Energetika vaziri iqtisodchi-blogerni mahkamaga tortmoqchi
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi, Telegram’dagi «bakiroo» kanali egasi Otabek Bakirov ustidan IIV va prokuraturaga shikoyat arizasi kiritdi. Bu haqda O.Bakirovning o‘zi ma’lum qildi.
Iqtisodchining aytishicha, vazir kanalidagi postlarning birida haqorat va obro‘sizlantirish holatlarini ko‘rgan va shu sabab yuqoridagi tashkilotlarga shikoyat kiritgan.
«Qiziq tarafi, qachondir haykal qo‘yiladigan Sag‘bon podstansiyasi (shikoyatga ilova qilingan postda shu podstansiya haqida gap ketadi, -tahr.) bilan bog‘liq surunkali muammo yoritilgan post 2023-yil 5-iyunda yoki 1 yilu 7 oy avval yozilgan. Mirzamahmudov organlarga shikoyat arizasini 2024-yil 10-oktyabrda, ya’ni bir yilu 4 oy o‘tib taqdim etmoqda», – deb yozadi Bakirov.
Iqtisodchining aniqlik kiritishicha, u yashaydigan Toshkent viloyati Toshkent tumani elektr tarmog‘i yaqingacha Sag‘bon podstansiyasiga ulangan bo‘lgan. Hozirda esa tumani elektr tarmoqlari yuqoridagi podstansiyaddan uzilgan va boshqasiga ulangan.
Shikoyat arizasi esa Jo‘rabek Mirzamahmudov tarafidan fuqaro sifatida emas, balki vazir sifatida kiritilgan.
«Ariza hozirda poytaxt IIB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda», – deb yozadi iqtisodchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter