Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda mahkum o‘z joniga qasd qilgan. Ombudsman holatni o‘rganyapti

Navoiyda mahkum o‘z joniga qasd qilgan. Ombudsman holatni o‘rganyapti

Joriy yilning 25-dekabr kuni soat 14:40larda Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum o‘z joniga qasd qilgan. Mahkumning choyshabdan sirtmoq yasab, kamera derazasiga o‘rnatilgan temir panjaraga o‘zini osgani aytilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bergan ma’lumotga ko‘ra, 24 yoshli mahkum Samarqand viloyati Toyloq tumani sudining 2021-yil 10-noyabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) va 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) bilan 14 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ombudsmanga taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, marhum F.Q. muqaddam ruhiyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq boshqa kasalliklarga moyilligi bo‘lgan mahkumlar ro‘yxatida turgan. Mahkum F.Q. jazo muddatini o‘tashi davomida 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonaning psixiatriya bo‘limida 2 marotaba davolangan.

«Marhumning oila a’zolari uning jazo muddatini o‘tashi davomida qisqa va uzoq muddatli uchrashuvga kelishmagani, faqatgina mahkum F.Q. ular bilan 6 marotaba telefon orqali suhbatlashgani aniqlandi.

Shuningdek, marhumning noodatiy xatti-harakatlari sababli muassasadagi boshqa mahkumlar u bilan bir kamerada o‘tirishni istamaganligi sababli mahkum F.Q. 2023-yil 24-dekabr kunidan buyon alohida saqlangan», – deyiladi Ombdusman ma’lumotida.

Hozirda holat yuzasidan maxsus prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring