Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Antiqa garov (hajviya)

Antiqa garov (hajviya)

Mustahkam oila siri nimada, degan savolga, «er xotinining qilayotgan ishlarini ko‘rmasligi-yu, xotin erining qilmishlarini eshitmasligida», degan ekan bir aqlli odam. Bu gapni ikki qo‘limni baland ko‘tarib tasdiqlagan holda «va zinhor bazinhor garov o‘ynamaslikda», degan bo‘lardim. «Nima-nima? Garov qayoqda-yu, oila qayoqda?» – deganday bo‘ldingizmi? Bu savolingizga shaxsan o‘zim boshdan o‘tkazgan mana bu voqeani eshitganingizdan keyin javob topasiz, azizlarim.

Hammasi oddiygina garovdan boshlandi. Bir korxonada ishlaydigan do‘stim Peshinboy bilan to‘tiqush haqidagi multfilmni ko‘rib, avvaliga boshqalarning gapini aynan takrorlaydigan to‘tiqushning ustidan mazza qilib kuldik. Keyin «To‘tiqush bo‘lib yashashdan osoni bormi, kim nima desa shuni takrorlaysan, bosh qotirib o‘tirmaysan», deb unga havas ham qildik. «Balki shuning uchun ham uch yuz yil yashar», deb xulosayam chiqardik.

Suhbatimiz qizigandan-qizib:

– Kel, biz ham to‘tiqush bo‘lib yashab ko‘ramiz. Kimki to‘tiqushlikni buzib, boshqalarning gapini takrorlamay, odamga o‘xshab javob qaytarsa, bitta katta ziyofat qilib beradi, – degan garov bilan yakun topdi.

Qo‘l tashlashib, o‘yin boshlanganini tasdiqlashdik.

Ertasiga ertalab xonamizga kirgan kotiba qizning:

– Xo‘jayin kechagi topshiriqlari bajarilgan-bajarilmagani bilan qiziqyaptilar, – degan savoli javobsiz qoldi.

Peshinboy menga ko‘z qirini tashlab, indamay ishini davom ettirdi.

Qizning ensasi qotib:

– Nima balo, garangmisiz? – dedi.

Peshinboy «miq» etmay, yana menga ko‘z qirini tashladi. Men unga ko‘z qisib, havoda qo‘llarimni ziyofat yeyayotgandek qilib ko‘rsatdim.

Shu payt qizning:

– Nega indamaysiz, Peshinboy aka? Ha-mi, yo‘qmi? – degan savoliga javoban do‘stim:

– Nega indamaysiz, Peshinboy aka? Ha-mi, yo‘qmi? – deb javob qaytarsa bo‘ladimi!

Qiz vajohat bilan yelkasini qisgancha:

– Yo, tavba, jinni bo‘ldingizmi, nima balo? – dedi.

Peshinboy esa:

– Yo, tavba, jinni bo‘ldingizmi, nima balo? – deb uning gapini so‘zma-so‘z qaytardi.

Qizning:

– E, boring-yey, hazilingiz qursin! – degan gapiga javoban esa:

– E, boring-yey, hazilingiz qursin! – degan javob yangradi.

 Qizning qay ahvolga tushganini o‘zingiz tasavvur qilavering! U yugurgancha xonadan yig‘lab chiqib ketdi. Oradan bir daqiqayam o‘tmay, huzurimizga naq boshliqning o‘zi tashrif buyurdi. U salom-alikni nasiya qilib, Peshinboyga qarata:

– Menga qarang, nega ish paytida maynavozchilik qilyapsiz? – degan savoliga

– Menga qarang, nega ish paytida maynavozchilik qilyapsiz? – degan javobni eshitib qotib qoldi.

– Hazilni bas qiling!

– Hazilni bas qiling!

– Hey bola, adabingni berib qo‘yaman!

– Hey bola, adabingni berib qo‘yaman!

– Hoziroq ko‘zimga ko‘rinma, yo‘qol!

– Hoziroq ko‘zimga ko‘rinma, yo‘qol!

Bu dahanaki jang yaxshilik bilan tugamasligiga ishonchim komil edi, shunday bo‘ldi ham. Boshliq o‘sha kuniyoq majlis chaqirib, Peshinboyning pattasini qo‘liga tutqazdi. Hujjatlarini ko‘targancha indamay chiqib ketayotgan Peshinboyga boshliq alam bilan:

– Hali yonimga tiz cho‘kib, yalinib kelasan! – dedi.

– Hali yonimga tiz cho‘kib, yalinib kelasan! – dedi Peshinboy ham bo‘sh kelmay.

«Shunday og‘ir vaziyatdayam garovda yutqazmading. Yaramas, mahkam ekansan», dedim men ichimda.

Kechqurun uyda xotinim bilan televizor ko‘rib o‘tirsak, telefon jiringlab qoldi. Go‘shakdan Peshinboyning ovozi eshitildi.

– Qalaysan? – dedi.

Men ham:

– Qalaysan? – dedim so‘zma-so‘z takrorlab.

U:

– Jonim, men seni sevaman, – dedi.

Men ham:

– Jonim, men seni sevaman, – deyishga majbur bo‘ldim.

Gaplarimizni hayrat bilan tinglab turgan xotinimning qulog‘i «ding» bo‘ldi. Go‘shakdan endi:

– Xotinimni o‘lguday yomon ko‘raman! – degan ovoz eshitildi.

– Xotinimni o‘lguday yomon ko‘raman! – dedim men ham ovozim titrayotganini sezdirmay. Ammo rangim o‘chgani o‘zimgayam bilindi. Xotinimning rangi ko‘karib ketganini ko‘rib, og‘zim qiyshayishiga sal qoldi. Ammo ziyofat qilib berishim kerakligini eslab, tezda o‘zimni qo‘lga oldim. Go‘shakdan kelayotgan ovoz esa endi qulog‘imga:

– Baribir undan ajrashib, senga uylanaman! – deb kirdi

Men ham noiloj:

– Baribir undan ajrashib, senga uylanaman! – deya takrorladim.

Kamiga Peshinboyning alam va nafrat bilan aytgan:

– Jonim, sevgilim, azizam... – degan so‘zlariniyam takrorlashga to‘g‘ri keldi. Telefondagi sevgi izhori tugamasidan ham avval, xotinimning sabri tugadi. Shu bilan birga oilaviy hayotimiz ham...

Shu onda go‘shakdan:

– Qalaysan? – degan xitob yangradi.

Men ham pinagimni buzmay:

– Qalaysan? – dedim-u, tamom bo‘ldim.

Xotinning qahri yomon bo‘larkan... U meni nafaqat uydan haydadi, balki ishimdan ham haydatmagunicha tinchimadi. Lekin ko‘chada qolib ketganimiz yo‘q. Shu kunlarda do‘stim ikkalamiz bir qurilishda ishlayapmiz.

Zambilda shag‘al, qum tashish uchun:

– Qani, ko‘tar! – deydi Peshinboy menga.

– Qani, ko‘tar! – deyman men unga.

– Battar bo‘l! – deydi u

– Battar bo‘l! – deyman men.

Xullas, hozircha ikkalamiz ham garovda yutqazganimizcha yo‘q!

Tuhfa Nazarova tarjimasi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring