Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp «delo»sidagi qora nuqta: AQSh prezidenti KGB agenti bo‘lganmi?

Tramp «delo»sidagi qora nuqta: AQSh prezidenti KGB agenti bo‘lganmi?

Tramp SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov bilan. 1987 yil, Vashington. 

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya josusi ekani haqidagi iddaolar ko‘pdan buyon muhokama qilib kelinadi. Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi, bir paytlar KGBda, ya’ni Sovet Ittifoqi maxsus xizmatida faoliyat yuritgan Alnur Musayevning ijtimoiy tarmoqlardagi posti Trampning o‘tmishi haqidagi muhokamalarni yangidan kuchaytirdi. 

«Men 1987 yilda Moskvada Sovet Ittifoqi KGBsining 6-boshqarmasida ishlar edim. 6-boshqarmaning muhim yo‘nalishlaridan biri kapitalistik mamlakatlar biznesmenlarini og‘dirish edi. Ayni o‘sha yili boshqarma AQShlik 40 yoshli tadbirkor Donald Trampni «Krasnov» taxallusi bilan hamkorlik uchun yollagan edi», – deb yozadi general Alnur Musayev.

General Musayevning bahsli posti.

X platformasida chop etilgan va bir milliondan ziyod foydalanuvchi o‘qigan xabarda ham Tramp «Krasnov» nomi ostida Sovet Ittifoqi maxsus xizmati bilan hamkorlik qilgani iddao qilinadi.

Buyuk Britaniya parlamenti a’zosi Grem Styuart Trampning «rus agenti» ekani haqida post yozgani olovga moy sepgandek ta’sir qildi.

So‘nggi vaqtlarda Tramp Ukraina bosqini borasida Rossiyaga yon bosa boshlagani ortidan bu kabi bahsli ma’lumotlar jamoatchilik tomonidan haqiqat o‘laroq qabul qilinmoqda deyish mumkin.

Alnur Musayev Tramp KGB tomonidan og‘dirilganini tasdiqlovchi hujjat ilova qilmagan.

Euronews o‘rganishlariga ko‘ra, general Musayevning postidagi bir jihat shubha uyg‘otadi. U Trampni KGBning 6-boshqarmasi yollagani haqida yozadi. Ammo manbalarga ko‘ra, mazkur boshqarma chet elliklarni yollash bilan emas, balki iqtisodiy yo‘nalishdagi josuslikka qarshi kurash bilan shug‘ullangan. 

Qayd etish o‘rinliki, 2021-yilda amerikalik jurnalist va yozuvchi Kreyg Anger ham «Amerikancha kompromat» kitobida Tramp Moskva bilan yashirin ravishda hamkorlik qilgani haqida yozgandi. Kreyg Angerning axborot manbasi esa KGBning sobiq agenti  Yuriy Shvets hisoblanadi.

Kreyg Angerga ko‘ra, maxsus xizmat bilan hamkorlikning «agent» yoki «aktiv» kabi ikki shaklini ajratib olish lozim bo‘ladi.

«Agent razvedkaga ishlab, maosh olsa, aktiv ishonchli do‘st sifatida ko‘mak ko‘rsatadi», – deydi u.

Yuriy Shvetsning Kreyg Angerga so‘zlab berishicha, Tramp 1980-yilda Nyu-Yorkda birinchi yirik mehmonxonasini (Grand Hyatt New York) ochgan vaqtda sovet emigrantiga tegishli do‘kondan 200 dona televizor xarid qilgan. Mazkur do‘kon KGBning yashirin tuzilmasi bo‘lgani sabab o‘sha paytdayoq Tramp «aktiv» sifatida Moskvaning e’tiboriga tushgan.

Tramp birinchi xotini Ivana bilan rus tuprog‘ida. 1987 yil, Leningrad. Foto: TASS

1987-yili Tramp ilk bor Sovet Ittifoqiga safar qiladi. Safardan ko‘zlangan maqsad mehmonxona ochish imkoniyatlarini o‘rganish deb ko‘rsatilgan. Yuriy Shvetsning shohidlik berishicha, safar davomida Tramp so‘zlashuvlari sovet josuslari tomonidan yashirincha tinglangan.

AQSh matbuotida e’lon qilgan maqolada hikoya qilinishicha, SSSR tarqalganidan keyin ham Trampning Moskvada biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishi so‘nmagan. U 1996-yilda Moskvaga yana bir karra tashrif buyurib, qimmatbaho turarjoy majmuasi qurish imkoniyatini o‘rgangan. 2006-yilda esa Trampning o‘g‘li va qizi ham Moskvada mehmon bo‘lgan.

«Politico» nashri maqolasida ham Trampning 1987-yilgi safari KGB tomonidan tashkil etilgani qayd etilgan.

Tramp 2017-yilda AQSh prezidenti etib saylanishi ortidan uning Rossiya bilan aloqalari xususida shubha-gumonlar yana kun tartibiga qaytgan. AQSh adliya vazirligi 2016-yilgi saylovga Rossiyaning ta’siri masalasini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzgan. Komissiya «Rossiya hukumati va Trampning saylov kampaniyasi o‘rtasida aloqalar mavjudligi»ni aniqlagan bo‘lsa-da, Tramp jamoasi Rossiya hukumati bilan til biriktirgani holati yuzasidan dalil  topa olmagan.

Trampning o‘zi esa 2019-yilda Rossiya bilan hamkorlik qilgani va Moskva foydasiga ishlaganini butkul rad etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring