Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibga solinmoqda

Homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibga solinmoqda

Hozirgi kunda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibining qonunchilikda aniq belgilanmaganligi sababli ayrim g‘araz niyatli shaxslar tomonidan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning pul mablag‘lari va mol-mulkini asossiz qo‘lga kiritish holatlari ko‘p uchramoqda.

Bunday tendensiya jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bo‘yicha xavf-xatarlarning oshishiga, qolaversa, Jahon xayriya indeksida O‘zbekiston pozitsiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bugun, 25 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, mazkur qonunning qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olishga, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga hamda homiylik tashkilotlariga nisbatan fuqarolarning ishonchini ortishiga xizmat qiladi.

Unga ko‘ra, homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yig‘ish faqat xayriya qutisi yordamida hamda homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yig‘ilgan taqdirda qabul qilib olingan mol-mulk ro‘yxati shakllantirilib, uning turi, miqdori (hajmi) ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.

Homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayonlari ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda e’lon qilinadi va soliq hisobotlarida aks ettiriladi.

Jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini naqd pul yoki mol-mulk shaklida faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlari uchun yig‘ishi mumkin bo‘ladi. Ko‘ngillilar esa o‘ziga begona bo‘lgan homiylik oluvchilarga faqat e’lon berish orqali ko‘maklashishi belgilanmoqda.

Xayriya qutilari shaffof bo‘lib, faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘rnatiladi.

Xayriya qutisini ochish, xayriyani hisoblash jarayoni xayriya tashkilotchisining vakolatli vakili va kamida ikki nafar guvoh ishtirokida amalga oshiriladi.

Qonunda xayriyalarni yig‘ish va xayriya qutilarini o‘rnatish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring