Binance kripto-birjasi O‘zbekiston bozoriga kirmoqda
O‘zbekiston hududida Binance kripto-birjasi o‘z faoliyatini qonunchilik bilan belgilangan tartibda mahalliy «CoinPay» MChJ orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Agentlik Binance tomonidan O‘zbekiston Respublikasi foydalanuvchilariga (rezidentlariga) xizmat ko‘rsatish masalasini hal qilgan.
Endilikda O‘zbekiston rezidentlari Binance platformasiga «CoinPay» MChJning tegishli resurslari (coinpay.uz) orqali kirishlariga imkoniyat beriladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish hamda chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tizimni ishga tushirish, hamkorlar platformalarining barcha modullari, jumladan, milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashganidan so‘ng amalga oshirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning yanvar oyida Binance kripto-birjasi O‘zbekiston qonunchiligi, xususan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik talablarini buzganligi uchun mahkamaga tortilgan va unga nisbatan BHMning 300 barobari miqdorida jarima qo‘llangan edi.
Agentlikning bildirishicha, Binance kripto-birjasi jarimani qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat budjetiga to‘lab bergan.
Eslatma!
Prezidentning 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son qarori 3-bandi «d» kichik bandiga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari lozim.
Ma’lumot uchun, «CoinPay» MChJ kripto-aktivlar aylanmasi sohasida rasmiy xizmat ko‘rsatuvchi provayder bo‘lib, u kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter