Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorolik kashtado‘z O‘zbekistonda ilk bor mahsulotlarini elektron platformalar orqali xorijga chiqardi

Buxorolik kashtado‘z O‘zbekistonda ilk bor mahsulotlarini elektron platformalar orqali xorijga chiqardi

- Oyijon, mana, men uchinchi avlodman. Asrlar osha kashtachiligu so‘zanachilik bilan shug‘ullanib kelganmiz. Mehnat qilgansizlar, hunarlarimizga havasmandlar ko‘p. Shuning ortidan daromad topib kelyapmiz. Lekin, nimadir qilishimiz kerakki, mehnatimiz mahsuli dunyo yuziniyam ko‘rishi kerak,-ko‘zlari yonib onasidan so‘radi kashtado‘z qiz.

- Azaldan ham xorijliklar mahsulotlarimizga ishtiyoqmand, qizim!

- Mahsulotlarimizni dunyo bozoriga olib chiqsak, deyman-da, oyijon.

- Xorij davlatlarga borib kelishga yo‘l bo‘lsin, qizim... Ammo, anu internet degani bor-ku, gohida kirib turasan, shundan bilib olsa bo‘lmasmikin?

- O‘zimning oyijonim, hoziroq izlanib ko‘raman!-hunarmand qiz qo‘lidagi hali tayyor bo‘lmagan so‘zanasini tizzasi ustidan ohista olib, internetga singdi.

***

Buxorolik 24 yoshli hunarmand qiz Aziza Tojiyeva onasi, usta hunarmand Muhabbat Qo‘chqorovaning maslahati bilan an’anaviy hunarmandchilik mahsulotlarini savdoga chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalandi. Jahon yangi bozoriga yo‘l topdi. Etsy, Instagram va eBay orqali onlayn savdoni yo‘lga qo‘ydi. Ilk savdoga kashtachilikning birinchi avlodi sanalgan – rahmatli buvisi Saodat Qo‘chqorova tomonidan yaratilgan va tikilgan eng so‘nggi ijod mahsulotlarini chiqardi.

Internet orqali onlayn savdo bozori yaratib, jahon bozoriga ko‘tarila olgan yosh hunarmand tomonidan chiqarilayotgan an’anaviy hunarmandchilik mahsulotlari xorijliklarni hayratga sola boshladi. AQSh, Ispaniya, Italiya va Buyuk Britaniyadan mijozlari safi kengaydi. Buyurtmalari oshdi.

Shofirkon tumanining chekka, Talija qishlog‘ida turib, so‘zana ishlab chiqarishni qayta jonlantirgan va zamonaviy texnologiyalar orqali mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarayotgan yosh hunarmand qiz o‘zi yashab o‘sgan qishlog‘ining 50 nafardan ziyod ayolini ham atrofiga to‘pladi.

- Davlatimizda ekspert geografiyasi kengaygan. Men onlayn ekspert tizimidan foydalandim. Oddiy qishloq ayollari tomonidan yaratilayotgan san’at asariga teng hunarmandchilik mahsulotlarimizni internet orqali jahon bozoriga olib chiqishni yo‘lga qo‘ydim. Bu juda ko‘p xorijiy davlatlar vakillarining qiziqishiga sabab bo‘ldi. Bilasizmi, xorijliklar bizning tabiiy va qo‘l hunarmandchilik mahsulotlarimizga shu qadar oshufta bo‘lishdiki, buyurtmalarni bajarishga ulgurolmay qoldik. So‘ng oilamizdagilar bilan maslahatlashib, uyda o‘tirgan va ish bilan band bo‘lmagan qishlog‘imizning ellikdan ortiq xotin-qizlarini ishga jalb etdik. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizga havasmand bo‘lib, qishlog‘imizga kelib, mehnatimizni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib ketishayapti. Yuz foiz tabiiy mahsulotdan tayyorlangan ijod mahsullarimiz dunyoning nufuzli brendlari bilan raqobatlasha oladi. Men kashtachilik hunarmandlarining uchinchi avlodi sifatida onlayn tarzda jahon bozoriga kira oldim. Muhimi, biz, zamonaviy texnologiyalardan yuksak maqsadlarda foydalanyapmiz,-dedi Aziza Tojiyeva.

Bildirilishicha, yaqinda ushbu Talija qishlog‘iga Yamana uniyevrsiteti huzuridagi “Tadbirkorlar uchun ta’lim va tadqiqot” markazi direktori Tadashi Onodero kelgan va yosh hunarmandning qo‘l mehnati mahsulotlari bilan qiziqqan.

- Kashtachilik bilan shug‘ullanayotgan xonadonga keldik. Mahsulotlarini elektron platformalar orqali xorijga sotayotgan buxorolik yosh hunarmandning qo‘lda yaratgan mo‘’jizalari hayratimni oshirdi. Uning mehnati qadrini biladigan yanada kengroq bozorlarni, jumladan, Yaponiya, Yevropa bozorlariga ham olib chiqish yo‘llarini topishiga ko‘maklashamiz,-degan Tadashi Onodero.

Yosh hunarmandning so‘ziga ko‘ra, murakkab gobelen buyumlarining narxi yuqori. Uning ta’kidlashicha, savdoning o‘sishi tufayli oilaviy korxona buyurtmachilar talabini qondirish uchun mahalliy qishloqlardan yana taxminan 200 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlanadi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring