O‘z joniga qasd qilish kasallikmi? (video)
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har 40 soniyada bir kishi o‘z joniga qasd qilar ekan. So‘nggi vaqtlarda nafaqat xorijiy mamlakatlarda, balki O‘zbekistonda ham kimdir o‘zini osib qo‘ygani yoki yoqib yuborgani haqidagi xabarlar qulog‘imizga chalinmoqda. Xo‘sh, nega o‘z joniga qasd qiluvchilar ko‘paymoqda? Nega insonlar o‘zlariga berilgan bebaho boylikdan voz kechishga urinmoqda?
Zarifboy Ibodullayev, Tibbiyot fanlari doktori:
– O‘z joniga qasd qilishni kasallik ham deb bo‘lmaydi. O‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan odamni vaqt o‘tib, shu odam o‘zini-o‘zi o‘ldiradi deb ayta olmaysiz. Olimlarning izlanish natijalariga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganlar ikki turga bo‘linadi. Birinchisi – tantanavor tarzda o‘z joniga qasd qiluvchilar. Ikkinchisi – yashirin tarzda o‘z joniga qasd qiluvchilar.
Ko‘pchilik insonlar o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan odam cho‘kib-cho‘kib boradi, deb o‘ylashadi. Yo‘q! Qani endi shunday bo‘lsa, biz doktorlar buni oldindan aniqlay olardik. Misol uchun, bir qiz o‘z joniga qasd qilishdan bir kun oldin dugonasining to‘yiga borgan bo‘ladi. Hatto, to‘yda maza qilib o‘ynaydi ham. Lekin erta tongda qiz o‘zini-o‘zi osib qo‘ygan bo‘ladi. Komaga tushgan odamni qaysidir ma’noda o‘ladimi yoki qoladimi aytish mumkin. Ammo o‘z joniga yashirin tarzda qasd qilmoqchi bo‘lgan odamni aniqlab bo‘lmaydi.
Depressiyani boshidan o‘tkazgan ayol:
– Ko‘pchilik depressiyani yengish mumkin deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, depressiyani yengil turlari ham bor. Lekin shunday depressiyalar bo‘ladiki, unga tushib qolgan insonni hech kim, hech narsa ovuta olmaydi. Bu tibbiyotda qanday nomlanadi bilmayman, lekin men buni «chuqur depressiya» deb atayman. 29 yoshimda tug‘ruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirganman. Ungacha men «stress» va «depressiya» nima ekanligini bilmas edim. Bu holatda ruhiyatingizda o‘zingiz xohlamagan jarayon kechadi. Bu asab bilan bog‘liq. Yo‘qchilik, yetishmovchilik, bolalarning ketma-ket betob bo‘lishi meni ruhiy tomondan juda qiynagan. Men ijobiy his-tuyg‘ularimni yo‘qotib qo‘yganman. «O‘zimdagi quvonch, umid qani? Ular qayerga ketdi», degan savolga doim javob izlaganman.
Sizdagi ijobiy hissiyotlar yo‘qolganidan so‘ng, ularni o‘rnini qora hissiyotlar egallab oladi. O‘shanda menda depressiya ikki barobar kuchayib ketgan edi. O‘ylagan sarim, miyam charchardi. Odamlarga yaxshi gapiraman, ularga kulib turaman, hamma qatori insonman. Lekin do‘zax mening qalbimga joylashib olgan. Sizni hech narsa ovuta olmaydi. Hatto, farzandlaringiz ham!
Bu jarayon juda chuqurlashib ketsa, odamda yig‘loqilik kuchayadi. Ichingizda kechayotgan jarayonni hech kimga tushuntira olmaslikni anglab yetasiz. Biz qayerda xato qilamiz, nega o‘z joniga qasd qilishlar kuchayadi? Chunki biz depressiyaning yuzi yo‘q ekanligini anglab yetmaymiz.
Zarifboy Ibodullayev, Tibbiyot fanlari doktori:
– Kambag‘al davlatlarda suitsid ko‘p uchraydimi yoki boy davlatlarda? Ayrimlar qashshoq mamlakatlarda o‘z joniga qasd qilish ko‘p uchraydi, deb o‘ylaydi. Lekin statistik ma’lumotlarni qarasangiz, rivojlangan mamlakatlarda o‘z joniga qasd qilish ko‘p. Masalan, Janubiy Koreya, Kanada va Yaponiyada. U yerda psixologik vakuum tufayli odamlar o‘z joniga qasd qiladi. Ayniqsa, bu mashhur aktyorlar orasida ko‘p uchraydi. Ular o‘zidagi psixologik vakuumni so‘ndirish uchun yo giyohvandlikka ruju qo‘yadi yoki o‘zini nobud qiladi. Keyin juda katta badavlat odamlar pulidan ayrilsa, suitsidga qo‘l uradi.
O‘z joniga qasd qilish fikri insonda men ongi shakllanganidan keyin, taxminan, 14 yoshlarda vujudga kela boshlaydi. Bundan 10 yil oldin huzurimga Samarqandda o‘zini osib, tirik qolgan 11 yoshli bolani olib kelishdi. Bolaning ota-onasi, oilaviy holati, hammasi yaxshi. Men bu bolaning nega o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganining sababini topa olmadim. Keyin uydagilarining aniqlanishicha, u bola ko‘p qo‘rqinchli, o‘z joniga qasd qilishga undaydigan filmlar tomosha qilar ekan.
Hozirda bu narsa talabalar orasida ko‘p uchramoqda. Bu yerda institutdagi o‘qituvchilarni ham ota-onalarni ham aybi bor. Talabalarning ruhiy barqarorligi sust bo‘lib ketmoqda. Hozirgi talabalar bilan o‘tirib gaplashsangiz ruhiy holati 14 yosh bolaning ruhiy holatiga o‘xshaydi. Tasavvurimda bundan 30 yil oldingi yigitlar yo‘qdek.
Bir kuni dekanatga kirib qoldim. Dekan talabani qattiq koyib turgan ekan. Bir ozdan so‘ng talabani otasi ham keldi. Ota bolasini shunaqangi urishmoqdaki, bola qo‘rqqanidan qotib qolib, gapira olmay qoldi. Otalar «qo‘lingdan bir ish kelmaydi» deb bolasini urishaversa, bola ruhiy nogiron bo‘lib o‘sadi.
Depressiyani boshidan o‘tkazgan ayol:
– O‘z joniga qasd qilishni ko‘proq yoshlar orasida kuzatilishiga sabab – ularda tajriba kamligi. Yoshlar depressiyani meni kim ham tinglardi, deya yashirishga harakat qiladi. Har qanday odam «men depressiyaga tushib qoldim, vaqti kelib bu holatdan chiqib ketaman», demaydi. Depressiyaga tushgan odam bu davrning o‘tkinchi ekanligini anglashi lozim. Axir, odam butun umr yashagisi kelmay yasholmaydi. Chunki biz yashash uchun dunyoga kelamiz. Aslida yashashdan maqsad ham shu.
Ko‘pchilik odamlar o‘z jonidan to‘yganidan yoki muammolardan qutulish uchun o‘z joniga qasd qilmoqda, deb o‘ylaydi. Yo‘q. Men shu holatni o‘z boshimdan o‘tkazgan odam sifatida aytamanki, bu narsalar ikkilamchi bo‘lib qoladi. Odam miyasidagi o‘zi xohlamagan fikrdan qutilish uchun o‘z joniga qasd qiladi. O‘zi istamagan fikr qalbiga og‘riq berayotgani uchun shu ishni qilishi mumkin. Muammo va yetishmovchiliklar miyasidagi fikr oldida ojiz bo‘lib qoladi. Unga faqat atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlovi yordam beradi.
Sardor Ali suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter