Abdulla Oripov...1979-yil yohud dengizdagi voqea
Men xalqimizning ardoqli shoiri, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov bilan tanishganimda hali talaba edim. O‘shandan boshlab bu buyuk inson, benazir shoir bilan ustoz-shogird, aka-uka bo‘lib yurdik. U kishining ko‘plab yangi she’rlarining ilk eshituvchilaridan, ayrim she’rlarining yozilish jarayoniga guvoh bo‘lganimdan baxtiyorman.
Ustoz bilan tongotar suhbatlar qurganimiz, g‘oyat teran fikrlaridan hayratlangan chog‘larim xotiramda muhrlanib qolgan. Keyinchalik Abdulla aka bilan turli nufuzli anjumanlar, yig‘ilishlarda ishtirok etdik, uzoq-yaqin safarlarda bo‘ldik. Ana shu jarayonlarda har xil ibratli, qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Shulardan birini e’tiboringizga havola qilishga jazm etdim.
1979-yilning iyun oyida Ozarbayjonda O‘zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasi bo‘ldi. Unda yuzdan ziyod o‘zbekistonlik shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, olimlar ishtirok etdi. Men dekadani yoritish uchun «O‘zbekiston madaniyati» gazetasining muxbiri sifatida (fotomuxbir Sodiq Mahkamov bilan) qatnashdim.
Dekada juda yuqori saviyada tashkil etilgan edi. O‘zbekiston va Ozarbayjon yozuvchi va shoirlari, san’atkorlari besh guruhga bo‘linib, Ozarbayjonning barcha rayonlarida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mehmonlar Bokudagi bir necha mehmonxonaga joylashgandi. Biz – yosh ijodkorlar, jurnalistlar «Boku» mehmonxonasida edik.
Uch-to‘rt yosh Ozarboyjon shoirlari Abdulla Oripov bilan suhbat uyushtirishimizni iltimos qildi. Norasmiy, dildan suhbatlashsak, deyishdi. Zero, bu paytda Abdulla Oripov ijodi Ozarbayjonda ham mashhur bo‘lib ulgurgan edi.
Bu taklifni Abdulla akaga aytgandik, u kishi rozi bo‘ldi. Bir oqshom «Boku» mehmonxonasida suhbat tashkil etdik. Abdulla aka ozarboyjon shoirlaridan she’rlar eshitdi, o‘z fikrlarini bildirdi. Ularning iltimosiga binoan o‘zining yangi she’rlaridan o‘qidi. So‘ngra Nizomiy, Fuzuliy, Nasimiy, Sobir, Vurg‘un haqida, ularning ijodi asnosida ozarboyjon xalqining tarixi to‘g‘risida misollar bilan shunday so‘zladiki, shoirlarning og‘zi ochilib qoldi. Nizomiy, Fuzuliy, Nasimiy, Samad Vurg‘un she’rlaridan o‘qidi. Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviyni ustoz bilgan, Muhammad Fuzuliy esa Alisher Navoiyni ustozim degan.
Boborahim Mashrab bilan Imodiddin Nasimiyning maslak-matlabi bir bo‘lgan, G‘afur G‘ulom bilan Samad Vurg‘un qadrdon edi, deb ikki qardosh xalq tarixi, madaniyati, adabiyoti, ijodkorlarning hamkorligi borasida hayratli misollar keltirdi. Bir zum o‘yga toldi-da, «bitta qog‘oz ber», dedi. Cho‘ntagidan ruchka olib, nimalarnidir yoza boshladi. Biz jim o‘tirdik. Men sekin ko‘z qirimni tashladim. She’r tug‘ilayotgan edi. Ruchka qog‘oz uzra yo‘rg‘alashdan to‘xtadi. Shoir yosh ozarboyjon shoiri Siyovush Sarxonliga qaradi: «Bobakni bilasanmi?» dedi. Siyovush kutilmagan bu savoldan gangib turgandi, Abdulla aka o‘zi javob berdi: «U Vatan ozodligi uchun kurashgan, bizning Muqanna kabi». Ruchka yana qog‘oz yuzida harakatini davom ettirdi. Xona jimjit. Biz bir-birimizga so‘zsiz termilamiz. Shoir jadal yozdi, yozdi, o‘chirdi, yana yozdi... Ruchkani stolga qo‘yib, o‘yga toldi. Xonada hamon jimlik hukmron. Shoir yana yoza boshladi.
Qancha vaqt o‘tdi, bilmayman, bir soatmi, ko‘pmi-kammi... Bir mahal hozirgina yozgan qog‘ozlarini qo‘liga olib, bizga yuzlandi: «Eshitinglar». O‘qiy boshladi:
Xayol oti bilan kezgil har yonni,
Topmassan bundayin xushbaxt bir onni.
Muhr etdi dillarga tarix inchunin,
Qadim qondoshlikni – oliy ehsonni.
E’zozlab turibdi ko‘tarib boshga,
Bu kun ozar eli O‘zbekistonni.
So‘ylasin ming yillik mo‘ysafid tarix,
Bu do‘stlik bilganmi shubha, gumonni?
O‘zbekman, anglamay qayoqqa bordim,
Shu inja ozariy tilni, zabonni.
Do‘stlik bu – muhabbat yanglig‘ farahkim,
Bilgay u na hadni va na dovonni.
Asli Muqannaga qiyos etgulik,
Bobakning qalbidan toshgan tug‘yonni.
Nizomiy bolidan halvo pishirmush
Navoiy zabt etib turkiy jahonni.
Bir lahza qo‘lidan qo‘yganmi o‘zbek,
O‘zing ayt, Fuzuliy bitgan devonni?
Azizim, dilimda asrab yuribman,
Nasimiy qoldirgan sobit imonni.
Vurg‘unning she’ri deb jon cheksa o‘zbek,
Ozar ham ayarmi G‘afurdan jonni?
Men senday mezbonni topmog‘im gumon,
Sen ham topolmassan menday mehmonni.
Sen bilan kechmishning jangohlarida
Birga taniganmiz yaxshi-yomonni.
Tarix-ku, muhtasham yodgordir oliy,
So‘ylayin shu kunni, ayni shu onni.
Qondoshlik tug‘ini ko‘tarib kushod,
Tavob etmoqdamiz gulgun makonni.
Hazar kosa bo‘lsin, ya’ni, jomi Jam,
Sipqargil, sharaf-la davru davronni.
Mavjud bo‘lmasaydi dunyoda agar,
O‘ylab topar edim Ozarbayjonni.
Abdulla aka she’rni o‘ziga xos ohang, shiddatu shijoat bilan o‘qidi-da, atrofga qarab, «qalay?!» dedi. Shu birgina so‘zda «qoyil qildimmi, boplabmanmi?» degan teran ma’no bor edi. Hammamiz shoirni olqishladik. Abdulla Oripov mamnun jilmaydi. Bir piyola choy ichdi-da, ozarboyjon qardoshlarimizga she’rning mazmunini tushuntirib berdi.
Abdulla Oripovning mashhur «Ozarbayjon» she’ri ana shunday yaratilgan edi.
O‘sha suhbatda qatnashgan yosh ozarboyjon shoirlari nihoyatda mamnun bo‘lib ketishdi. Keyin ham ular bu suhbatni qayta-qayta eslab, Abdulla akadan minnatdor bo‘lib, u kishi bilan suhbatni tashkil etganimiz uchun bizga ko‘p tashakkur bildirishdi.
Dekadaning oxirgi kuni mezbonlar mehmonlarni «Ozarbayjon» teploxodida Kaspiy dengizidagi Nefttoshlar shaharchasiga sayohatga olib borishdi. Bu shaharcha Bokudan 150 kilometr ichkarida bo‘lib, u yerda neftchilar yashar ekan. Tasavvur qiling, 150 kilometr ichkariga ketdik. To‘rt tomon suv. Odamni vahima bosadi. Biz – yoshlarga kayuta yo‘q, shu bois ochiq palubada edik.
Dengizni, charillab bir-birini quvlayotgan chorloqlarni tomosha qilib o‘tirgandik, Abdulla aka ko‘rinib qoldi.
— Nima qilyapsan bu yerda? – dedi menga.
— Bahri Hazarni tomosha qilib o‘tiribman, – dedim.
— Qaysi kayutadasan?
— Bizlarga kayuta yo‘q, – dedim.
— Iye, nega yo‘q? – ajablandi Abdulla aka.
U kishining kayfiyatini buzmaslik uchun xotirjam gapirdim:
— Kayuta shart emas, Abdulla aka. Qaytanga shu yer yaxshi. Dengiz havosidan bahramand bo‘lib, tomosha qilib ketamiz.
Ustoz ma’nodor qaradi:
—Oldin ham dengizda yurganmisan?
— Yo‘q, – dedim. – Birinchi marta chiqishim teploxodga.
— Ko‘rinib turibdi... – Abdulla aka kuldi. – Dengiz kasalini bilasanmi? O‘rganmagan odamga ta’sir qiladi. Qon bosimini ko‘tarib yuboradi, burundan qon ketishi mumkin. Shuning uchun uzoq masofaga suzganda kayutada o‘tirgan yaxshi... Bu yerga har zamon chiqib, bir oz tomosha qilib o‘tirsa bo‘ladi, – u yonimda turgan sumkamga ishora qildi. – Ol bularingni, men bilan yur.
Men xijolat bo‘ldim.
— Zarari yo‘q, Abdulla aka, shu yer...
— Gapni ko‘paytirma, yur... Bizning kayutaga boramiz... Bir ozdan keyin bu yerda konsert bo‘ladi, o‘shanda chiqamiz.
Abdulla Oripov bilan Erkin Vohidov bitta kayutada ekan. Men bir soatlar chamasi ikki ustozning suhbatidan bahramand bo‘ldim. So‘ngra konsert tomosha qilgani palubaga chiqdik. O‘zbek va ozarboyjon san’atkorlari ijrosida juda go‘zal konsert bo‘ldi... Atrofda bir parcha bo‘lsin quruqlik ko‘rinmaydi, faqat suv, suv. Bahri Hazar chayqalib yotibdi. Quyosh charaqlab turibdi. Beshik-beshik to‘lqinlarni yorib borayotgan «Ozarboyjon» teploxodida galma-gal o‘zbek va ozarboyjon kuy-qo‘shiqlari yangraydi. Ta’rifga so‘z ojiz. O‘sha paytdagi quvonch, hayajon qalbimga mangu muhrlanib qolgan, desam mubolag‘a bo‘lmas...
O‘shanda Abdulla aka shogirdlariga har doim, har joyda mehribon va g‘amxo‘r ekaniga yana bir bor amin bo‘lganman.
Darvoqe, Bokudan qaytganimizdan keyin bir hafta davomida burnim qonab yurdi. Shunda Abdulla aka aytgan dengiz kasali shu bo‘lsa kerak, deb o‘yladim...
Mamatqul Hazratqulov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter