Buxoroda xotinini qasddan o‘ldirgan fuqaro 14 yilga qamaldi. U jinoyatini yashirishga uringan
Joriy yilning mart oyida Peshko‘ tumani, Shavgon qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillik ko‘pchilikni sarosimaga solgandi. Holatga ko‘ra, 40 yoshli erkak o‘zining yurish-turishidan rashk qilib, janjal chiqaravergan turmush o‘rtog‘ini uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, uni urib, kaltaklab, qasddan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Hech nima ko‘rmagandek uyidan bamaylixotir chiqib, fermer xo‘jaligidagi dala ishiga ketgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tumani sudi raisi Farrux Ikromovning «Xabar.uz» ga bildirishicha, sud-tergov ishlari davomida ayolning qotili uning turmush o‘rtog‘i ekani aniqlangan.
Peshko‘ tumani 36-sonli oilaviy poliklinika patronaj hamshirasi vazifasida ishlab kelgan marhuma Sh.N.ning uch nafar farzandi bo‘lib, odob-axloqli va oilaparvar bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i Q.H.ning nopok yurishlari, begona va xulqi buzuq ayollar bilan ishqiy munosabatlari mahalla og‘ziga tushib bo‘lgan. U har gal erini tergagan va to‘g‘ri yo‘lga chorlagan. Shunga qaramay, xotinining tanbehlarini nazar-pisand qilmagan Q.H. har kuni uyda janjal ko‘tarib, ayolini doimiy kaltaklaydigan odat chiqargan. Oilaviy notinchlikdan bezikkan ayol o‘z dard-tashvishlarini qaynsinglisiga bildirgan. Ayolning qaynsinglisi R.H. tong saharda akasining uyiga kelib, unga qattiq gapirgan. Yangasiga azob bermasligini, u farzandlarining onasi ekanini, yaxshi ayol ekanini qayta-qayta tushuntirgan. Singlisining «aql» o‘rgatayotganidan g‘azablangan aka uni ham kaltaklab, urib, tishlarini sindirib yuborgan.
Shu kuni qaynona-qaynotasi tomorqa ishlariga, bolalari esa o‘qishga jo‘nab ketgan ayol Q.H. bilan yana tortishib qolgan. Kuni kecha mahallasidagi xulqi buzuq ayolnikiga qolib ketgani, ular o‘rtasidagi gap-so‘z ayollik qadrini bukayotganini aytib, janjal ko‘targan. Erkak ayoliga nisbatan kuch ishlatgan. Uning yuz qismi va tanasining boshqa joylariga bir necha marotaba urib, tepgan. Qo‘llari bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘ib, uni qasddan o‘ldirgan. Jinoyatini hech kim ko‘rmagani va hech kim guvoh bo‘lmaganidan foydalanib, uyidan fermer xo‘jaligi dalalariga chiqib ketgan.
Oradan bir necha soat o‘tgach, katta qizi maktabdan qaytgan va to‘g‘ri ota-onasining xonasiga oyisini chaqirib kirib ketgan. Hayal o‘tmay, xonadan yig‘lab va baqirib chiqqan nevarasining sarosimaga tushganidan qo‘rqib qolgan bobo-buvi uning yoniga oshiqishgan. Kelinining qaysi sabab bilan o‘lib qolganiga tushunolmagan qaynona-qaynota shoshilinchda mash’um xabarni Q.H.ga qo‘ng‘iroq qilib yetkazishgan.
Q.H. go‘yoki hech nima bo‘lmagandek uyiga kirib kelgan va o‘zini xotinining vafotidan qayg‘uga tushayotgandek tutgan. Hammayog‘i ko‘kargan kelinini bu ko‘yga kim solgan bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda qolgan ota-ona dovdirab qolishgan. Afsuski, noqobil erkak o‘z qilmishlarini yashirish maqsadida ota-onasiga xotinining o‘limi ko‘p tashvishlar keltirishi mumkinligini, militsiyama-militsiya yurish yomonligini, bo‘lar ish bo‘lganini aytib, jasadni yuvib, uni obi-tobida ko‘mib yuborish kerakligini va bu ishga ular aralashmasligini qattiq tayinlagan.
Ular mahalladagi o‘lik yuvuvchi ayolni yollab, jasadni yuvishgan. Jinoyani xaspo‘shlash maqsadida qishloq vakiliga aytmasdan, jinoyatni xaspo‘shlash maqsadida o‘sha kunning o‘zidayoq, o‘zboshimchalik bilan go‘r qazib, janoza tayinlashgan. Murdani ko‘mishgandan keyin ota-onasiga xabar berishga kelishishgan.
Biroq, Sh.N.ning yaqinlari yetib kelgan mash’um xabar ortida qandaydir jinoyat borligini sezgandek zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishgan. Voqea joyiga yetib kelgan organ xodimlari vaziyatni qat’iy qo‘lga olishgan. Marhumaning bo‘yin va ko‘krak sohalariga juda ko‘p paxta qo‘yilgani, og‘zidan qon ketgan holda ekani, bo‘yin va ko‘krak sohalarida bir nechta yangi jarohatlar borligiga guvoh bo‘lingan. O‘lik yuvuvchi ham jasadni yuvayotganda, hech qanday jarohat ko‘rmagani to‘g‘risida yolg‘on guvohlik bergan.
«Men ertalab soat 7:00 da fermer xo‘jaligi dalalariga ishlash uchun chiqib ketgandim. Soat 14:30larda otam telefon qilib, ayolim o‘lib yotganini aytdi. Zudlik bilan yetib keldim. Xotinimning nafasi tez-tez qisib turardi, oyog‘ida «vorikoz»i ham bor edi. Shkafni ustini artaman, deb turgandi. Balki, shunda yiqilib tushgan bo‘lishi mumkin»,-deya kurakda turmaydigan bahonani ro‘kach qilgan.
Biroq, Q.H.ning urinishlari zoye ketgan. Kirdikorlari fosh etilgan. Sud-tergov ishlari davomida qotil uning o‘zi ekani aniqlangan.
Kuni kecha Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tumani sudi binosida Q.H.ning xatti-harakatlariga nisbatan o‘qilgan hukmda uning 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganini e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (Qotillik), 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan qotil jazo muddatiini og‘ir tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter