Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sharlar importida bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirish taklif qilinyapti

Sharlar importida bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirish taklif qilinyapti

Bir muddat oldin Vazirlar Mahkamasining ommaviy tadbirlarda fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar moddiy boyliklarini bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzon narxlarda sotish orqali jalb qilishni taqiqlashga doir qarori e’lon qilingan edi.

Ekologiya vazirligining ta’kidlashicha, afsuski, «ekologiya va aholi salomatligi haqida umuman qayg‘urmaydigan ayrim tadbirkorlar, ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan shar uchirish kabi tadbirlar o‘tkazilishi uchrab turibdi».

Xususan, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi Navro‘z bog‘ida 5000 ta shar uchirilishi haqida e’lon tarqaldi. Ekologiya vazirligi va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida bo‘lib, holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi.

«O‘rganish davomida sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi va holatga chek qo‘yildi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirliknning bildirishicha, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida turli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, sharlarni O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirish, shar uchirish kabi tadbirlarni o‘tkazmoqchi bo‘lganlarga utilizatsiya talabini qo‘yish va bunda sharlarning narxiga nisbatan 100 baravar miqdorda narx belgilash taklif qilinyapti.

Shuningdek, vazirlik bu kabi holatlarga chek qo‘yish maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurati haqida eslatmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring