Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xodim bir yilda qanchagacha mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin?

Xodim bir yilda qanchagacha mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin?

Savol: qonunchilikka ko‘ra, xodim bir yilda qancha ta’til olishi kerak?

MK 217-moddasiga ko‘ra, har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil etadi. Ya’ni mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday tashkilot budjet yoki xususiy tashkilotmi xodimga kamida 21 kalendar kun haq to‘lanadigan ta’til berishi shart.

Ayrim toifa xodimlarga, masalan, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarga, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga esa kamida 30 kalendar kun haq to‘lanadigan ta’til beriladi.

Bundan tashqari, qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida xodimlar uchun qo‘shimcha ta’tillar ham nazarda tutilgan.

Masalan, MK 220-moddasiga ko‘ra, xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun bo‘lgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi.

Savol: men hozir «dekret tatili»daman. Farzandim bir yoshga to‘lganida o‘z ishimga qaytmoqchiman. Ish beruvchining menga «hozir bo‘sh joy yo‘q», degan vajni keltirishga haqi bormi?

MK 405-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.

Ayolga uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham beriladi.

Bolani parvarishlash ta’tillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillarning ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga qo‘shiladi, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shib hisoblanadi.

Demak, e’tibor bering bolani parvarishlash ta’tillari davrida Sizning ish joyingiz (lavozimingiz) saqlanadi. Shuningdek, Siz bemalol istalgan vaqtda ishingizga qaytishingiz mumkin. Masalan, 3 yil bola parvarish ta’tiliga ariza yozib, istasangiz 3 kundan so‘ng ham ishga chiqishingiz mumkin. Ish beruvchi sizga bo‘sh joy yo‘q deyishi g‘ayriqonuniy hisoblanadi. Bundan tashqari, MK 408-409-moddalariga ko‘ra, homilador va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar qisqarishga ham tushmaydi

Savol: men 10 aprelda boshqa ishga o‘tganman. Endi noyabrda «dekret»ga chiqaman. Shunda menga necha foiz «dekret puli» chiqadi?

Ma’lumot uchun, 4 nafar 12 yoshga yetmagan farzandlarim bor. Davlat tashkilotidagi jami ish stajim 7,5 yil.

MK 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-son qaroriga ko‘ra, 12 oydan ko‘proq tanaffusdan so‘ng mehnat faoliyatini qaytadan boshlovchi xodimlar uchun dekret puli 75 foiz to‘lanishi belgilangan.

Demak, yangi ishga kirib to‘liq 12 oy ishlamagan xodimlarga «dekret puli» 75 foiz to‘lanadi.

Bolani parvarishlash ta’tilidan chiqish va mehnat faoliyatini tiklash boshqa-boshqa narsa. Ularni chalkashtirmaslik lozim. Ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan paytdan boshlab (MK 127-moddasi) 12 oydan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa, ayol homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdorini 100 foiz olish huquqiga ega.

Izoh: mehnat huquqiga oid savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring