Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Kuvaytda yirik biznesmenlar bilan uchrashdi

Prezident Kuvaytda yirik biznesmenlar bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Fouad Alghanim & Sons" kompaniyasi rahbari Fadi Xaddadni qabul qildi.

1965-yilda tashkil etilgan xolding avtomobilsozlik, qurilish, energetika, neft-gaz, savdo, kema qurilishi, aviatsiya, telekommunikatsiya, turizm va ko‘chmas mulk sohalarida faoliyat yuritmoqda.

"Fouad Alghanim & Sons" kompaniyasining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sog‘liqni saqlash va ta’lim ob’yektlarini qurish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahrida "Agility Logistics" kompaniyasi raisi Xenadi al-Solih bilan uchrashuv o‘tkazdi.

1979-yilda tashkil etilgan transmilliy logistika kompaniyasi bu sohada dunyoning eng yirik korxonalaridan bo‘lib, 70 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda. Aviatsiya xizmatlari, sanoat omborlari, logistika parklari, xizmatlarni raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda ish olib bormoqda.

Uchrashuvda Ko‘rfaz mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini samarali yetkazib berish uchun O‘zbekistonda qo‘shma logistika markazini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihaga alohida e’tibor qaratildi.

Rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahrida "Action Group Holdings" kompaniyasi rahbari Shayx Muborak as-Sabohni qabul qildi.

1998-yilda tashkil etilgan xolding faoliyati ko‘chmas mulk, neft sanoati, axborot texnologiyalari, logistika, qurilish, ta’lim, konsalting va savdo sohalarini qamrab oladi.

Davlatimiz rahbari "Action Group Holdings" kompaniyasining O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalari va ijtimoiy uy-joylar qurish, mineral resurslarni qayta ishlash bo‘yicha rejalarini ma’qulladi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev "Kamco Invest" kompaniyasi rahbari Abdulloh al-Sharix bilan uchrashdi.

1998-yilda tashkil etilgan "Kamco Invest" moliyaviy kompaniyasi aktivlarni boshqarish, investitsion banking va brokerlik sohasida xizmatlar ko‘rsatadi. BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Buyuk Britaniyada vakolatxonalari mavjud.

"Kamco Invest" rahbariyati bilan xususiy kompaniyalarning korporativ faoliyati samaradorligini oshirish loyihasini amalga oshirish hamda Qo‘shma investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring