Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Marhum aktrisaning yorqin roli: Farangiz Rejametovani xotirlab (video)

Marhum aktrisaning yorqin roli: Farangiz Rejametovani xotirlab (video)

Siz bu qizaloqni yaxshi taniysiz va juda yaxshi ko‘rasiz! Uni butun O‘zbekiston onalari va balki yaponiyalik onalar ham yaxshi tanishar ehtimol...

«Oyijon» filmida yaponiyalik ayolni vafot etgan onasiga o‘xshatib, undan Ona  taftini izlagan Nargiz aslida, bu dunyodan mehrni axtargandi! Topgandi ham! Ha, onalikning, mehr-muhabbatning millati bo‘lmaydi!  

Uning «Oyijon!...» degan so‘zi butun dunyo ONAlariga atalgandi go‘yo... Bu xuddi, mehr axtargan mehribonning ovozi edi!...

Filmda Nargizga ovoz bergan aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zulxumor Mo‘minova Farangiz Rejametovani xotirladi.

– Jamol aka (Zulfiqor Musoqov)ning ikkita filmi ovoz yozish jarayonida ishtirok etganman. Bu – «Abdullajon» bilan «Oyijon» filmi. Shu ikkita film orqali bu rejissyor bilan ijodiy muloqot qilish imkoni tug‘ilgan va ularni ishlash uslublari bilan ozgina tanishganman.

Zulfiqor Musoqov bilan ishlagan aktyorlar yaxshi bilishadiki, bu rejissyor aktyorning ijro uslubidagi tabiiylikni tarafdori. Qahramon hayotiy bo‘lishini istaydilar. Doim shunga intiladilar! Shu taraflari juda ham yaqin menga. Tushunaman bu narsani!...

«Oyijon» filmiga kelsak, shu narsani eslab qolganman: ish juda ham qiyin kechgan! O‘sha yillari kichkina bolalarga ko‘p ovoz berardim. Aktyor bilishi kerakki, dublyaj bilan filmga ovoz berish o‘rtasida katta farq bor! Buni aktyorlarni ba’zilari tushunadi, ba’zilari esa tushunmaydi. Masalan, shu filmga ovoz berayotganimda, Jamol aka meni juda ham qiynaganlar. «Menga multfilm qilib berma, menga dublyajing ham kerakmas! Tirik odamga ovoz ber! Shu qizga qarab, ishla! Iloji boricha, tabiiy bo‘lsin! Iloji boricha, hayotdagidek bo‘lsin! Qizcha bilan bir-biringlardan taft olib, ishlangalar!» mazmundagi gapni aytganlarki, bu men uchun yangilik bo‘lgan.

Kichkina bolalarga ovoz berish juda qiyin. Dublyaj qilishmas, ovoz berish qiyin! Ya’ni, tonirovka – (ovoz ijrosining eng qiyin elementlaridan biri bo‘lib, aktyor hamma narsani suratga olish maydonchasida bo‘lgani kabi takrorlashi kerak). O‘zi aytishadi-ku, kichkina bolalar va hayvonlar juda ham tabiiy bo‘lishadi. Ularni hech kim o‘ynay olmaydi! Ularchalik hech kim samimiy bo‘lolmaydi! Hech qachon! Shuning uchun,  professional aktrisa bo‘lsam ham, baribir, qiyin kechgan. Ko‘p kunlar  tushunolmaganman: mendan nima istayapti rejissyor? Nima xohlaydi? Unaqa qilsam, bunaqa deydilar, bunaqa qilsam, unaqa deydilar... Xullas, qilayotgan ishim hech yoqmagan ularga. Qidirganmiz! Tonirovkani shunisini yaxshi ko‘ramanki, buni qiyinligi ham, mas’uliyati ham, murakkabligi ham shundaki, tonirovkada rol yana bir marta dunyoga keladi. Bu oson emas!   Bu yana o‘sha mashaqqatli ijod! Xuddi ana shunaqa ishlaganmiz Jamol aka bilan! Shu narsa menga juda yoqqan, esimda qolib ketgan. Ulardan juda minnatdorman shu narsa uchun! Chunki,  men uchun  bu jarayon katta tajriba, maktab bo‘lgan.

O‘sha paytda men hali Farangizni tanimasdim. Shu filmda ilk marta ko‘rib,  «Voy, qanaqa chiroyli, xushsurat qizcha ekan-a!», – deya ko‘nglimdan o‘tkazganman. Oradan yillar o‘tib, biz yana uchrashdik. Farqi, endi biz Farangiz bilan suratga olish maydonchasida uchrashgandik. Farangiz bilan birga Yolqin To‘ychiyevning «Orzu ortida» filmida suratga tushganmiz. Suratga olish paytida u bilan bitta xonada yashaganmiz. Xuddi ona-boladek yaqin bo‘lib ketgandik. Ba’zida dugonalardek sirlashardik. Bo‘lmasa, o‘sha paytda kichkinagina qizcha edi-ku hali. Lekin Farangizda  qandaydir, kattalarga xos mulohazakorlik, donishmandlik bor ediki, shu narsa bizni yaqinlashtirgandir ehtimol.  

Oxirgi marta Farangizni qachon ko‘rganimni eslayman... «Mening yurtim» telekanalidagi dublyaj studiyasidan ishimni tamomlab, chiqib ketayotib, yo‘lakda Farangizni uchratdim. Oldimga yugurib keldi-da, ko‘rishgach, «Zulxumor opa, qarang, qarang! Filmimizni televizorda berishayapti, ana!», – degancha qo‘li bilan ekranga ishora qildi.  «Televizorda ham biz, bu yerda ham biz!», –   deya hayratini bo‘lishdi. Shu manzara ko‘zimda qolib ketdi! Xursand bo‘lib, ko‘zlari chaqnab turgani hamon esimda... Hech yodimdan chiqmaydi! Joylari jannatdan bo‘lsin, Farangizni!

 Lobar Qobilova tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring