O‘tgan yili jinoyatchilik har 100 ming aholiga 200 tadan to‘g‘ri kelgan – IIV

Senatda o‘tgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ichki ishlar vazirligi mas’ullarining 2024 yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida tegishli vazirlik va idoralar bilan olib borgan hamkorlikdagi ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra 2024-yilda xodimlarning tashabbusi bilan 27 953 ta jinoyat aniqlangan bo‘lib, mazkur amaliyot 23,4 foizga yaxshilangan.
Bundan tashqari, 3 880 nafar shaxslar tomonidan sodir etilgan 3 293 ta korrupsiya va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 239 mlrd 584 mln so‘m miqdoridagi zarar undirilishi hamda odam savdosi jinoyatini sodir etgan 219 nafar shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlangan.
Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Natijada jami mahallalarning 30,6 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. O‘z navbatida, jinoyatlar qayd etilgan mahallalarning 14,3 foizi «qizil» toifaga kiritilgan.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 54 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgan. Oilaviy muammolar va zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarning 625 nafari ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda mamlakatda 132 298 ta jinoyat sodir etilgan. Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga qariyb 200 tadan to‘g‘ri kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter