Muhojirlikdan o‘g‘il farzandlik bo‘lib qaytgan jurnalist
2018 yil. Mart oyi. 47 yoshda edim. Oilada turmush sharoitimiz og‘irlashgach, ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga yo‘lga otlandim. Yengil avtomashinada. Hech kim bir-birimizni tanimaymiz. Oramizda 19 yoshli yigit ham bor. U ham xuddi menga o‘xshab, birinchi marotaba musofirlik xaltasini yelkaga ortib chiqayotgan ekan.
Yo‘l olis. Manzil yiroq. Masofalar bir-birini ayamay bosib o‘tadi. Yo‘lga otlanganimizning ikkinchi kunida oyoqlarimiz shishib ketgan. Poyafzalga sig‘maydi. Yelkalar zirqirragan. Yetmaganiga kun sovug‘ida mashina saloni pechi ishlamay qolgandi. Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Ustyurt platosiga yetib kelganmiz. Bu yerda Qozog‘istonning Samara-Shimkent avtomobili yo‘lida ushlab turilgan, ayniqsa, o‘zbek muhojirlarini tashuvchi avtobuslar son jihatdan ko‘p edi. 4 ta. Har birida kamida 50 dan ortiq erkaklar, ular orasida ayollar va yosh bolalar ham bor. Biz yo‘nalayotgan avtoashina ham o‘z chegarasining posbonlari tomonidan to‘xtatildi. Shundoq 4 ta avtobus safidan joy oldik. Har bir yo‘lovchidan tortib, ayollar va bolalar yuklari ham beo‘xshovlarcha titkilab ko‘rilmoqda. Ko‘ziga yaxshi ko‘ringan nimarsa yoki tansiqroq taom bo‘lsa ham ishshayib, uni «o‘ziniki» qilib ola boshlashyapti. Odamlar esa indashmayapti. Men mashinadan turib kuzatib turyapmanu, ularning bu xatti-harakati nafsoniyatimni qo‘zg‘atyapti. Bir juvonning yelkasiga ilingan xalta-qopidagi tandir non ham ularning «ovi»ga ilindi.
«Hammasini berolmayman. Hali uch kunlik yo‘l bor. Bering qaytarib!»-dedi ayol asabiylashgan ko‘yi haligi formalik kishining qo‘lidan nonlarini yulqib olmoqchi bo‘lib. Formalik akaning jahli tezlashdi. Qoshlari chimirildi. Ayolni ayamay mushtlab ketdi. Avtobusda shovqin ko‘tarildi. Erkaklaru yosh yigitlar ayolning oldiga chiqishdi. Formalikning qo‘llarini ushlab, o‘dag‘aylashdi. Formalik rus tilida big‘irlab, qaynab gapirar va yoniga sheriklarini chaqirardi. Bir pasda avtobusga ikki nafar formalik ham chiqib keldi.
- Senlar rus tilini o‘rganlaring, barani, blin! Mana, seniki non!-haligi formalik jahl ustida o‘zbekchani chalalab gapirib, ayolning nonlarini oyog‘i uzra otib yubordi.
Juvon qarg‘ay-qarg‘ay nonlarini yig‘ib oldi.
Nafsoniyatim qo‘zib, o‘zim o‘tirgan yengil avtomashinadan otilib tushdim. Bir sakrab, avtobusga chiqdim. Ola-g‘ovurga qo‘shildim. Formaliklar uch kishi. Biz ko‘pchilik. Yigitlar formalik ikki yigitni ayab-avrab, tinchlanishga chaqirishyapti. Men juvonning nonlarini oyoqosti qilgan formalikning qo‘l tirsagidan ushlab, sudragudek holatda avtobusdan olib tushdim.
- Nima qilganing bu erkak!
- Ustyurt meniki! Qo‘yvor qo‘limni, hozir meniki seni qamaydi.
- O‘zbekcha gapira olarkansan-ku, qama, qo‘lingdan kelsa! Meniki senikini o‘ldiradi!-dedim o‘z tilida o‘zini masxara qilgandek ohangda.
- Meniki otasi o‘zbek! Onasi turkmen. No, sen javob berasan!
- Tfu, senga! Musulmonchilikdan qaytgan kofir!-dedim jahllanib.
Havo sovuq. Izg‘irin. Yo‘lovchilar har yoqdan bunaqa tekshir-tekshirlar joniga tekkanini gapirishdi. Formaliklarni «qaroqchi», «yo‘lto‘sar» deyishdi. To‘rtta avtobus odamlari sovuqqa qaramay, to‘planishdi. Kim qo‘rqqan, kim jahl otiga mingan, kimdir sarosimada. Lekin, bir narsani yashirmayman: aynan o‘sha yerda belida himoya quroli bor faqat uch nafar formalik posbon bo‘lgani uchun ham ko‘p sonli olomon qo‘lidan shunchaki chiqib ketish oson emasligini anglab yetishgandi. O‘zlari pasayishga majbur bo‘lishdi.
- Hey, ukam, musulmon ekansan, yana ayt-chi, Ustyurt qanday plato?
- Meniki majbur emas, senikini savoliga javob berishga!
- Unda «Ustyurt- meniki»lama! Ustyurt - Markaziy Osiyoda joylashgan keng plato, shuni bilasanmi? U faqat Qozog‘istonniki emas. O‘zbekiston va Turkmaniston hududlariniyam qamrab oladi. Ustyurt platosi Qoraqum va Qizilqum cho‘llari o‘rtasida joylashgan, g‘arbida Kaspiy dengizi bo‘yicha chegaralanadi. Yana qanday ma’lumot kerak!-bezrayaman haligi formalikka qarab.
Shu orada kutilmaganda, yana bir nechta mashinada formaliklar kelib qolishdi. So‘rov va suhbat boshlanib ketdi. Men va boshqalar vaziyatni to‘la tushuntirdik.
- Nedavno tragicheskaya katastrofa na dorogax Ustyurt, do six por vizivayet pechal u mnogix iz nas. Daje kogda govoryat, chto bolshe ne budet takix tragediy na etix dorogax, eto vsyo ravno vliyayet na otnosheniya mejdu gosudarstvami. Lyudi doljni otnositsya drug k drugu kak k lyudyam, a ne kak k jivotnim! Chto vi skajete o tom, chto etot paren brosil uzbekskiy xleb? Kak mojno otsenit yego postupok?-dedim keskin ohangda jurnalistligimga borib.
- Spasibo vam. I uzbekskiy narod toje dlya nas dorog. Pust vashi puti budut vsegda xoroshimi!-qo‘lini peshonasiga tirgab, «chest» berdi haligi formalik kishi va yonidagilarga qarab, yo‘lovchi avtobuslarni keyingi chegara postgacha xizmat mashinalarida qo‘riqlab borish topshirig‘ini berdi.
Otasini o‘zbek, onasini turkman, degan haligi yigitni chaqirdi. Ismi «Qo‘rqmas» ekan.
- Primite yego zayavleniye i zakonno raassmotrite yego deystviya!-dedi yonidagilarga jiddiy ohangda va Qo‘rqmasning sheriklariga ham ishora qilib,- i rassmotrite vopros oboix...
***
Ustyurtning past tog‘lik va sovuqdan qaqragan quruq va qurg‘oqchil manzillarini bosib o‘tdik. Izg‘irin, shamol va tuman yanayam «uvillaydi». Tumanda bizni o‘z izi bo‘ylab kuzatib kelgan Ustyurt xizmat avtomobillari qizil va ko‘k rangli chiroqlarni lipillatib, bizdan uzoqlashdi. Xayrlashuv ma’nosida signallarini chalib-chalib qaytishdi...
- Boringizga shukur, aka, shuncha odamning savobini oldingiz! –dedi haydovchi kulib.
- Gap-so‘zingizdan ilmli odamga o‘xshaysiz. Nima ish qilasiz, aka?-so‘radi boshqasi.
- Asli kasbim jurnalist. Tilim cho‘rtkesarligi uchun o‘z sohamda kam ishlaganman,-dedim kulib,- ammo, o‘qituvchilik qildim. O‘rni keldi cho‘ponchilik qildim, o‘rni keldi bog‘bonlik. Qalban jurnalistman!
- Ha-a... Ammo, lekin, tilingizning cho‘rtkesarligi judayam yaradi-da, aka. Shuncha yillardan buyon qatnab, bunaqa vaziyatga duch kelmaganman. Bor gap-ku! Dadilligingizga qoyil. Shaxsan o‘zim ham shu paytgacha kamida bunaqa vaziyatlarda qo‘ydek yuvosh va jim bo‘lib kelganimdan uyalib ketdim..,-so‘zida davom etdi haydovchi.
***
Moskva viloyatiga kelib tushdik. Yuklarni olib, xayrlashuv chog‘imizda, biz bilan hamroh bo‘lib kelgan haligi 19 yoshli yigit sekin so‘radi:
- Aka, men qayoqqa ketsam bo‘ladi?
- Tushunmadim. Seni kutib oladigan kishing yo‘qmi?
- Yo‘q, aka!
- Yaqinlaring-chi?
- «Detdom»ni tugatganman...
Yuragim izillab ketdi. Boshqa savol bera olmadim. O‘zim ham tanishimga iltimos qilib, boradigan joyimga zo‘rg‘a ilingan bo‘lsam... Buyog‘i nima qilsam ekan. Aksiga, o‘zim ham birinchi marta kelayotgan bo‘lsam...
- Qo‘lingdan nima ish keladi?-so‘rayman.
- O‘g‘rilik!-deydi u tomdan tushgan tarashadek, meniyam tarashadek qotirib.
- Bu yomon!-deyman sigaretamni tutatib.
- Istasangiz o‘g‘rilikni tashlayman. Va’da beraman!-deydi yana u.
Bolaning ko‘zlariga tikilaman. Mungli. Ma’nosiz.
- Bilaman. Ishonmaysiz. Ammo, mayli, bo‘lgancha bo‘lar... Rus tilini bilaman, boshim qayerga oqsa, oyog‘im qayoqqa tortsa, tavakkaligiga o‘sha yoqqa ketaman,-dedi.
Men yana angrayib qoldim.
- Aka, xavotir olmang! Yetimga Alloh yor!-dedi kulib.
O‘zimga keldim. Sergak tortdim.
- Menga qara, kelajakda kim bo‘lmoqchisan?-bu vaziyatda so‘rashim kerak bo‘lmagan savol og‘zimdan chiqib ketdi.
- Kelajakdami... kelajakda ota bo‘laman, yaxshi ota bo‘laman!-dedi qat’iy.
- Isming Rabi edi-a, adashmasam...
- Ha!
- Yur. Balashixaga ketamiz. Meni o‘sha yerda kutishyapti.
- U qayer?
- Moskvaning yirik shaharlaridan biri. 6 kilometrcha uzoq masofada.
- Bo‘ldi. Ketdik. Asli jurnalist ekansiz-a?
- Ha.
- Jurnalistlar bilimli bo‘lishadimi?
- Unchamas!
- Mana, meni o‘zingiz ham bormagan bir begona shaharga olib ketayapsiz. Lekin u shahar haqida hech narsani bilmaysiz?-dedi bolalarga xos soddalik bilan.
- Oz-moz bilaman.
- ...
- Balashixa – 18 asrlarda tiklangan shahar. Uning rivojlanishi asosan, to‘qimachilik sanoati bilan bog‘liq. Keyinchalik shaharda to‘qimachilik fabrikalari paydo bo‘lgan. Pexorka daryo sohili bor: ajoyib dam olish maskani. Golitsin oilasi qasri ham tarixhiy ahamiyatga ega ob’yekt. Yana Balashixa parki ham bor, deb eshitdim.
- Shu park yaxshi dam olish maskani, desam «Bolaga o‘xshab, parkka aylanmoqchimisan» deb ustimdan kulishingiz mumkin. Shuning uchun agar Balashixaga borsak, meni Pexorka sohiliga oborasizmi?
- Nasib. Xudo xohlasa olib boraman. Faqat, yaxshi ishlasang... o‘g‘lim!
Rabi «o‘g‘lim» deganimdan ko‘ngli to‘lib ketdi, chog‘i, lablari pirpiradi. His-hayajonini yashirolmay, shundoq belim uzra mahkam quchoqladi.
- Rahmat!-dedi-yu, boshqa so‘z topolmadi.
Biz Rabi bilan ota-bola tutinib oldik. Balashixaga keldik. Mashinasozlik va aviatsiya sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoat ishlab chiqarishga iqtisodiyoti yuqori bu shahar tinch va sokin, o‘z o‘rnida odamlari gavjum edi.
Bizni Balashixaga chaqirgan tanishim – Ochilmamat kutib oldi.
- Aybga buyurmaysan – sherigim bor!
Ochilmamat Rabiga sekin qaradi.
- O‘rin bir kishilik, brigadir boshqa ishchi kuchi so‘ramagan. Ammo, sen yetaklab kelibsanmi, buyog‘ini amallaymiz!-dedi kulib Ochilmamat va Rabi bilan ham bag‘irlashib ko‘rishdi.
- Qarindoshingmi?
- ...
- O‘g‘illariman!-qo‘qqisdan javob berdi Rabi.
Ochilmamat mening faqat qizlarim borligini bilgani uchun ham kulib yubordi va menga zimdan ayyorona irjayib qaradi.
***
Avvaliga Rabini «ortiqcha nonxo‘r» sifatida qarshilagan brigadir keyinchalik uning ishdan qochmasligi, mehnatsevarligidan mamnun bo‘ldi. Men Rabining haqiqiy otasi emasligimni, uning Bolalar uyida katta bo‘lganidan ko‘pchilik xabar topgandi. Shunga qaramay, biz ota-bolalardek yaqin va sirdosh bo‘lib ketdik. U hech ikkilanishlarsiz meni «ota» derdi. 6 oydan ko‘p vaqt ishladik. Mening esa bo‘yi yetgan qizlarimning to‘yini o‘tkazish uchun pul ishlash maqsadida muhojirlikda yurganimdan Ochilmamat xabardor edi. Shunga qaramasdan, oylik maoshlarimizni to‘liq bermas, u-bularni bahona qilardi. Kunlarning birida brigadirdan mehnat haqimni so‘raganim o‘zimga qimmatga tushdi. «Men seniyam, anu asrandi o‘g‘lingniyam boqib kelayapman. Shunga yarasha pul olyapsanlar. 6 oydan buyon ming‘ir-sing‘irlaring jonimga tegdi. Istamasang ko‘ch-ko‘roningni ko‘tar!»-dedi brigadir bezbetlarcha.
- Siz mening emas, otamning pulini bering!-dedi Rabi jahl otiga minib.
Shunda brigadir Rabini beshog‘izlikda ayblab, unga o‘dag‘ayladi. Ustiga bostirib kelib, musht tushirdi. Rabi yana gap qaytardi. Brigadir yana zo‘ravonlik qilishni boshlaganda, uning qo‘llarini ushlab oldim. Zabardast qo‘llarim bilan qo‘llarini qayirib, do‘pposlashga tushdim. Ochilmamat aralashdi, ajrata olmadi. Afsuski, men brigadirni tanobini tortayotganimda, Ochilmamat quv va pastlik qilib, o‘g‘li tengi bola – Rabini hali qurilishi tugallanmagan devor ustidan itarib yuboribdi.
Butun boshli qurilish ishchilari to‘planishdi. Ko‘z ochib yumguncha, «Tez yordam» mashinasi yetib keldi. Ravbini zudlik bilan kasalxonaga olib ketdik. Yaxshiyam, Rabining sog‘ligiga jiddiy ziyon yetmagan ekan. Chap oyog‘i singan va boshi yorilgan. Voqeaning ikkinchi kunida hamshira Vladimir Ivanovich degan kishi meni so‘rab kelganini aytdi.
- Kto on? Ya yego ne uznayu!-dedim.
- On odin iz rukovoditeley stroitelnoy firmi. Po-moyemu, eto nachalnik ob’yekta, gde upal vash sin!
To‘g‘risi, qaysidir yirik qurilish tashkilotida ishlayotganimizni bilardim. Ammo, men uning rahbarini tanimas edim va hatto, ism-sharifini ham so‘ramagan ekanman. Hamshira bilan suhbatimiz tugamagan ham edi, palataning eshigi ochildi:
- Assalomu alaykum! Mojno voyti? Farrux aka, kak vi? Ravi, kak ti? Ay-ay-ay, lejat — eto ploxo. Ya slishal, sluchilos chto-to nepriyatnoye. Ya senyu vash trud.
- Spasibo, Vladimir Ivanovich! Tak poluchilos...
- Ya ne proщu etu glupost. Mnogiye nedovolni brigadirom i Ochilmamatom. Ya vsegda viplachival zarplatu rabochim vovremya.
- Mi uje okolo shesti mesyasev poluchayem ochen nizkuyu zarplatu.
- Ya ob etom slishal. I ya nedovolen imi...
- ...
- Vrachi budut xorosho zabotitsya o vas, i uje segodnya sam Ochilmamat prinesyot vam vsyu vashu zarplatu polnostyu. I otsu, i sinu,-dedi u kulib.
Vladimir Ivanovich bilan suhbatimiz ancha davom etdi. Kasbu kor, oilamiz haqidayam chuqur so‘radi.
- U menya mnogo druzey iz Uzbekistana, i ya chasto bivayu v Uzbekistane. Vezde yest xoroshiye i ploxiye lyudi, no prichinyat bol svoimi — eto samaya ploxaya privichka,-dedi u birdan xomush tortib. Va birozdan so‘ng yana quvnoq kayfiyatda:
- No, Farrux aka, vsyo budet xorosho. Ya ostanus dlya vas blizkim chelovekom. Vasha rech krasivaya i plavnaya na russkom. Sizga katta rahmat! Sizni kizlaringiz baxt bo‘lsin,-dedi. Vladimir Ivanovich o‘zbek tilida qiynalib, ammo mamnun kayfiyatda so‘zlashga harakat qilardi.
Vladimir Ivanovich tashrif qog‘ozini qoldirib, xayrlashib chiqib ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay, palataga Ochilmamat va brigadir kirib keldi. Har ikkalasining ham tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan edi. Brigadir o‘smoqchilab so‘z ochdi:
- Shunaqa bo‘lib qolgandi... Pullaringni men ishlatgandim!
- Bunga mening dahlim yo‘q,-terslandi Ochilmamat.
- O‘z millatdoshlaringni ustidan kulish, ularga zo‘rlik qilish, masxara va mag‘zava to‘kish senlarga emas! Begona yurtda bir-birini qo‘llash kerak joyda, sen va senga o‘xshaganlar o‘zinikini talaydi!-sanchib gapirdim nafrat bilan.
- Oshirib yuborma, Farrux. Biz hech kimni talamadik-ku!
- Talonchilikdan battar senlarni bu qilgan ishlaring!
- Meni emas, hech bo‘lmasa, shu yetimning haqini berlaring, deb qancha yolvordim. Qizlarimning bo‘yi yetgan, yaxshi niyatlar bilan kelgandim shu yurtlarga. Ota bo‘lib, shuncha vaqtdan beri tuzuk pul jo‘nata olmadim,-jazavaga tushdim.
- Bo‘ldi. Tushundik. Mana bu hamma mehnat haqlaring, o‘zingniki ham, o‘g‘lingniki ham. Faqatgina sendan bir iltimos, do‘stim. Vladimir Ivanovichga bir og‘iz telefon qilib, pulni to‘liq olganing va ularni kechirdim, deb aytib qo‘y!-zo‘rg‘a so‘zladi Ochilmamat.
- «Do‘stim», «Ularni kechirdim»! Shu so‘zlar o‘zingga g‘alati tuyulmayaptimi?
- ...
- Yetimniyam haqini ortig‘i bilan berdik..,-dedi brigadir yana baland tovushda. U hali gapini tugatmagan ham edi, Rabi qizishib ketdi:
- Senlar yetim, men yetim emasman, mening otam bor, tushundilaringmi, otam bor. Qishloqda, Buxoroda onam bor, opalarim bor, eshitdilaringmi. Chiqlaring, yo‘qollaring!-qichqirardi u.
Xonaga hamshiralar bostirib kirishdi. Bir pasda ola-g‘ovur bo‘ldi. Men Rabini quchoqlab, uni tinchlantirishga urinardim. Bu orada brigadir bilan Ochilmamat qayoqqa g‘oyib bo‘lib qoldi, e’tiborsiz qoldirdik...
...Kechki payt Vladimir Ivanovichga qo‘ng‘iroq qildim. E’tibor uchun, to‘liq berilgan maosh uchun minnatdorlik bildirdim. Biroq, brigadir va Ochilmamat haqida biror og‘iz so‘z ochmadim. U menga ishga qaytish va Ravi tuzalguncha xabar olib turishimni aytdi.
***
Rabining tuzalib, oyoqqa turgunicha qurilish ob’yektida ishlab turdim. Brigadir o‘zgargan, yordamchisi ham toshkentlik yigit edi. Maoshlar o‘z vaqtida berilardi. Ikki yilcha shu qurilish tashkilotida ishladim. Bir kuni Rabi oldimga keldi:
- Ota, mana bu sizga! O‘g‘lingizning oshgan maoshidan,-dedi kulib.
Ko‘nglim allanechuk bo‘ldi. «O‘g‘lim yo‘q» deb o‘ksimasam ham bo‘ladi, dedim ichimda. Bergan pulini qaytarsam ranjiydi, olsam, o‘zimga noqulay. Hang-mang bo‘lib qoldim. Pullarni sekin cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Qo‘llarimni duoga ochdim. Rabi yana tezda ishiga qaytdi.
Kunlarning birida Vladimir Ivanovichga qo‘ng‘iroq qilib, yurtga qaytishimni, tez kunlarda qizimni turmushga uzatishimni bildirdim. U chin dildan tabriklab, ertasiga yangi brigadir orqali to‘yga to‘yonasini ham jo‘natibdi.
- Rabi, o‘g‘lim, men endi yurtga qaytaman!
- Opamning to‘yigami?
- Ha!
- Bilaman. Meni olib ketmaysiz!
- ...
- Bu mendan opamga to‘yona. Anchadan buyon to‘plab yurgandim..,-ko‘zlari yoshlandi-yu, ammo, menga uni ko‘rsatmaslikka urindi Rabi.
Yuragim yana izilladi. Gung bo‘lib qoldim, soqov bo‘lib qoldim. Ichki og‘riq, ichki o‘y meni o‘tdan olib suvga, suvdan olib o‘tga tashlardi. Tavakkaliga aytgan so‘zimdan negadir, o‘zim yengil tortdim:
- Yuklaringni ol, ota ham o‘g‘lini tashlab ketadimi?
....
***
Bu orada ikki yil bir-birini tepkilab o‘tgandi. Kecha qizim ikki nevaram bilan darvozadan kirib keldi. Uning ortidan yaqinda turmushga uzatilgan qizim ham keldi.
- Ota, onam qayerdalar?
- Oshxonada unnayotgan edi, shekilli.
- Juda beparvosizlar-a, qachon bunday harakatni boshlaysizlar?-dedi katta qizim jiddiy tortib.
- Nima, qizim, qanday harakat?-so‘radim hayron qolib.
- Mana bu ozroq yiqqanim, otajon. Dasturxon tugishu bir sidra kiyim-kechakka yetadi. Tezda qaynsinglimga sovchilikka boringlar,-dedi katta qizim. Yaxshi qiz. Qo‘ldan chiqmasin. Rabi ukam ham unga e’tiborsiz emas!-dedi qizim.
Shu payt Rabi kelib qoldi. Katta opasi bilan bag‘irlashib ko‘rishdi. Kichik opasini ham quchib ko‘rishar ekan:
- Opajon, tinchmisiz, pochcham xafa qilmayaptilarmi, yangi oilada qiynalmayapsizmi?-dedi.
O‘zim sezmagan holda ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqdi. Ukasiga mehribon opalaru, opalarini yeru ko‘kka ishonmas ukadan xotirjam tortdim...
Asli kasbi jurnalist, ammo, taqdir taqozosi bilan muhojirlikdayam bo‘lgan Farruxning so‘zlarini Laylo Hayitova oqqa ko‘chirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter