Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Rahmat sizga, yaxshi odamlar!

Rahmat sizga, yaxshi odamlar!

Yer o‘qini yaxshiliklar tutib turgandek tuyuladi gohida. Garchi, har kuni eshitayotgan, o‘qiyotgan xabarlarning ko‘pi dilni xira qilgudek – o‘g‘irlabdi, uribdi, aldabdi, o‘ldiribdi... «Yaxshi-yaxshi gaplardan yozmaysizlarmi...» dedi kimdir. Xo‘sh, o‘zingiz yaxshiliklardan ayting-chi, deyman nishonni o‘ziga qaratib.

Ayol yaxshilikka sug‘orilgan voqeani gapirib berdi. Ezgulik ko‘rgan odamlar minnatdorligini keyin ham tinglagim keladigan bo‘ldi. Bugun ana shu suhbatlarni jamladim.

Shoira Islomova, 3 farzandning onasi:

– Yakkasaroy tumanining «Qushbegi» mahallasidanmiz. 9 qavatli uyning 4-qavatida yashaymiz. Bu voqea o‘n yilcha avval sodir bo‘lgan. O‘g‘lim o‘shanda 4-5 yoshli edi. Bola tushga yaqin uxlab qoldi. Uyg‘ongunicha ustidan qulflab, birpasga do‘konga chiqib kelmoqchi bo‘ldim. Nima bo‘lsa, o‘sha 15-20 daqiqa ichida yuz bergan. O‘g‘lim uyg‘onibdi va eshikni ocholmagach, balkonga chiqqan. Balkondan pastga tushmoqchi bo‘lgan. Temir panjaradan bitta oyoqchasini oshirgan. Shuncha bir yo‘lovchi ko‘rib qolib, birinchi, ikkinchi qavatdagi eshiklarni taqillatgan, onam ham shu uyda yashaydilar, ularni topganlar. O‘sha yigitga ham rahmat.

Lekin eng muhim ishni pastdagi do‘konda yaqinda ish boshlagan yordamchi yigit bajargan.Tezkorlik bilan balkonlar, panjaralar, quvurlardan oshib bizning balkonimizgacha chiqqan va o‘g‘limning oyoqchasini ichkariga itarib yuborgan. U yigit 4-qavatgacha qanday chiqqan, bilmadim... Bu orada onam kvartira eshigini ochgan, o‘zim ham yetib kelganman.

O‘sha yigitchaga minnatdorlik bildiraman deb pastga tushdim, u do‘konda, mazasi bo‘lmay, o‘zini bilmay yotar edi... Aslida o‘zi kasalmand ekan, shunda ham jasorat bilan bolamni qutqarib qolgan, pastga tushgandan keyin, hayajoni vujudiga qattiq ta’sir qilgan.

Bir-ikki kun o‘tgach, do‘konga yana kirdim, rahmat aytmoqchi edim. Ishdan ketibdi...

O‘g‘lim hozir 14 yoshda. Farzandlarim sog‘lom, barkamol ulg‘ayayotganidan xursandman. Endi o‘zim ham kichiklarimni 5 daqiqaga ham yolg‘iz tashlab ketmayman. Oilamiz bilan hamon o‘sha bolamni qutqargan insonga rahmat aytgim keladi. Uni duolar qilamiz. Bizdan qaytmasa, Allohdan qaytsin, deymiz.

Ismini oshkor qilishni istamagan jurnalist yigit:

– Ancha vaqt oilaviy yotoqxonada yashadik. Bitta o‘zim ishlayman, bolalarim hali yosh. Ukamni uylantiradigan bo‘ldik. To‘yga o‘g‘lingni ham qo‘sha qol, dedilar otam. Kutilmagan gap bo‘ldi. Bir kuni yotoqxonadan chiqib ketayotgan edim, navbatchi Oysha opa (ular almashib turishardi) hol-ahvol so‘radi.

«Qarz izlab borayapman» dedim, lekin undan qarz so‘raganim yo‘q edi. «Manda pul bor. Shunday turibdi, ishlatasiz, qaytarib berasiz». Hech kutmagan edim. U bor-yo‘g‘i biz yashayotgan yotoqxonada 3 kunda bir navbatchilik qiladigan opa edi. Birga uyiga bordik, opasiga berib qo‘ygan ekan. Opalari 900 dollar chiqarib berdi. O‘shanda 900 dollarga bemalol to‘y o‘tqazsa bo‘lardi. Katta yordam bo‘ldi. Hech bir kafolatsiz, foizsiz, qog‘oz-qalamsiz opa ishonib ana shuncha pulni bergan edi. Eng muhimi, pul deb hech kimga sarg‘aymadim. To‘yni xursandchilik bilan o‘tkazib oldik.

Keyin men ta’til puli, gonorarlar, u-bu qilib, yig‘ib-yig‘ib buncha pulni to‘plagunimcha bir muddat o‘tdi. Orada opa yotoqxonadan ishdan bo‘shab ham ketdilar. O‘sha pul olgan uyni izlab borib qo‘llariga topshirdim, rahmat aytdim. Oysha opa shu orada biror marta eslatmadi ham. Bu opaning menga bo‘lgan ishonchidan, deb o‘ylayman, meni 3-4 yildan buyon bilardi. Oysha opaning yaxshiligini bir umr unutolmayman.

Saodat (ismi o‘zgartirildi):

– Ko‘chada qoldim. Kim kimu, yolg‘iz ayolni uysiz qolgulik qilmasin. Ota-onamning uyida men va bolalarim yashashi uchun sharoit desammi, istak desammi yo‘q edi. Chunki, o‘shanda ishsiz ham qolgandim.

Ijara uy topdim, oila bilan bir hovlida yashash noqulay bo‘lsa ham arzonroq edi. Ikki-uch oy yashadikmi-yo‘qmi, ayoli shifoxonaga tushdi, bu xonadonda qolishim mumkin emasdek tuyuldi.

Keyin boshqa xonadondan joy topdim, pulini vaqtida to‘lolmadim. Samarqandda ham ijara uy arzon emas. Uy izlab yurganimda baxtimga tibbiyot kolleji o‘qituvchisi Zebiniso Himmatovaga duch keldim. Ular opam bilan bir maktabda o‘qigan ekan, men esa hayotimda birinchi marta ko‘rib turishim edi. Zebiniso opa «O‘zingiz foydalangan kommunal to‘lovlarni to‘lab borsangiz bo‘ldi» dedilar.

Chog‘roqqina hovli, o‘rtada bittagina gilosi bor edi. Har yili bolalarim to‘yib gilosxo‘rlik qilishardi. Yaqin bo‘lsak ham biror marta kelib gilosni terib olaylik degani yo‘q, biror marta kelib «Ijara puli to‘lamaysizmi» degani yo‘q. Talabalar mahallaga kelib ijara uyi izlab yurishardi. Ularni opaga yo‘naltirganlar bo‘ldi. Lekin opa ham, turmush o‘rtog‘i ham bo‘sh xonalarda sizlar bilan talabalar ham yashasin, demadi.

To‘rt yil yashabmiz o‘sha fayzli hovlida. O‘rtada ishim yaxshi bo‘lib ketdi, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydim, halol pulimga olgan bir xonali uyga ana shu hovlidan ko‘chib chiqqanman. Bir xonali uy ikki xonali bo‘ldi, so‘ngra, bolalarim biroz ulg‘aygach uchastka ko‘tardik. Men ana shu insonlarni tez-tez eslayman. To‘g‘ri, dunyo tashvishlari bilan bo‘lib uzilib ketdik. Lekin xayolan mana shu oiladan minnatdor bo‘lishdan charchamayman.

Aziza opa, Samarqand shahridan:

– Uyimiz yonardi. Yaqindagina ko‘chib kirgan uyimiz. Bolalarim menga qo‘shilib yig‘lardi, lekin hech narsa qilolmasdik. «Yong‘inni o‘chirish» mashinalari yetib keldi. Ammo bor-budimiz kuyib bo‘lgandi. Odamlar tarqalayotganda, kech tushayotgandi, kuz emasmi, salqin tushib egnim junjuka boshladi. Ustimga bir nima olaman, deb o‘ylashning o‘zi mantiqsiz edi, hech narsa qolmagandi.

Qo‘shni yahudiy ayol o‘zining ustidagi yap-yangi anchayin qimmatroq jemperini shunday yechdi-da, mening yelkamga tashladi. Keyin shu ayolmi, boshqalarmi, bolalarimga ham nimalardir berishdi.

Biz ko‘chib kelgan «Sharq» mahallasida yahudiylar yashab kelgan va ular birin-ketin ko‘chib ketayotgan paytlar edi o‘shanda. Uch-to‘rt kunda uylarni epaqaga keltirganimizda, yana o‘sha ayol «mana bu gilam baribir sotiladigan, ketamiz-ku axir, qachon qo‘lingga pul tushsa berarsan» deb bizlarni gilamli ham qilgandi.

Yong‘in bo‘lgan paytda xo‘jayinim endigina Koreyaga ketgandilar. Shukur, ular ishlab pul jo‘natib turdilar, kam-ko‘stimiz bitdi, uch o‘g‘limizga bir xil qilib imorat ko‘tardik, ularni uylantirdik, qizimizni chiqardik. Lekin o‘sha yelkamga tashlangan jemper bilan qo‘shib berilgan mehrni hamon unutolmayman. Yahudiy qo‘shnimiz oilasi bilan o‘shandan ko‘p o‘tmay Isroilga ko‘chib ketdi. Ular bilan xabarlashib turamiz. Har gal rahmat aytgim keladi.

Sirdaryolik ayolning hikoyasi:

– Shirin shaharchasida yashaymiz. Shahar ichkarsidan katta kanal o‘tadi. O‘tgan yili shu ariqqa bir o‘smir qizgina ehtiyotsizlik tufayli tushib ketdi. Kanal to‘lgan, suv toshqin payti. Bir pasda qiyda-chuv bo‘lib qoldi.

Qiz oqayotgan hudud shundoqqina harbiylar shaharchasi yonida. Qayerdandir bir necha harbiy yigit yetib keldi-da, ko‘prik ustiga chiqib nimalarnidir kelishib olishdi shekilli, darrov ko‘prikka osilgan holda bir-biriga «zanjir» bo‘lib bog‘lanishdi. Eng yuqorida baquvvatrog‘i serjant Asror Xolmatov (faqat shuni tanirkanman), keyin undan yengilrog‘i, so‘nggisi, uchinchisi, qo‘llari suvga tegadigan chaqqonrog‘i silkinib-silkinib oqib kelayotgan qizni ilib oldi. Avvalo shu yigitlarni tarbiyalagan ota-onalariga rahmat. Aslida qiz oqib borayotgan hududning ham, voqeaning o‘zining ham harbiylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxli yo‘q. Baraka topishsin, bir insonning hayotini qutqarib qolishdi.

Farrux Aliyev, rejissyor:

– Doniyor aka degan kishini taniyman. Bu inson Hajga boraman deb yiqqan mablag‘iga bir musofir yigitni uylantirib qo‘ydi. Yigit o‘z uyini ko‘targuncha esa istiqomat uyini berib qo‘ydi.

Abdulaziz Solihov:

– Rahmatli Nozim aka 47 yoshda olamdan o‘tdi. Ular bir umr Hajni orzu qildilar. Lekin atrofida yordamga muhtoj odamlarni ko‘rib, avval ularga ko‘maklashishni lozim bildi. Kimgadir uy olib berdi, kimga davolanishi uchun mablag‘ berdi. 2020 yilda Nozim aka koronavirus bilan og‘rib, Zangiota shifoxonasiga tushdi. O‘pkaga o‘tib ketgan ekan, hayotdan ko‘z yumdi. Alloh rahmat qilsin.

Mehri opa:

– Sog‘lom ulg‘ayayotgan, o‘ynab-kulib yurgan nabiram birdaniga qo‘l-oyoqlari tortishib, falaj bo‘lib qoldi. Tildan ham qoldi. Bolani olib to‘rt tomonga yugurdik. Foydasi yo‘q edi. Hindistonda operatsiya qilsa, yaxshi bo‘ladi, deyishdi. Surishtirsak, Hindistonga borish-kelish, davolatish, hamrohlik uchun juda katta pul kerak ekan. Uyni sotaylik desak, bir uyda 3 ta o‘g‘lim oilasi bilan yashaydi. Shunda mahalla-kuy, bizni bilgan-bilmaganlar pul jamg‘arishdi. Amakilari safarga chiqishdi. Shukur, Hindistonga ham bordik, birinchi operatsiyamiz muvaffaqiyatli o‘tdi. O‘zi yemay, o‘zi ichmay shu go‘dak uchun pul ajratgan odamlarga boshim egilguncha rahmat, deyman.

Kamola Jumayeva, hamshira:

– Tumandan kelib shaharda ishlash oson emas. Yo ijara uy daxmazasi va yoki soatlab avtobusda qatnashga chidashing kerak. Men qo‘l ostida ishlagan shifokor Oysha Shoniyozova hech kim qilmagan, qarindoshlar ham qilishga ikkilanadigan bir yaxshilik qildi. O‘sha paytlar shahardan propiskangiz bo‘lmasa uy sotib olib bo‘lmasdi. Ular o‘z uylariga propiskaga qo‘ydilar, mahallaqo‘mga olib borib dalolatnoma tuzdirdilar. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar. Opaning yordami bilan 2 xonali uyli bo‘ldim. Baraka topsinlar opa! Hozir sevimli jamoamda yaqindan qatnab ishlayapman.

Hilola Ro‘ziyeva, uy bekasi:

– Ketma-ket uch qiz tug‘ilgach, oilada bu borada hech kim gapirmasa ham, negadir albatta o‘g‘il tug‘ishim kerak, degan xayolda bo‘ldim. Har safar homilador bo‘lganimda, UZIga boraman, qiz deydi, abort qildiraman. Vrachning oldidan yana «Qiz» degan gapni eshitib xayolchan qaytgan paytimda qayinopam kelib qoldilar. «Abortga boraman» deganimda qizishib ketdilar. «Ayollar ana shu abortlar tufayli yomon kasallarga chalinishni bilmaysizmi? Uvol-savobni-chi?» yana allambalolarni gapirdilar. Xullas, ikkovlon boshqa bir UZIchiga bordik. Qizig‘i, bunisi o‘g‘il dedi. Ikki soat orasidagi gap bu. Endi lol qolgandim. Keyingisi adashayotgan bo‘lsa-chi? Oxiri, qaynopam «qiz bo‘lsa, o‘zim olaman» dedilar. Xotirjam bo‘lib bolani dunyoga keltiradigan bo‘ldim... Umidjon hozirda 15 yoshda. Qayinopamdan minnatdorman.

Minnatdorchilik izhorlarini hali yana davom ettirish mumkin. Aslida ezgulikning katta-kichigi bo‘lmaydi. Bilsangiz, bitta tabassum ham yaxshilik. Kimgadir yo‘l bersangiz ham yaxshilik. Tinglasangiz ham yaxshilik. Bo‘lmaganda yomonlikni ravo ko‘rmasangiz ham yaxshilik. Lekin birovga yaxshiligingiz boshqaga zarar evaziga bo‘lmasin. Yaxshilik qildingiz, uni yaxshilik ko‘rgan odam gapirsin. «Men falon yaxshilik qildim» degan soniyada amalingiz savobi ham qolmaydi. Ezgulik evaziga ta’maga moyil bo‘lsangiz, yaxshilik qilmay qo‘ya qoling.

Yaxshilik... Bu qanday yaxshi so‘z-a... Rahmat Sizga, yaxshi odamlar!

Siz ham kimdandir yaxshilik ko‘rganmisiz? Ularga rahmat aytgingiz kelayaptimi? Istasangiz mavzuni davom ettiramiz. «Xabar.uz» telegram botiga (@xabargayoz_bot) yozing, ovozli xabar jo‘natsangiz ham mayli.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring