Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adabiyot yo‘nalishida «nobel»chilar qanday tanlanadi? A’zam Obid javob beradi

Adabiyot yo‘nalishida «nobel»chilar qanday tanlanadi? A’zam Obid javob beradi

A’zam Obid avvalroq Nobel sohiblarini yurtimizga taklif qilgan edi.

Kecha, 5 oktyabr kuni norvegiyalik yozuvchi va dramaturg Yun Fosse adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Tanlov qo‘mitasi Yu.Fosse «o‘z asarlarida gapirish huquqidan mahrum bo‘lganlarga so‘z bergani»ni alohida qayd etgan.

Xo‘sh, ushbu nufuzli mukofotga adabiyot yo‘nalishidagi nomzodlar qay tartibda saralanadi? Taniqli tarjimon va shoir, Butunjahon she’riyat harakatining (WPM) O‘zbekistondagi koordinatori A’zam Obid Telegramdagi kanalida ushbu savolga batafsil javob bergan.

Unga ko‘ra, Shvetsiya akademiyasi hamda tuzilishi va maqsadi bo‘yicha unga o‘xshash boshqa ilmiy muassasa va jamiyat a’zolari, universitet va kollejlarning adabiyotchi va tilshunos professorlari, ma’lum mamlakatlardagi mualliflar jamiyatlari prezidentlari hamda avval adabiyot sohasidagi Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan ijodkorlar tegishli qo‘mitaga mukofot uchun nomzod tavsiya qilish huquqiga ega.

An’anaga muvofiq, sentyabr oyida adabiyot bo‘yicha Nobel qo‘mitasi mukofotga nomzod tavsiya etish huquqiga ega shaxslarga taklifnoma yuboradi.

Nominatsiyalar yuborish fevral oyida tugaydi. To‘ldirilgan nominatsiya shakli kelgusi yilning 31 yanvariga qadar qo‘mitaga yetib borishi shart. Shundan so‘ng qo‘mita nominatsiyalarni ko‘zdan kechirib, akademiya tasdig‘i uchun ro‘yxat taqdim etadi.

Aprel oyida o‘tadigan boshlang‘ich muhokamada 15-20 nafar, may oyidagi yakuniy muhokamada esa 5 nafar eng yaxshi nomzod tanlab olinadi.

Iyun–avgust oylarida akademiya a’zolari final bosqichiga chiqqan ijodkorlarning asarlarini o‘qib baholaydi. Shuningdek, har bir nomzod ijodi haqida individual hisobot tayyorlanadi.

Akademiya a’zolarining sentyabr oyidagi yig‘inida nomzodlar erishgan yutuqlar yakuniy tarzda muhokama qilinadi. Nihoyat, oktyabr oyida laureatning ism-sharifi e’lon qilinadi. Nomzod ovozlarning yarmidan ko‘pini olishi lozim. Taqdirlash marosimi esa 10 dekabr kuni Stokholm shahrida bo‘lib o‘tadi.

Laureatlarni tanlab olishga Shvetsiya akademiyasi mas’ul sanalib, uning 18 nafar a’zosi mavjud.

Adabiyot sohasidagi Nobel qo‘mitasi nominatsiyalarni baholovchi hamda tavsiyalarni Shvetsiya akamediyasiga taqdim etuvchi 4-5 a’zodan iborat.

«Nobel jamg‘armasi nizomiga ko‘ra, mukofotga tavsiya etilgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’luomotlarni ommaga yoki alohida shaxslarga oshkor qilish 50 yil davomida cheklanadi. Bu cheklov tavsiya etgan va tavsiya etilganlarga, shuningdek, mukofotlash bilan bog‘liq tekshiruv va fikrlarga ham tegishlidir», – deb yozadi A.Obid.

Xalqaro loyihalarda faol qatnashib kelayotgan ijodkor «O‘zbeklar ichidan adabiyot sohasida Nobel mukofoti sohibi chiqishi mumkinmi?» degan savolga ham javob berar ekan, «Alloh taqdiriga yozgan bo‘lsa negayam chiqmasin!» deydi.

«Ammo taxmin qilish mumkinki, hozirgi qoloq adabiy jarayon, xalqaro adabiy hamkorlik, tarjimachilik va ijodkorning dunyo ijodkorlari va umuman dunyo bilan bo‘ylashishga urinishining ahvoli o‘ta qoniqarsiz bo‘lgani bois O‘zbekistondan laureat hali-veri chiqmaydi», – deb hisoblaydi A.Obid.

Unga ko‘ra, nufuzli mukofotni olish uchun faqat yaxshi yozish yetarli  emas.

«Mahalliy qobiqqa o‘ralib qolish va asaridan avval ijodkorning o‘zi dunyoga chiqib, o‘quvchilar bilan hech yo‘q ingliz tilida ravon so‘zlashishga tayyor emasligi yana bir katta to‘siqdir», – deb ta’kidlaydi ijodkor.

A’zam Obid o‘nlab mumtoz va zamonaviy o‘zbek ijodkorlari asarlarini ingliz tiliga tarjima qilib chop ettirgan. O‘zbek she’riyati va nasridan qilgan tarjimalari Buyuk Britaniya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, AQShda kitob holida hamda bosma nashrlarda bosilgan. U O‘zbekistonda ilk bor «Xalqaro yozuvchi va rassom rezidensiyada» ijodiy turizm loyihasiga ham asos solgan.

A.Obid UzLAB dasturi doirasida Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan ijodkorlar – O‘rxon Pomuq, Herta Myuller va Mo Yanni yurtimizga taklif qilgan.

Ijodkor avval ham milliy adabiyot va san’atni rivojlantirish borasida salmoqli taklif va tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring