Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasi kuchaytirilyapti

Shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasi kuchaytirilyapti

So‘nggi yillarda shaxslarning tasviridan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarda shaxsiy daxlsizlik huquqi uni amalga oshirish mexanizmlari bilan ta’minlanmaganligi sababli cheklanmoqda, deyiladi Adliya vazirligi ishlab chiqqan hujjat loyihasi matnida.

Vazirlikka ko‘ra, taklif etilayotgan Qonun loyihasida shaxslarning, jumladan, bolalarning tasvirga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati shaffofligini, so‘z va matbuot erkinligini yanada mustahkamlash, mehnat munosabatlarida xodimlarning tasvirga bo‘lgan huquqlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish nazarda tutilgan. 

Jumladan, Fuqarolik kodeksi 100-1-modda bilan to‘ldirilmoqda.

Mazkur modda «tasvirga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish»ni nazarda tutib, shaxsni tasvirga (fototasvir, videoyozuv, u aks etgan tasviriy san’at ob’yekti yoki uni identifikasiya qilish imkonini beradigan boshqa tashqi belgilar yig‘indisi) olish (tasvirini yaratish) va undan foydalanishga faqat ushbu shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishini tartibga soladi.

Qayd etilishicha, bunday hollarda shaxs muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, rozilik uning qonuniy vakili tomonidan, shuningdek, shaxs vafot etgan taqdirda, agar u hayotligi chog‘ida rozilik bermagan bo‘lsa, uning vorislari tomonidan beriladi.

O‘n olti yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar nomidan rozilik ularning ota-onasi (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan beriladi.

Tasvirdan foydalanish deganda, uni oshkor qilish, namoyish qilish, tarqatish, saqlash, ishlov berish, chop etish tushuniladi.

Quyidagi hollarda shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanish uchun rozilik olish talab etilmaydi:

  • tasvirdan jamiyat va davlat manfaatlari uchun quyidagi maqsadlarda foydalanishda:
  • tasvirdagi shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qidiruv e’lon qilishda;
  • davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish maqsadida shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanishda;
  • sodir etilgan yoki etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar, shuningdek, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa voqea-hodisalar to‘g‘risida xabar berishda, ularni tasvirga olish va undan foydalanishda (jabrlanuvchining sha’ni va qadr-qimmati kamsitilmasligi sharti bilan);
  • xizmat vazifasini bajarish, jamoatchilik faoliyatini amalga oshirish jarayonida davlat xizmatchisi va hokimiyat vakilini tasvirga olish va undan foydalanishda;
  • jamoat joylari hamda miting, yig‘ilish va namoyishlar, shuningdek, ommaviy va shaxsiy (to‘y, oilaviy, yubiley, dafn marosimi va boshqa) tadbirlarda umumiy jarayonlarni aks ettirish maqsadida shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanishda;
  • tasvir shaxs tomonidan hamma foydalana oladigan qilingan bo‘lsa yoki hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbadan olingan bo‘lsa (tasvirdan tijorat maqsadlarida foydalanish holatlari bundan mustasno);
  • shaxsning haq evaziga tushirilgan (yaratilgan) tasviridan ushbu tasvirni olishdan (yaratishdan) ko‘zlangan maqsadda foydalanilganda;
  • jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv tizimlari orqali shaxslarni tasvirga olish va ushbu maqsadlarda foydalanishda.

Jamoat joylarida (yoki jamoat joylariga qaratilgan ob’yektlarda) videokuzatuv tizimlari o‘rnatilgan taqdirda, bu haqda aniq va barchaga tushunarli ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilishi shart.

Jamoat joyi deganda, doimiy, vaqtinchalik va (yoki) davriy xususiyatga ega bo‘lgan, tevarak atrofi o‘rab olingan yoki ochiq holdagi, aholining umumiy foydalanishi va turli ehtiyojlarini qondirishi uchun mo‘ljallangan, shuningdek, shaxs(lar)ning harakatlari natijasida o‘zgalar manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadigan shaxsiy makon xususiyatini jamoaviy makonga o‘zgartiruvchi, undagi voqea va hodisalarni to‘siqsiz ko‘rish va eshitish mumkin bo‘lgan ob’yektlar, shu jumladan, binolar, inshootlar va ularning qismlari tushuniladi.

Shaxslarning qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘lishini taqozo etadigan joylarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish va shaxslarni tasvirga olish taqiqlanadi.

Tasvirdan rozilik berilgan maqsadga nomuvofiq tarzda foydalanilgan yoki foydalanish shaxsning sha’ni va qadr-qimmati kamsitgan taqdirda, shaxs tasvirdan foydalanish uchun rozilikni chaqirib olish huquqiga ega.

Ushbu moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan hollarda, shaxs hamda ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxslar tasvirdan foydalanishni to‘xtatishni, uni yo‘q qilishni hamda yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Ushbu moddaning qoidalari tezkor-qidiruv, razvedka va kontrrazvedka faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shaxslarning tasviriga ishlov berish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring