Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdulla Aripov Xitoydagi xalqaro ko‘rgazmaning faxriy mehmoni bo‘ladi

Abdulla Aripov Xitoydagi xalqaro ko‘rgazmaning faxriy mehmoni bo‘ladi

Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi bugun, 4 noyabr kuni Shanxayga tashrif buyurdi. O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 5-10 noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida bo‘lib o‘tadigan yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Abdulla Aripov mazkur tadbirga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan.

Tashrif doirasida XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Dastlab, O‘zbekiston tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning XXR Raisi Si Szinpinga yo‘llagan samimiy salomini yetkazdi. O‘z navbatida, Xitoy tomoni Si Szinpinning O‘zbekiston yetakchisiga ezgu tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘radi.

Xitoy O‘zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkori ekani, ikki tomonlama aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, munosabatlarning bugungi darajaga ko‘tarilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli, samimiy va do‘stona munosabatlar asosiy omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Xususan, 2023 yilda savdo aylanmasi 14 mlrd dollarga yetdi. Davlatlar rahbarlari hukumatlar zimmasiga uning hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlashda barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun esa o‘zaro sa’y-harakatlari birlashtirish lozimligi bildirildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, sanoat, infratuzilma, transport-logistika, «yashil» energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, IT, ta’lim, turizm, hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Shanxayga tashrif doirasida Shanxay shahri Partiya qo‘mitasi kotibi Chen Szinin hamda «Henan investment Group», «China Datang Group», «Shanxi Tianhai Group» singari Xitoyning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Xitoyga amaliy tashrifi davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring