Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xalq hisobidan saxiylik» – Shuhrat Abdurahmonov albaniyalik futbolchiga mashina sovg‘a qildi

«Xalq hisobidan saxiylik» – Shuhrat Abdurahmonov albaniyalik futbolchiga mashina sovg‘a qildi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov superliganing 17-turida «Olimpik» klubini 2:1 hisobida mag‘lub qilgan «Andijon» jamoasi o‘yinchilarga qimmatbaho sovg‘alar va’da qildi. Bu haqda «Championat.asia» xabar berdi.

Saxovati jo‘shib ketgan viloyat rahbari gol muallifi Rubin Hebayga istagan avtomashinasini tanlashi mumkinligini aytgan. Hokim 90 daqiqa davomida umid bilan koptok tepgan boshqa futbolchilarni ham quruq qo‘ymagan: ularning har biriga iPhone 14 smartfon va’da qilingan. Abdurahmonov futbol klubiga moliyaviy dastak berilishidan ham bahs etgan.

«Championat.asia» xabariga ko‘ra, futbolchilarga smartfon allaqachon tarqatilgan. Albaniya fuqarosi bo‘lgan Rubin Hebay esa Tracker mashinasini tanlagan. Unga ham yangi ulov qisqa muddatda yetkazilishi bildirilgan.

Andijon hokimining bu «qo‘li ochiqligi» ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov rasman xususiy maqomdagi klubga hokim yordam ko‘rsatishi nechog‘li maqsadga muvofiqligini savol ostiga oldi.

«Ilgari «Andijon» FK budjetdan pul olmasligi, xususiylashtirilgani haqida ko‘p bayonotlar yangragan. Shu o‘rinda o‘zbek futbolining hozirgi rivojlanish bosqichida futbol klublarining «xususiylashtirilishi» ularni boqimandalikdan qutqarmasligini ochiq tan olish kerakka o‘xshaydi. Xususan, «Andijon» FK misolida ham bir necha yil avvalgi «qimmat shprits mojarosi» ham aynan shunday ildizlarni ochib beradi», –deb yozdi O.Bakirov.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov holatni prokuratura o‘rganishi kerak degan fikrda.

«Agar Abdurahmonov mashina va iPhone’larni futbolchilarga o‘z mablag‘idan olib bermoqchi bo‘lsa, marhamat, deklaratsiya topshirsin, bunday qimmatbaho sovg‘alarga yetadigan qonuniy daromadi borligini isbotlasin-da, keyin istasa osmondagi oyni sovg‘a qilaversin. Lekin davlat budjetidan, soliq to‘lovchilar pulidan bo‘lsa, uning bunday qilishga haqqi yo‘q. Prokuratura bu ishni o‘rganishi kerak. Xalqning pulini xalq vakillari xalq uchun kerakli xarajatlarga sarflashi lozim», – deb ta’kidladi u.

Telegramdagi «Fayzbog‘» kanali muallifi Temurmalik Tojiddinzoda bu yil Andijon viloyati maktab bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatda eng oxirgi o‘rinni egallaganiga e’tibor qaratdi.

Bloger o‘z postiga ushbu hajviy suratni ilova qildi.

«Xalq puli hisobiga saxiy bo‘lish mazza-da!» deya holatga munosabat bildirdi «Troll.uz» sahifasi asoschisi Umid G‘afurov.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati jamoatchilikning tanqidiy munosabati yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Kuni kecha 21 avgustda futbolchilarga berilishi aytilgan ushbu rag‘batlar shu kunni o‘zidagi tashabbus emas. Futbolchilarni rag‘batlantirish tashabbusi bir necha hafta oldin ilgari surilgan. Uni amalga oshirishda Andijonda professonal sportni rivojlantirishga hissa qo‘shish va sportchilarni qo‘llab-quvvatlash istagini bildirgan homiylar jalb etilgan», – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, homiylik manbalari jamg‘arilgach, viloyat rahbari ularni sportchilarga Andijon ahli nomidan topshirishi ko‘zda tutilgan.

Sh.Abdurahmonovning sportchilar ko‘nglini qimmatbaho tuhfalar bilan xushnud qilishi ko‘p bora kuzatilgan.

Hokim MMA jangchilariga bittadan «Spark» va yuz million so‘m pul ulashgan.

UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyevni avval mashina, keyin uy bilan siylagan. Og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinovga «Jentra» avtomobili, bokschi Hasanboy Do‘smatovga uch xonali uy sovg‘a qilgan.

Darvoqe, hokimning saxovatidan qiziqchi G‘ayrat Ahmedov ham benasib qolmagan.

Sh.Abdurahmonovning bir muddat avval «Andijon» jamoasi a’zolari yoniga «qopda pul bilan kelgani» ham e’tirofu e’tiroz uyg‘otgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring