«Navoiydagi 31 ta kon xitoyliklarga sotildi» degan xabar rad etildi

«Yer qa’ridan foydalanish markazi» DM «Navoiydagi 31 ta kon xitoyliklarga sotildi» degan xabarni rad etdi:
«Joriy yilning fevral oyida mamlakatimizda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun 31 ta yer qa’ri uchastkasi «E-auksion» savdo platformasi orqali 25,1 mlrd so‘mga sotildi.
Ta’kidlash joizki, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar «Yer qa’ri to‘g‘risida»gi Qonunning 32-moddasiga muvofiq faqat O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslarga yoki O‘zbekiston fuqarolariga beriladi.
Mazkur talabdan kelib chiqib elektron savdolarda O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik maqomga ega 12 ta MChJ g‘olib deb topildi. Ularning ayrimlari to‘liq O‘zbekiston fuqarolariga tegishli, ayrim MChJ ta’sischilarining o‘rtacha 70 foizi O‘zbekiston fuqarolari, faqat xorijiy davlat, jumladan, Xitoy fuqarolariga to‘liq tegishli bo‘lgan birorta ham MChJ bunda g‘olib ham chiqqani yo‘q.
Birgina misol, g‘olib deb topilgan tadbirkorlik subyektlaridan «Xinlong Mining Drilling» MChJ asosiy ta’sischisi (70 foiz) hamda «Zhonghuitong Mining» MChJ asosiy ta’sischisi (97,6 foiz) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanadi.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalar 3 yil muddatga berilib, yerga egalik huquqini bermaydi. Qonunlarimizda tadbirkorlarga faqatgina yer qa’ridan foydali qazilmani olish huquqini berib, ruxsatnoma egasi oltin izlovchilar usulida qazib olish ishlari jarayonida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish va ularni kelgusida foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyatini oladi.
Ustiga-ustak, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini olgan foydalanuvchilarga davlat tomonidan bir qator majburiyatlar yuklatilgan bo‘lib, unda ruxsatnomaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar ishchi-xodimlarining 70 foizi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi lozimligi aniq belgilab qo‘yilgan.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida olib boriladigan faoliyat bo‘lib, bu uchastkalarni sanoat miqyosida qazib olish ishlarini amalga oshirish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi.
Shu bois bunday yer uchastkalari tadbirkorlarga shaffoflikni ta’minlagan holda daromad olish uchun sotiladi. Sotilgan yer qa’ri uchastkalarida faoliyat olib borayotgan mahalliy yoki xorijiy investorlar sohaga yangi texnologiyalar, uskunalar kiritadi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi», — deyiladi munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter