Dinara Mo‘minova: Kichkina bolaga berilgan telefonning zarari tutqazilgan pichoqdan ham xavfli (2-qism)
Bolalar adabiyoti, bolalar kutubxonalariga oid mavzu qancha yoritilsa shuncha oz. Koreyada yashasa-da O‘zbekistonda ahvoli nochor bolalar adabiyoti rivojlanishi uchun jon kuydirayotgan Dinara Mo‘minova bilan suhbatimiz birgina maqolaga sig‘madi, shuning uchun suhbatni qolgan joyidan davom ettiramiz…
– Bolalar adabiyoti bo‘yicha qaysi mamlakatni eng yaxshisi yoki yetakchi, deb o‘ylaysiz?
– Bunga faqat sub’yektiv fikrimni aytishim mumkin. Men uchun shaxsan bolalar adabiyoti bo‘yicha eng oldinda ketayotgan mamlakatlar bu Skandinaviya mamlakati va Janubiy Koreya mualliflaridir. Ularda chiqayotgan kichik yoshdagi va o‘smirlarga mo‘ljallangan kitoblar men uchun har tomonlama ideal hisoblanadi. Bu kitoblar bolaning ruhiyati, qiziqishlari, neyrofiziologiyasiga shu qadar moski, hech bir o‘quvchini befarq qoldira olmaydi. Undan tashqari, har bir o‘quvchining ko‘nglidagi minglab hissiyotlarni uyg‘otib, qalbdagi savollarga javob bera oladi.
(Suratlar Dinara Mo‘minovaning facebook sahifasidan olindi)
– Nega bolalar rasmli kitoblarni qayta-qayta o‘qishni istashadi. Rasmli kitoblarni o‘qish shunchaki uni tomosha qilish faoliyati bilan bir xilmi?
– Rasmli kitoblar bolani kitobga mehr qo‘yishida, kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda ilk va muhim bosqich hisoblanadi. Bola qanchalik erta rasmli kitoblar amaliyotlariga jalb etilsa, u shunchalik oson kitobxonlikka mehr qo‘ya oladi. O‘zbekistonda rasmli kitob maktabi mavjud emas. Unga oid ilmiy ishlar izlaganman, Yozuvchilar uyushmasidagilar bilan suhbatlashganman, lekin bizda rasmli kitoblar haqida ilmiy izlanish yoki tadqiqotlar mavjud emas. O‘zim «Til va Adabiyot» jurnalida bu borada maqolalar yozganman, yaqinda yana biri chiqish arafasida. Rasmli kitob fenomeni ilmiy o‘rganilishi kerak. Bugun bu dolzarb masaladir.
– O‘zbekiston PIRLS bo‘yicha oxirgi o‘rinlarda ekanligi bolalarning intellektual salohiyati rivojlanishiga qanchalik to‘sqinlik qiladi va bu tashvishlanarli holmi?
– Bu juda ham tashvishlanarli holat, lekin bu natija kutilgan edi. Shaxsan men unga hayron bo‘lganim yo‘q. Chunki kichik yoshdan «reading comprehence» ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratilgan amaliyotlar mavjud bo‘lmaganda PIRLSdan yuqori natija olib bo‘lmaydi. Intellektual salohiyat deganda biz bugun tanqidiy fikrlash, kommunikatsiya ko‘nikmalari, tasavvur qilish yoki kreativlikni tushunadigan bo‘lsak, aynan kitobxonlik bu ko‘nikmalarni rivojlantirishda o‘ta samarali instrumentlardan biri hisoblanadi. Kitob mutolaasisiz biz ongi yuqori xalqni tarbiyalay olmaymiz. Tanqidiy fikrlash qobiliyati bo‘lmagan bolaga va bu ko‘nikmaga ega bolaga bir xil materialni bersangiz, ular uni ikki xil qabul qiladilar. Shuning uchun kichikligidan o‘qish amaliyotlariga ega bo‘lmagan bolalar keyinchalik ham qancha bilim olmasinlar yuqori natija ko‘rsata olmaydilar. Inson qanday kasb egasi bo‘lmasin uning tafakkur qilishi rivojlangan bo‘lishi kerak. Kitob o‘qib, uning matnini tushunib, matnning asosiy g‘oyasini sug‘urib chiqarishni bilish PIRLS natijasining oshishiga olib keladi. Buning uchun albatta kitob kerak va kitob amaliyotlari aynan maktabgacha bo‘lgan davrdan boshlanishi darkor. Chunki aynan shu davrda bolalar bilan rasmli kitob muhokama qilinayotganida yuqorida aytgan ko‘nikmalarga asos solinadi.
– Ota-onalar sizga eng ko‘p beradigan savol.
– Bolamni qanday qilib telefondan kitobga «o‘girsam» bo‘ladi? Men doim bir xil javob beraman. Besh yoshli bolaning qo‘liga pichoq berib qo‘ymaymiz-ku, chunki o‘ziga zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Telefonning zarari 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun pichoqnikidan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Uyni kitob bilan to‘ldirib tashlash va kitob o‘qishni birgalikda quchoqlashib, kulishib o‘qishdan boshlash kerak.
foto: Pressfoto
Men ota-onalar uchun 15 daqiqalik eksperiment yasab berganman. Samarasi yuqori.
– Keling o‘sha eksperiment bilan bo‘lishamiz…
– Bajonidil, bolasini telefon yoki kompyuter o‘yinlaridan ajrata olmayotganlar, ushbu 15 daqiqalik eksperiment siz uchun. Ushbu eksperimentni bolasi 8 yoshgacha bo‘lgan har bir ota-ona qilib ko‘rishi mumkin. Amalda qo‘llangan!
EKSPERIMENT
Shanba kuni bolangizga uning eng yaxshi ko‘rgan va sog‘ingan taomini yoki shirinligini pishirib berasiz. Sotib olmaysiz, aynan o‘zingiz pishirib berasiz va u pishirayotganingizni bilishi kerak.
Taom yoki shirinlik pishgach bolajoningizni dasturxonga chaqirasiz. U bilan birgalikda kulishib mazza qilib taomni yeysiz. So‘ng taom tufayli yuzaga kelgan yaxshi kayfiyat ila bolangizga syurpriz ko‘rsatasiz. Syurpriz esa biron kitob bo‘ladi. U bunga munosabatini bildirishiga ulgurmay, u bilan hozir zo‘r o‘yin o‘ynashingizni aytasiz.
O‘yin: Kitobning kichik parchasini qiziqarli tarzda bolangizni quchoqlagan holda o‘qiysiz yoki rasmlarga qarab aytib berasiz. Bolaning yoshiga qarab o‘qilgan matn bo‘yicha unga kulgili yoki qiziqarli savollarni berasiz. «Nega ayiqning rangi bunaqa?», «Ayiq kuchlimi yoki filmi?», «Zumrad bugun yashaganida unga nima sovg‘a qilarding?», «Senda ochil dasturxoning bo‘lsa, unda nima bo‘lishini istarding?», «Uchar gilaming bo‘lsa, qayerga birinchi bo‘lib ucharding?», «Sehrli qalpoqchang bo‘lsa, kimdan bekinib olarding?», «Sholg‘omni yana qanday qilib tortib olishimiz mumkin?», «Nega baliqning qulog‘i yo‘q, bor bo‘lsa qayerda?»... kabi savollar berib bolaning har qanday javobini hurmat qilgan holda turli mavzularni muhokama qilasiz. So‘ng bolangizni yana bir bora quchoqlab uni o‘ynagani qo‘yib yuborasiz. Kitob bilan o‘tkazilgan vaqt 15 daqiqadan oshmasligi kerak! So‘ng barchasini yakshanba kuni qaytarasiz. Agar farzandingiz ikkita yoki uchta bo‘lsa, bu jarayon yanada qiziqarli va kulguga boy bo‘ladi.
Hafta davomida kitob haqida gapirmaysiz, shunchaki uyga yangi kitoblardan keltirib qo‘yasiz. Dam olish kunlari yuqoridagi jarayonlarni yana qaytarasiz. Bir muddat o‘tgach dam olish kuni bolangizning o‘zi oldingizga kitob ko‘tarib keladi.
– Facebookdagi sahifangizda AQShdagi bolalar kutubxonasining rivojlanishiga hissa qo‘shganlar qo‘llab-quvvatlanishi va bizda esa aksincha, yurtdoshimiz Saida Rashidova loyihasining e’tiborsiz qoldirilgani bois chipakka chiqqani haqida gapirib o‘tgan ekansiz...
– Ha, o‘zi mamlakatlarda bolalar kitobxonligi rivojlanishiga doim biron faollar sababchi bo‘ladi. Lekin faollarning o‘zining kuchi yetmaydi, ularni davlat qo‘llashi kerak. AQShda Yella Lepman bo‘lgan, u ham boshida kichik bir konferensiya tashkil qilishdan boshlagan, lekin davlat va tashkilotlarning ko‘magi tufayli bugun u konferensiya IBBY nomli dunyo bolalar adabiyotini rivojlantiruvchi nufuzli tashkilotga aylandi. Bolalar adabiyoti o‘z-o‘zidan rivojlanadigan soha emas. U davlat dotatsiyasida, moliyaviy imtiyozlarga ega bo‘lib, davlat miqyosida targ‘ibot qilinishi kerak bo‘lgan sohadir. Bolalar adabiyoti rivojlanishi bu katta investitsiya. Bugun davlat shu sohani rivojlantirishga investitsiya qilsa, natijasi ertaga emas, balki bir necha yillardan so‘ng o‘ta yuqori ongli avlodlar yetilishida namoyon bo‘ladi. Bu esa ilm-fan rivojlanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Buyuk kelajakni faqat bolalar qura oladilar, degan ekan Yella Lepman.
– Bolalar kitoblariga o‘zingiz surat chizasizmi?
– Men o‘zim pedagogman, rasm chizishni Flavia Drago, Isabel Tomas, Sole Otero kabi bolalar illyustratorlaridan o‘rganganman. Bundan tashqari, Koreyada rassom Park Jixe ustozim bor. Kitoblarimga rasmlarni ular bilan maslahatlashgan holda chizganman. Ba’zi kitoblarimda bir rassom bilan ishlayman, u Janubiy Koreyada oliy san’at maktabi talabasi, Koreyaning ko‘plab mukofotlari sovrindori.
–Amazon.comda kitoblaringizning eng ko‘p xaridori kimlar?
–Amazon.comda kitoblarim asosan AQShda xarid qilinadi. Ba’zida Kanada va Yevropada. AQShdagilar bolalar adabiyoti qadrini tushunadilar. U yerda bolalar adabiyoti targ‘iboti boshlanganiga sal kam bir asr bo‘lgan. O‘zida kitoblari bisyor bo‘lishiga qaramay, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmati tufayli o‘zbek tilidagi bolalar adabiyotlariga ham qiziqish ko‘rsatadilar.
– Bugun siz o‘zbek bolalari uchun qanday adabiyotlar tarjima qilinishi kerak deb o‘ylaysiz va yoki e’tibordan chetda qolayotgan asarlar qaysilari?
– Bugun biz barcha, yana bir bora qaytaraman barcha jahon adabiyoti bolalar kitoblarini tarjima qilinishiga ehtiyojimiz bor. Ular orasidan dinimizga, madaniyatimizga zid keladiganlarini olib tashlasak bo‘lgani, barchasiga zormiz. Agar tanlash kerak bo‘lsa, u holda jahon durdonalaridan, klassik adabiyotlaridan va nufuzli tanlovlar g‘oliblaridan boshlash lozim. Faqat bolalar adabiyotini tilni biladigan tarjimonlar emas, balki aynan bolalar adabiyotini tushunadigan tarjimon mutaxassis yozuvchilar tarjima qilishlari kerak. Misol uchun buyuk Kiplingni, buyukligida undan qolishmaydigan Marshak tarjima qilgan. Eng muhimi, eng kichik yoshdagi bolajonlar uchun yaratilgan rasmli kitoblar ham qolib ketmasligi kerak. Bizda «Yosh kitobxon» tanlovi ham 10 yoshdan katta bolalar uchun mo‘ljallangan. Bu nima degani? Bu juda katta muammo degani. Chunki bolalar kitobxonligi 10 yoshda emas, chaqaloqlikda boshlanadi. Fikrini ayta oladigan yoshdagi bolalar uchun kitobxon tanlovlarini uyushtirish lozim. Men har yili o‘z hisobimdan «Kichik ijodkor» tanlovini o‘tkazib boraman. O‘tgan yili g‘oliblariga «Akademnashr» nashriyoti o‘z kitoblaridan qo‘shimcha qilib sovg‘a qilishgan. Tanlovda aynan kichik yoshdagi bolajonlar qatnasha oladilar. Bola kichikligidan ijodkor bo‘lish mazza ekanini his eta olishi kerak.
– Bolalar uchun yozilgan qaysi asarlarni qiynalib o‘qiysiz yoki o‘qigingiz kelmaydi?
– Yaqinda ijtimoiy tarmoqda 5 yoshli bola Navoiy she’rini xohlamay yoddan aytib berayotganini ko‘rib achinib ketdim. Bu holat bolani Navoiydan ham, kitobxonlikdan ham bezdirib qo‘yadi. Navoiyga yetib borish yo‘li juda uzoq. Kattalarning ham Navoiyga yetishi oson emas. Bolaning yoshiga mos bo‘lmagan kitobni berish kitobdan bezillatishning eng oson yo‘lidir. Keyinchalik bunday bolalar kitob o‘qisa ham mazza qilganidan emas, balki qo‘rqqanidan o‘qiydi. Qo‘rquv bilan qilingan har qanday ishning natijasi salbiy bo‘ladi. Men bolaning qalbida tug‘iladigan savollarga javob bera olmaydigan kitobni o‘qigim va bolalarga tavsiya qilgim kelmaydi. Nasihatga boy kitoblarni o‘qigim kelmaydi. Nasihat bolani tarbiyalamaydi. Bolaga holat ko‘rsatilishi kerak, u qiziq bir holat bilan tanishib kerakli xulosalar chiqargan bo‘lsa, o‘zgaradi. Kimdir unga nasihatni o‘qigani uchun emas. Nasihat psixologik jihatdan befoyda narsa. Bola kitobga refleksiya qila olishi kerak, ya’ni o‘zini qahramon o‘rnida ko‘rishi va shu yo‘l orqali muallif istayotgan g‘oyani anglashi kerak, nasihat yoki qissadan hissani emas. Shunday kitoblarni o‘qigim ham kelmaydi, birovga tavsiya ham qilmayman.
– Bolalar adabiyotini rivojlantirish yo‘lida charchamang, yana bir bor mazmunli va juda kerakli bo‘lgan suhbat uchun tashakkur.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter