UzTest: Piskent laboratoriyasiga navbat olish tizimida sun’iy ravishda yuklama oshirilyapti

Ijtimoiy tarmoqlarda Piskent tumanida joylashgan laboratoriyaga navbat olish jarayonlarida muammolar kuzatilayotgani hamda avtomashina egalarining 10 million so‘mgacha xarajat qilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Jumladan, shunday xabarlarning birida 27 mart kuni holatiga 12 aprelgacha bo‘lgan navbatlar to‘lib bo‘lgani, kechki 12:00 da ochilgan elektron navbatlar 20 soniyadayoq tugab bo‘lgani aytiladi.
«O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi» DM ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan elektromagnit moslashuvchanlik laboratoriyasi bugungi kunda 100-120 ta avtomobil sinovlarini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Laboratoriya 24/7 shaklda faoliyat olib bormoqda, shu jumladan, bayram kunlarida ham ishlashda davom etadi.
Hozirgi vaqtda korrupsiyaviy holatlarni oldini olish maqsadida M1 toifadagi transport vositalarining muvofiqligini baholashga navbat olish «my.gov» portali orqali amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 20-25 mart kunlari elektron navbat olish tizimiga ayrim IP manzillardan to‘xtovsiz juda ko‘p so‘rovlar jo‘natish, sun’iy ravishda tizimda yuklamani oshirish va elektron navbatlarni egallash harakatlari kuzatilgan.
«Hozirda mutaxassislari bilan birgalikda navbatga olish elektron tizimi yanada takomillashtirilmoqda, himoya vositalarini joriy qilish ishlari olib borilyapti», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter