Amir Olimxon saroyidagi qiz: O‘zbekoyimning ko‘rgan-kechirganlari
Hayotda shunday ijodkorlar bo‘ladiki, ular haqida ko‘p eslansa-da, ammo kam yoziladi. Shunday aktrisalardan biri Maryam Yoqubova edi. Televideniye orqali «Mahallada duv-duv gap», «O‘tgan kunlar», «Maftuningman» singari mashhur badiiy filmlar tez-tez namoyish etib turiladi. Biz ularda o‘g‘il uylantiraman, deb o‘pkasini qo‘ltiqlab qolgan tannoz Oyposhshaxonni, yuz-ko‘zlaridan sersavlat va kiborligi ko‘zga tashlanib turadigan O‘zbekoyimni, soyabon ko‘targan satang xonimni har safar ko‘rib, aktrisaning iste’dodidan hayratga tushamiz…
O‘zbekiston radiosi orqali ba’zida o‘zbek teatr san’atining durdona asarlari bo‘lib qolgan «Boy ila xizmatchi», «Maysaraning ishi», «Revizor», «Gamlet», «Otello», «Momaqaldiroq» singari spektakllarning radiomontajlari berib boriladi. Biz esa efirdan Xonzoda, Maysara, Anna Andreyevna, Gertruda, Emiliya singari rollarni katta mahorat bilan ijro etgan aktrisaning tovushini eshitib, hayron qolamiz. Ammo...
Shunga qaramay, aksariyat tomoshabinlar, xususan, yosh avlod Maryam Yoqubovaning hayoti va ijod yo‘lini yaxshi bilmaydi. Holbuki, bu uzoq va murakkab umr yo‘lining o‘zi dramatik va fojiaviy sahnalari boy bir spektalga o‘xshab ketadi.
«...Men o‘shanda 8-9 yoshlardagi qizcha edim, – deb hikoya qilgan Maryam Yoqubova uchrashuvlardan birida. – Asl ismim Oyxon bo‘lgan, Maryam degan ismimni keyinroq qo‘yishgan...
Xullas, o‘sha bolalik kezlarimda Buxoroga – Xolirxon xolamnikiga mehmonga borgandik. Xolam Buxoro amiri saroyidagi eng mashhur raqqosa va xonandalardan biri edi. Qisqasi, ana shu xolamga ergashib, bir kuni Amir Olimxon saroyiga borib qoldim. Afsonaviy «Ark»ka kirdik. Xolamni bu yerda yaxshi bilishar, u joyga tez-tez bo‘lib turadigan bazm-u ziyofatlar xolamsiz o‘tmas ekan.
Shunday qilib, saroyda «konsert» boshlandi. Xolam zarbof, shoyi liboslarini kiyib, zebigardonlari-yu, tilla taqinchoqlarini taqib, juda chiroyli raqsga tushdi, ashulalar aytdi. Unga sozandalar jo‘r bo‘lishdi. Eng yomoni, Amir Olimxonning keksayib qolgan onasi Eshon oyi «bo‘ldi» demaguncha xonanda-sozandalar ijro etaverishar, holdan toyib, yiqilib ham qolishardi.
Ana shu yerda Eshon oyimning ko‘zlari bir chekkada o‘yinlarni qiziqib, ko‘zlari yonib tomosha qilib turgan qizchaga – menga tushib qoldi va yoniga chaqirdi. «Sen ham raqsga tushishni bilasanmi?» deya so‘radi. Shoshganimdan «ha, bilaman», deb yuboribman.
Shundan keyin meni ham shohona kiyimlarga burkab, o‘rtada o‘ynatishdi. Birinchi «premeram» shunday o‘tdi va shu-shu, saroyda tutqun bo‘lib qoldim. Endi men Buxoro amiri saroyida raqsga tushadigan kanizakka aylanib qolgan edim...»
Yozuvchi Erkin Usmonov shunday eslaydi:
«Esimda bor, men Maryam opaning bu xotiralaridan xuddi ertak eshitgandek tinglagandim. Keyinchalik bilsam, uning butun hayoti o‘zi bir qiziqarli va sermazmun ertakka o‘xshab ketarkan».
Aktrisa o‘z davrida Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir singari qator mashhur shoir va adiblar bilan uchrashgan. Sergey Eyzenshteyn, Akakiy Xorava, Mannon Uyg‘ur, Mariya Kuznetsova, Obid Jalilov, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov singari taniqli san’atkorlar bilan birga ishlagan edi. Lekin bu haqda so‘zlaganda maqtanmas, shunchaki oddiy bir hodisa sifatida tilga olib o‘tarkan, xolos.
Maryam Yoqubova mashaqqatli hayot yo‘lini bosib o‘tgan, o‘z baxtini teatr hamda kino olamidan topgan san’atkor edi. Aktrisa uzoq yillar davomida Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama va komediya, hozirgi O‘zbek milliy akademik drama, Navoiy nomidagi opera va balet teatrlarida faoliyat yuritgan.
Zamondoshlari, shogirdlarining aytishicha, Maryam Yoqubova ijro etgan «Farhod va Shirin» musiqali dramasidagi Mehinbonu, «Arshin mol-olon»dagi Zebo, «Maysaraning ishi» komediyasidagi Maysara, «Sepsiz qiz»dagi Ogudalova, «Vanya tog‘a»dagi Voynitskaya, «Gamlet»dagi malika Gertruda, «Otello»dagi Emiliya, «Momaqaldiroq»dagi Feklusha, «Revizor»dagi Anna Andreyevna singari rollari tomoshabinlar tomonidan hamisha iliq kutib olingan. U XX asr boshlaridayoq O‘zbekistondan birinchi bo‘lib Moskvada, kino sohasida ta’lim olgan professonal o‘zbek aktrisalaridan biri edi.
U o‘tgan asrning yigirmanchi yillaridayoq Rossiya kinematografchilarining «Muzlagan uy», «Tug‘ishganlar», «Tref xonim» badiiy filmlarida rollar ijro etgan. «O‘zbekfilm» kinostudiyasida yaratilgan «Boy ila xizmatchi» filmidagi Xonzoda obrazi bilan elga tanilgan. Undan keyingi yillar davomida «Opa-singil Rahmonovalar», «Maftuningman», «Mahallada duv-duv gap», «Gang daryosining qizi», «Qalbingda quyosh» filmlarida ijro etgan rollar bilan shuhrat qozongan. Bundan tashqari, aktrisa xorijiy davlatlar tomonidan suratga olingan «Oq royal», «Sevadimi-yo‘qmi» kabi filmlarga ham taklif etilgandi.
Maryam Yoqubova teatr va kino sohasida qanchalik muvaffaqiyatga erishgan bo‘lmasin, biroq uning eng shoh obrazi «O‘tkan kunlar» filmidagi O‘zbegoyim obrazi hisoblanadi. Aktrisa bu obrazga jon bag‘ishladi deb aytishga to‘la asos bor. Badavlat va kibor, hayotda o‘z hukmini o‘tkazib yashaydigan, murakkab xarakterga ega begoyim obraziga o‘ziga xos qiyofa, rang va ohang topa bilgan edi.
Aktrisa umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston radiosidagi postanovkalarda faol ishtirok etgan. Ayniqsa, «Oqshom ertaklari»dagi eshittirishlarda bolalar uchun ertaklar o‘qib beruvchi sevimli buvijonga aylanib qolgan edi.
Ha, Maryam Yoqubova o‘zining o‘lmas obrazlari bilan xalqimizning sevimli aktrisalaridan biri bo‘lib qoldi. U yaratgan obrazlar elimizning yuragida, qalbida yashab ardoqlanib kelinmoqda.
Izzat Ahmedov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter