining xatosi tufayli adabiyot muallimi Mirsoliyevning o‘rniga yuborilgan edi. Adabiyot muallimi qayerda edi, deysizmi? Qayerda bo‘lardi, bo‘lajak mol do‘xtirlari unga zoologiyadan imtihon topshirishayotgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter