«Daraxt shoxlariga «osilib» maktabga qatnayotgan bolalar» maqolasiga Vobkent tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi
«Xabar.uz» «Daraxt shoxlariga «osilib» maktabga qatnayotgan bolalar» sarlavhasi ostida video va fotolar ilova qilingan kattagina maqolada Buxoro viloyatining Vobkent tumani «Shanba» MFY hududidagi muammolarni yoritgan edi. Maqolaga Vobkent tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Quyida uning matnini to‘liq keltiramiz.
«Vobkent tumani hududida jami 16 km xalqaro ahamiyatdagi, 171 km umumfoydalanuvdagi va 688 km ichki yo‘llar mavjud bo‘lib, so‘nggi 4 yilda davlat dasturlari, “Ochiq budjet”, “Mening yo‘lim” dasturlari, shuningdek, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan tumandagi 286,5 km yo‘llar, 2 ta xalqaro va 2 ta umumfoydalanuv yo‘llardagi ko‘priklar ta’mirlandi. Jumladan, joriy yilda 1,9 km umumfoydalanuvdagi yo‘llar, “Tashabbusli budjet” jarayoni 1-bosqichida 3 ta mahalladagi 9,4 km, Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish manzilli dasturiga asosan 6 ta mahalladagi 3,9 km yo‘l asfaltlashtirilgan bo‘lsa, “Tashabbusli budjet” jarayoni 2-bosqichida 4 ta mahalladagi 14,0 km yo‘llarni asfaltlashtirish ishlari bajarilmoqda.
Xalqaro ahamiyatidagi M-37 yo‘lidan «Shanba» mahallasiga olib boruvchi, mahallani tuman markazi bilan bog‘lovchi umumfoydalanuvdagi 4K-212 yo‘lining umumiy uzunligi 26 km bo‘lib, shundan 22 km qismi 2021-yilgacha ta’mirtalab holatda edi. O‘tgan 4 yil davomida davlat dasturlari va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan mazkur yo‘lning 20,2 km qismi, shundan, 1,5 km qismi joriy yilda to‘la ta’mirlandi, qolgan 1,8 km qismini ta’mirlash ishlari 2025-yildagi ustivor vazifa sifatida rejalashtirilgan, hozirgi kunda yo‘lning 16-km dagi («Shanba» mahallasiga o‘tuvchi) ko‘prikda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Videolavhada ko‘rsatib o‘tilganidek, Vobkent tumani «Shanba» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining murojaatlariga asosan tuman hokimligi mas’ullari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida joyiga chiqqan holda muammolar o‘rganildi.
«Shanba» mahalla fuqarolar yig‘ini tuman markazidan olis hududda joylashganligi, aholi punktlari tarqoq (aholi punklari orasidagi masofa uzoq)ligi, aholi xonadonlari markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligi, ichki yo‘llari ta’mirtalab holatda ekanligi, elektr ta’minotini yaxshilash zarurati mavjudligini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentyabrdagi PQ-5246-sonli “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ushbu mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Dastur doirasida «Shanba» MFYda 4 ta transformator punkti o‘rnatish va 10 km tarmoqlar tortish, 18,0 km ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va 5,5 km ichki yo‘llarni ta’mirlash, shuningdek, Mahalla markazi va 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binolarini qurish, 27-son maktabni mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda Mahalla markazi va 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish bo‘yicha loyihalash ishlari olib borilmoqdi, suv tarmoqlari tortilgandan so‘ng, ko‘chalarni asfaltlashtirish (ta’mirlash) ishlari bajariladi.
Shamsiobod qishlog‘ida ariqlarni tozalash jarayonida aholi tomonidan qazilgan tuproqlar yo‘l chekkasida uyulib qolganligi, yog‘ingarchilik suvlarini qochirish imkoniyati bo‘lmaganligi natijasida yo‘llarda yog‘ingarchilik suvlari yig‘ilib qolgan. Shuningdek, Oblogo‘y qishlog‘ida 0,4 kVli tarmoqda avariya sodir bo‘lishi natijasida ushbu qishloqdagi 12 ta xonadonlarning elektron hisoblagichlari yaroqsiz holga kelgan.
Murojaatlarni o‘rganish kunida mahallaning Shamsiobod, Xalqobod, Oblogo‘y va Obod mahalla qishloqlaridagi ichki yo‘llarning ta’mirtalab (suv yig‘iladigan) qismlariga shag‘al yotqizildi, Oblogo‘y qishlog‘idagi 12 ta xonadonning elektr hisoblagichlari tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan almashtirib berildi. Shamsiobod, Xalqobod, Oblogo‘y va Obod mahalla qishloqlaridagi maktab o‘quvchilarining maktabga qatnashi uchun transport vositasi biriktirish taklifi tumandagi aholiga yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatish faoliyatini olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘rganib chiqilgandan so‘ng, bu borada amaliy ishlar boshlanadi.
Tumanda 2024-yil bahor oylarida yog‘ingarchiliklar ko‘p bo‘lganligi sababli hamda yog‘ingarchiliklar natijasida kutilyotgan suv limitlari ortiq miqdorida bo‘lganligi natijasida aksariyat hududlarda yer osti sizot suvlari sathi (2-2,20 m) me’yoridan ortiq bo‘ldi. Ayniqsa «Xayrobod» va «Qo‘ng‘irot» hududlarida sizot suvlari sathi me’yoridan 0,4-0,5 metrdan yuqori bo‘lganligi kuzatildi.
Yer osti sizot suvlari sathi me’yoridan ortiqcha bo‘lganligi sababli zax suvlariga chidamsiz ayrim yosh ko‘chatlarning qisman qurishiga olib keldi.
Yuqorida nomlari keltirilgan hududlarda yashovchi fuqarolar mazkur ko‘chatlarning qurishiga sholi ekilishi sabab bo‘lgan deb murojaat qilishgan. Murojaatlar sohaga aloqador mutaxassislar ishtirokida joyiga borib o‘rganilganda oldingi yillarda ham sholi ekinlari ekilganligi aniqlangan.
Sizot suvlari sathini me’yor darajasiga tushirish uchun hududdagi 1,5 km kollektorlar mexanizm yordamida tozalanib, 3 ta zax qochirish tik qudug‘i muntazam ishlatib borildi va zax suvlari me’yor darajasiga tushirildi.
Ayrim qurigan yosh daraxtlar bo‘yicha hududda faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan maslahatlashib ushbu fermer xo‘jaliklari tomonidan homiylik sifatida har bir qurigan daraxt uchun 10 donadan mevali ko‘chat olib berilishiga kelishildi.
Noyabr oyidan ko‘chat qurish mavsumi boshlanganligi sababli fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan qurigan ko‘chatlarning o‘rnini to‘ldirish maqsadida mevali ko‘chatlar yetkazib berilishi belgilandi.
Shu bilan birgalikda Vobkent tumanida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar hamda yetarlicha muammolar mavjud bo‘lib, bu muammolar kelgusida tuman dasturlari asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, Vobkent tumani hokimligi tumandagi muammolarga befarq bo‘lmagan «Xabar.uz» jamoasiga o‘z minnatdorligini bildiradi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter