Hamma raqsga tushsin! Andijon hokimidan yangi «tashabbus»
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida o‘tgan hokimlik soatida «Andijon polkasi»ni ommalashtirish haqidagi xabarnoma matni tarqalib ketgan.
Unga ko‘ra, «Andijon polkasi» xalq kuyi yaratilganining 100 yilligi va «Andijon polkasi» xalq raqs ansambli tuzilganining 65 yilligini keng nishonlash maqsadida viloyatda «Andijon polkasi» oyligi e’lon qilingan.
Oylik davomida barcha tashkilot, idora va muassasalar rahbarlari, barcha darajadagi ta’lim maskanlari, umuman olganda, o‘zini andijonlikman degan har bir fuqaro har kuni mana shu raqsga tushishi kerakligi aytilgan.
Bundan tashqari, odam gavjum joylarda, jamoat transporti, mehmonxonalar, vokzallarda turli chellenj va fleshmoblar o‘tkazish orqali raqsni ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Eng qizig‘i, mana shu raqs oyligi doirasida o‘tkazilgan har qanday tadbir haqida har juma kuni soat 15:00 ga qadar viloyat hokimligiga fotoalbom va yozma axborot berish topshirilgan.
Ma’lumot uchun, «Andijon polkasi» kuyi o‘tgan asrning 20-yillarida yaratilgan. «Andijon polkasi» xalq ansambli esa 1957 yilda tuzilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter