«Sharq taronalari» festivali g‘oliblari taqdirlandi
Registon maydonida «Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivalining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, tarixiy obidalarga zarar yetmasligi uchun bu safar marosim mushakbozliksiz o‘tdi.
Tadbirning asosiy nuqtasi g‘oliblarni e’lon qilish va ularni taqdirlash bo‘ldi. Kuy-qo‘shiqlar bilan fayzga to‘lgan sahnada birin-ketin g‘oliblar e’lon qilindi.
Xalqaro hay’atlar jamoasi festivalning bosh sovrini – Gran priga Ozarbayjonning «Semurg‘» maqom ansamblini munosib deb topdi. G‘olibga 10 ming AQSh dollari pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
1-o‘ringa Turkmaniston milliy musiqiy ansambli savovor bo‘ldi va bu jamoaga 5 ming AQSh dollar mukofot nasib qildi.
2-o‘rin Qozog‘iston musiqiy jamoasi hamda o‘zbekistonlik san’atkorlar Alisher Ahmedov va Fazilat Ahmedova juftligiga berildi. G‘oliblar 3 ming 500 AQSh dollari va esdalik sovg‘alar bilan mukofotlandi.
3-o‘rin esa Yaponiya, Mug‘uliston va Rossiya san’atkorlariga munosib ko‘rildi. Uchinchi o‘rin g‘oliblariga 2 ming dollardan mukofot belgilangan.
TURKSOY tashkilotining 500 AQSh dollar miqdoridagi sovrinini O‘zbekiston davlat simfonik orkestri qoshidagi milliy mumtoz ansambli naychisi Toshtemir Shukrullayev qo‘lga kiritdi.
Taqdirlash marosimida «Eng yosh ishtirokchi», «Muxlislar e’tirofiga savozor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi», «Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham turli davlatlardan san’atkorlar taqdirlandilar. Ularga Samarqand viloyati va shahar hokimligi hamda boshqa tashkilotlarning maxsus mukofotlari topshirildi.
Mustahkam Tangriyorova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter