Rashk tufayli qotilga aylangan erkak o‘n yilga qamaldi
Ota-onasiz qolgan 4 nafar farzand tuman hokimi qarori bilan vasiylik asosida yaqin qarindoshlarga tarqatilgan.
«Nosog‘lom turmush ortidan kelgan qotillikning eng ayanchli joyi shu. Sud hukmi o‘qib eshittirilganda, o‘zimni boshqara olmadim. Baqirib yig‘lab yubordim. Nega, bilasizmi, o‘lgan o‘ldi, qamalgan qamaldi... bechora 4 nafar bola uch taraf bo‘ldi. Kattalarning noqobilligini go‘daklar tortishadigan bo‘ldi...», — deydi sudda qatnashgan marhumaning yaqin qarindoshlaridan biri.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 1975 yilda tug‘ilgan yakka tartibda kosib bo‘lib ishlagan II-guruh nogironi O.H. rashk tufayli turmush o‘rtog‘i S.E.ni 16 marotaba pichoqlab o‘ldirgan.
O.H. hamda S.E.lar 2013 yilda qonuniy nikohdan o‘tib, turmush qurishgan. S.E.ning ikkinchi turmushi bo‘lib, yangi oilaga o‘zi bilan 3 yoshar qiz farzandini ham olib kelgan bo‘lgan. Ular 11 yil birga yashash davomida yana uch farzandni dunyoga keltirishgan va jami 4 nafar farzand bilan tinch-totuv yashab kelishgan. Ayni paytda bu farzandlarning to‘ng‘ichi 14 yoshda, keyingisi 11 yosh, o‘rtanchasi 9 yosh va kenja farzand 5 yoshda.
«To‘rt nafar o‘g‘il-qizni tarbiyalab, voyaga yetkazib kelayotgan oilada keyingi yillar turli mash-masha va kelishmovchiliklar boshlangan edi. Er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro mojaro mahalla faollarini ham ancha tashvishga solgandi. O‘zaro kelishmovchiliklari janjal va o‘rni kelganda, bir-birini urib-so‘kishlarga ham sabab bo‘lgan. Doimiy rashk qilar, xotinini suyuqoyoqlikda, uni begona erkaklar bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelganlikda ayblardi...»-deydi mahalla faollaridan biri.
Sud hujjatlariga ko‘ra, S.E. turmush o‘rtog‘i O.H.ga «qo‘ling bilan ushlamagan narsangga gapirma», «jonga tegding, istagan kishim bilan yuraman» degan, uni tuhmat va haqoratlari uchun ichki ishlar organlariga topshirib, qamatib yuborishini po‘pisa bilan aytgan. Rashk tufayli turli vajlar ko‘rsatib kelgan O.H. xotinini xiyonatda ayblayvergan va oxiri uni uyidan quvib haydagan.
S.E. turmush o‘rtog‘ining ustidan davlat organlariga shikoyat arizasi bilan kirgan. O.H. esa xotinidan shikoyat arizasini qaytarib olishini talab qilgan. Biroq, S.E. buni qat’iy rad etgach, O.H. o‘zi bilan yashirin ravishda cho‘ntagida olib chiqqan oshxona pichog‘i bilan xotiniga tashlangan. Bir, ikki, uch, to‘rt... bu pichoq sanchilishlarni 16 marotabasiga to‘xtatgan. Jinoyati ustida hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgan va pichoqni muzlatgich orqasiga tashlab, voqea joyidan chiqib ketgan. Qilmishi yuzasidan singlisiga qo‘ng‘iroq qilib bildirgan.
«14 yillik turmushlari barbod bo‘ldi. O.H.ni biz ham, hatto, S.E.ning yaqin qarindoshlari ham ko‘p bor tinchlanishga, farzandlari uchun tovfiqli yashashga, o‘rtalaridagi kelishmovchiliklarga chek qo‘yishlariga chaqirganmiz. Ammo, jahl kelsa, aql qochadi, deyishgandek, 4 nafar farzandning ham onasiz, ham otasiz qolishiga sabab bo‘ldi», — deydi mahalla faoli.
Sud holat yuzasidan o‘z ishini yakunlagunga qadar Qorako‘l tumani hokimining ham to‘rt nafar voyaga yetmagan bolalarni yaqin qarindoshlarga vasiylik asosida topshirish bo‘yicha qaror chiqargan. Ushbu qarorga asosan, bir nafar besh yoshli va bir nafar 9 yoshli qiz O.H.ning opasiga, 14 yoshli qiz S.E.ning opasiga, 11 yoshli o‘g‘il farzand 2013 yil 7 iyun kuni tug‘ilgan Hamroyeva Ochilgul Og‘ajon qiziga vasiy O.H.ning akasiga vasiylikka berilgan.
Aybdorga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasiga asosan, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter