Toshkent viloyatida o‘quvchilar suvdan zaharlandi: 5 nafari shifoxonada qolmoqda
Bir muddat oldin Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktabning o‘quvchilari suvdan zaharlangani va hozirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Olmaliq shahar bo‘limida faoliyat yurituvchi mas’ullardan iborat ishchi guruh holatni o‘rganayotgani aytilgan xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ham rasmiy ma’lumot berib, hodisaning ayrim tafsilotlarini ochiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari maktab hududidagi filtrlanmagan suv iste’mol qilishi natijasida sog‘lig‘idan shikoyat qilib, joriy yilning 15-sentyabr kunidan 19-sentyabr kuniga qadar, jami 12 nafar o‘quvchi o‘tkir ichak kasalligiga gumon qilinib, shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, hozirda maktab o‘quvchilarining sog‘lig‘i ijobiy bo‘lib, ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilgan.
Holat yuzasidan SSV Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilib, suvdan, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil uchun namunalar olingan.
Hozirda holat yuzasidan Olmaliq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter