Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

Hasharotlar mahsulot deb ataladigan laboratoriyaga sayohat

Hasharotlar mahsulot deb ataladigan laboratoriyaga sayohat

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi 2024-yilning 10 iyunidan 10 iyuliga qadar «Biohimoya bo‘yicha dolzarb 30 kunlik» tadbirini e’lon qildi.

Aptekada sotilmaydigan «dori»

Tabiatning insoniyat bir anglab, bir anglamagan o‘z qonun-qoidalari, o‘z tosh-tarozisi bor. Har qanday zararkunanda paydo bo‘lar ekan, uning kushandasi ham tabiatning o‘zidan chiqqan.

Samarqand shahridan g‘arbga tomon 100 kilometrlab masofadagi Narpay tumani tomon yo‘l olarkanmiz, yengil mashinasini boshqarib borayotgan Jahongirning qisqa ma’lumotlaridan keyin ko‘ngildan kechgani shu bo‘ldi. Jahongir Samarqand viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi xodimi. Uning aytishicha, bugunda viloyatda zararli hasharotlarni yeb yo‘qotishi uchun foydali hasharotlarni yetishtiradigan 32 ta biolaboratoriya ishlayapti. Mutaxassislar qishloq xo‘jalik ekinlarini biologik himoyalash maqsadda ko‘paytirilayotgan hashoratlarni, biomahsulot yoki entomofag deb atashar ekan. «Ento — hasharot, fag — o‘ldiraman degani», deb izoh ham berib qo‘yadi yo‘lboshchimiz.

– Foydali deganingiz hashoratlarning zararli jihatlari ham chiqib qoladimi? Deylik, o‘simlikka bo‘lmasa, odamlarga, uy hayvonlariga?

– Yo‘q, hech bir zarari yo‘q. Masalan, uyingizda xonqizini ko‘rgansiz. O‘sha o‘simlik zararkunandasini yo‘q qilishini bilasizmi?

– Voy, xonqizi ham yetishtirasizlarmi?

– Yo‘q, labaratoriyalarda xonqizidan foydasi kattaroq bo‘lgan Oltinko‘z, Trixogramma va Brokon degan 3 xil hasharot yetishtiriladi.

– Kimyoviy dorilar vetaptekalarda sotilganidek, biomahsulotni ham aptekadan topsa bo‘ladimi?

– Aptekada emas, bizda viloyatimning har bir tumanida biolabaratoriya bor. Fermerlar ular bilan shartnoma qilishadi-da, pul ko‘chirish yo‘li bilan olishadi. Kimyoviy doriga nisbatan juda arzon. Ximikat deylik, 1 mln bo‘lsa, qariyb 5 baravar arzon, 200 ming so‘mcha.

Urg‘ochisini izlab kelib qopqonga tushgan kapalaklar...

Narpayga yetganimizda, yo‘l yoqasidagi Sobirjon Gadayev fermer xo‘jaligiga qarashli dalada to‘xtadik. G‘o‘za ko‘chatlari o‘zini tutib olgan. Uzoqdan egatlar orasida oq xalatli qizlar ko‘zga chalinardi.

Shundoqqina dala boshida, g‘o‘zadan bir qarichcha balandlikda qog‘oz uycha shaklidagi moslamaga e’tibor beramiz. Bu «feromon lovushka», «feromon tutqich» deb atalarkan. Viloyat  o‘simliklar karantini himoyasi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Alisher Ismoilov ikkita kul rang kapalak yopishib qolgan karton qog‘ozni «uycha»dan olib obdon tushuntiradi. «Mana bu yelimga yopishib qolgan ildiz qurtining kapalagi. Kapalak tutqichga qanday tushib qoldi? Mana bu kapsula ildiz qurt urg‘ochisining hidiga botirilgan. Urg‘ochisini hididan izlab uchib kelgan erkak kapalak bu. Keladi-da, yelimga yopishib qoladi. Shu tarzda tabiiy holda urg‘ochisi urug‘lanmasdan ko‘payishdan to‘xtaydi. Monitoring uchun gektariga 2-3 tadan qo‘yiladi. Agar qarshi kurash bo‘lsa 15-20 tadan qo‘yiladi»

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bitta kapalak 5 avlod beradi va avlodi 500-600 tagacha urug‘ qo‘yadi. Bu degani bitta kapalakning o‘zi 3 mingtagacha g‘umbak kapalak paydo bo‘lishiga sabab ekan. Demak, har bir zararli kapalakning yo‘q qilinishi bilan, ko‘plab ildiz qurti (g‘o‘za qurti) kapalagi paydo bo‘lishining oldi olinadi.

«Lekin, feromon tutqich qo‘yilishidan asosiy maqsad monitoring o‘tkazishdir, — deydi Alisher Ismoilov. — Ko‘sak qurti 5 avlod beradigan bo‘lsa, ular har kuni urug‘ qo‘ymaydi. Bir oy davomida rivojlanish sikli davomida qaysi kunda kapalak urug‘ qo‘yishi ma’lum bo‘ladi.  Masalan, raqami yozilgan feromon qopqonga bugun 29 may kuni g‘o‘za qurtining 2 ta kapalagi tushdi, ertasiga 3 ta  tushdi, 31 iyunda esa umuman tushmadi. Demak, urug‘ qo‘yish to‘xtadi. Kelgusi 29, 30 sanalar xavfli bo‘ladi, o‘sha payti bizlar juda qattiq ishlashimiz kerak bo‘ladi».  

Ammo, bitta kapalak tushdimi, ular urug‘ qo‘yayotganligini hisobga olgan holda egatlar oralab darhol traxogramma, foydali hashorat qo‘yilarkan. Eng muhimi, tutqichlar har kuni kuzatilishi va natija yozib borilishi kerak. Shunga ko‘ra, ish ko‘riladi. Mabodo bir urug‘lash davrida tutqichga tushgan kapalakning soni 5 ta emas, 8 ta, 10 taga ko‘payib ketsa, muammoni biomahsulot bilan hal qilib bo‘lmaydi. «Shundan keyin O‘zbekistonda tavsiya qilingan kimyoviy vositalardan foydalanib ishlov beramiz. Ya’ni zararli hashoratning zichligi iqtisodiy zarar me’yoridan oshib ketadigan bo‘lsa kimyoviy vositadan boshqa yo‘l qolmaydi». Aslida esa vaqtida entomofagdan unumli foydalanganda, tartib bo‘zilmaganda zararli hashorat bu qadar ko‘paymasligi tajribada kuzatilganligini Ismoilov ta’kidlaydi.

«Oddiygina qilib aytganda, bir gektarga feromon tutqich natijasiga ko‘ra ishlov berilganda, 60-70 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Kimyoviy ishlov beradigan bo‘lsak, bir gektarga 450-500 ming so‘mga tushadi. Endi viloyatimizda 73 ming 500 gektar ekin maydon borligini bir eslang».

Hashoratlar tushadigan sadish suyuqligi qanday tayyorlanishini ham gapirib berishdi. Lekin, bu suyuqlikka foydali hashoratlar, jumladan, Oltinko‘z ham tushishini bilganimda tinglagim kelmadi...

Oltinko‘zni go‘zalligi uchun boqmaydilar

«Oltinko‘z juda chiroyli hashorat. Lekin, dalaga ona oltinko‘z keltirilmaydi. Faqat tuxumlari tarqatiladi» deydi o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Narpay tuman bo‘limi inspektori Jonibek Ernazarov.

Boya uzoqdan ko‘rganimiz qizlar Qozikent biolaboratoriyasi ishchilari ekan. Ularning har biri qo‘lida 3 litrlik banka. Birining bankasida mato qiyqimlari. Shakar upasi sepilgandek oppoq zarralar — oltinko‘z tuxumlari qoplangan mato bo‘laklarini qizgina ma’lum masofalarda ko‘chat shoxiga ilib bormoqda.

«Oltinko‘zning shunday xususiyati borki, bu hammaxo‘r hashorat, qanday zararkunanda bo‘lsa, o‘rgimchakkananing urug‘imi, ko‘sak qurtining urug‘imi bir boshdan terib yeb ketaveradi. Eng asosiysi, eng yaxshi ko‘rgan ovqati bu shira. Tuxum 3 kundan keyin lichinka, ya’ni qurt bo‘lib chiqadi, 15-16 kundan keyin imago bo‘lib ochib chiqadi. Ochib chiqadida, dalada yana biologik ko‘payish boshlanadi» deydi Jonibek Ernazarov.

Jonibek, foydali hashoratlarning kimyoviy vositadan afzalligini misollarda tushuntiradi: «Mana bugun kimyoviy vositani ishlatdingiz, tamom, bir o‘ldiradi ketadi. Buning afzalligi to paxtamiz pishib terilgunga qadar o‘zining xizmatini qiladi. Dalada ham ko‘payib boradi. Shunda biofond shakllanadi».

Jonibek Ernazarov.

Boshqa bir qizning qo‘lidagi bankada qog‘oz parchalari «garmoshka» qilib buklangan. Buklangan qavatlar orasida trixogramma. Deyarli ko‘zga ko‘rinmaydi. Kameraga tasvirga tushirsangiz va kattalashtirib ko‘rsangiz, g‘imirlayotgan jonivorlarni ilg‘aysiz. Egatlar orasida trixogramma 5x5 sxemada (5 metrga 5 metr), bir gektarda 400 nuqtada qo‘yilarkan. Mutaxassis tushuntiradi — ko‘sak qurti kapalagi urug‘ qo‘yganda, uning ichidan qurt chiqishi kerak. Qizig‘i, trixogramma o‘sha urug‘ni borib chaqarkan va uning ichiga o‘zining urug‘ini qo‘yarkan. Aslida zararli hashoratga tegishli bo‘lgan urug‘dan, ko‘ribsizki, foydali, trixogramma chiqarkan. Shuning uchun ham trixogrammaning tuxumxo‘r deyishadi.

Tabiatning «o‘yin»lari qiziq-da. Ko‘sak qurtining kapalaklari qo‘ygan tuxumlarini trixogramma olganicha oladi, qolganlari qurt bo‘lib qoladi. Endi qurtlar masalasini hal qilish boshqa bir foydali hashorat — brokonga qoladi. «Ko‘sak qurt bo‘lib shakllangandan keyin brokon kichik yoshdagi ko‘sak qurti lichinkalarini chaqib o‘ldiradi, kattaroq bo‘lgan bo‘lsa, uning ichiga o‘zining tuxumini qo‘yib,  dalada brokon avlodini ko‘paytiradi», —  hikoyasini davom ettiradi Jonibek.

Foydali hashoratlarni g‘allaga, bog‘ va poliz ekinlariga ham ishlatish mumkin ekan. Jonibek yana aytdiki, u ro‘zg‘origa pomidor-bordingni o‘zi entomofag bilan ishlov bergan issiqxonadan bozor narxiga sotib olarkan. «Bolalarimga kimyoviy dori yaqinlashmagan toza mahsulotni yedirganimda xotirjamroq bo‘laman» deydi u.

Laboratoriyada nega foydalisi qatorida zararli hashoratlar ham ko‘paytiriladi?

O‘ylab qarasam, katta-katta qoramollar boqiladigan fermalarda bir necha marta bo‘lgan ekanman. Suruv-suruv qo‘ylar o‘tlaydigan qir-adirlarda ham intervyu olganman. Tovuqxona, baliq boqiladigan havzalarni ham yaqindan ko‘rdim. Faqat, hasharot boqiladigan joyga birinchi marta kelishim...

Press-tur ishtirokchilari olib kelingan dargoh Narpaydagi 3 ta biolaboratoriyaning eng yirigi, «Maroqand sifat» MChJ qoshida ekan. Binoga qadam qo‘yishingiz bilan, yem hidiga o‘xshash allaqanday bo‘g‘iq havoni ilg‘aysiz.

Bizni «Maroqand sifat» MChJ klasteri maslahatchi-agronomi Shokir Omonturdiyev kutib oldi. Birin-birin katta-katta xonalarga kirib, hasharot ko‘paytirish jarayoni bilan tanishamiz.

Entomofaglarning har birining qurti, kapalagi parvarishi uchun o‘ziga xos texnologiyalar qo‘llanarkan. Masalan, laboratoriya xonalarining har birining harorati farqli. Oltinko‘zli xonada harorat  26, 28 dan oshib ketmasligi kerak. Sitotiroga qo‘yiladigan bo‘lmada ko‘p miqdorda arpa, ataylab don kuyasi (mita) bilan zararlantiriladi. Shu sabab bu yerda harorat 30 darajadan pasaymasligi kerak.  

Labaratoriyada 17 nafar xodim ishlarkan. Ularning bir nechasi faqat oltinko‘z bilan shug‘ullansa, boshqalari trixogramma bilan mashg‘ul. Brikon xonasidagi ishchilar ham boshqa hasharotlar ishiga aralashmaydi. Qizig‘i, bu yerda katta miqdorda zararkunanda hasharotlar ham ko‘paytirilmoqda. «Foydali hasharotni boqish uchun kerak! Shuningdek, foydali hasharot, zararlisi tuxumida yetiladigan joylari bor» deyishdi. Daladagi ma’lumotlarni esladim.

Masalan, sitotroga xonasida silindr shaklidagi maxsus elaklar qo‘yilgan. Sitotroga bu aslida zararkunanda, don kuyasining (xalq tilida mita deyiladi) tuxumi. Deylik, mita biror un kombinatiga tushsa, vahima bo‘ladi, tezroq bartaraf etishga kirishiladi.  Bu yerda esa ular boqiladi. Silindr ichidagi kuya kapalaklari uchib yuribdi, uning tuxumi (sitotroga) elab olinarkan. Sitotroga  deyarli ko‘zga ko‘rinmaydi, u shakar upasi donasi kabi. Zarurkunandaning tuxumi trixogramma xonasiga o‘tkazilarkan. Bu yerda maxsus bankalardagi trixogramma ana shu tuxumlarni chaqib, ichiga o‘z tuxumini qo‘yarkan. Yuqorida dalada shu usulda tabiiy ko‘paygani aytilgani kabi labaratoriyada ham trixogramma bazasi shu tarzda yaratiladi. O‘rni kelganda aytish joiz, dala sharoitida 1 dona trixogramma hayoti davomida 10 tadan 50 tagachaga zararkunanda tuxumlarini zararlab foyda keltiradi.   

Laboratoriyada bankali xonalar kam emas edi. Birida tekstil korxonasidan chiqitga chiqqan qiyqimlarda oltinko‘z urug‘i to‘planayapti. Boshqa xonadagi bankalar ichida garmoshka shaklida buklangan qog‘ozlar qatlamlarida trixogramma. Arpa zararlantirilayotgan xonaning hidi yana bir boshqacha. Bloklar mato-parda bilan qorong‘u qilib saqlanayotinini ham ko‘rdik. To‘r katakda oltinko‘zni bitta-bittadan probirka yordamida tutib bankalarga joylanayotgan qizlardan hol-ahvol so‘radik. Oxirida bo‘lganimiz, bu omborxona yoki sovutkich xonasi edi. Mahsulot tayyor, lekin, tashqarida yog‘ingarchilik kunlari yoki fermer hali paxta ekmagan vaqtlarda sovutkich xona qo‘l kelarkan. Mahsulot jonlanib ketmasligi uchun past haroratli joy muhim.   

«Tabiatda aslida foydali hasharotlar bor. Qish qattiq kelganda tabiatdagi biomahsulotlar qirilib ketadi. Issiq kelgan qishlar esa entomofagni asrab qolishi bilan zararli hasharotlar o‘n chandon oshishiga xizmat qiladi. Qolaversa, kimyoviy ishlov berilgan joylarda foydali hasharotlar ham qirilib ketadi. Shuning uchun biomahsulotlar maxsus ko‘paytirilib tabiatga qo‘yib yuboriladi» deydi Shokir.

Agronom suhbatdoshimiz Shokir Omonturdiyev, ko‘plab yer sohiblari biror hasharotni ko‘rdimi darrov kimyoviy ishlovga kirishganini noto‘g‘ri yondashuv, deydi. «Biologik zanjirni muvozanatini saqlash maqsadida dastlab biomahsulot bilan ishlashimiz kerak. O‘simlikni 1 metr kvadratda 1 ta yoki 10 ta o‘simlikda 10 foiz, 20 foiz, 30 foiz zararkunanda zararlay boshlasa, uni biomahsulot bilan bemalol himoyalash mumkin. 40, 50, 60 foiz zararkunanda tushgandagina ximikatga murojaat qilishimiz kerak». Eng asosiysi, arzon zararlantirish mahsulot tannarxini pasayishi omili. Bu degani, paxta, g‘alla, sabzavot, mevalar iste’molchiga anchayin arzon va tabiiy holda yetib boradi.

«Maroqand sifat» MChJ ga qarashli biolaboratoriya 2021-yilda davlat miqyosidagi tadbir va rejalarning, xususan «O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi» tashkil etilgani ilk mevasi deb aytiladi. Laboratoriya bitganda 10 ming gektar  maydonni qamrab oladigan biomahsulot ishlab chiqarish rejaga qo‘yilgan. Lekin, bugunda bu qamrov 5 ming gektarni tashkil qilayapti. Oldindan belgilangan miqyosda ishlash uchun harakat qilinmoqda. Zero, birinchi qadamlar doimo tajriba sifatida va sinovli bo‘ladi.

Masalan, mahsuldorlik oshishi uchun oltinko‘zga toza asal, margarin, turshak, turli qoqilar ham berib turish kerak. Toza deb sotilgan, lekin tarkibida kimyoviy moddalar qoldiqlari bo‘lgan asal hasharotga berilganda, dargohda shu oltinko‘z qirilib ketgan holat bo‘lgan. Endi ataylab borib tog‘ asalini xarid qilib kelishadi. Labarotoriyada bugunda 42 mingta oltinko‘z kapalagi bor. Haqiqatan chiroyli hasharot. Qanotlari harir yashil pardaga o‘xshash jonivor. Uning bir donasi tabiatdagi 120 tagacha shira, bit, trepislarni yeydi.

Toshkent Davlat agrar universiteti o‘simliklarni himoya qilish yo‘nalishi bo‘yicha PhD, ya’ni doktoranturada tahsil olayotgan Shokir Omonturdiyev kuni kelib bizda ham entomofaglarni dalaga, rivojlangan davlatlardagi kabi dronlarda tashlanishiga umid qiladi. «Inson omili xato qilishi mumkin, erinib, oxirida «e-e, bor-e» deb qo‘lidagi entomofagni tashlab yuborishi mumkin, eng ishonchli usullarni qo‘llashimiz kerak», — deydi bo‘lajak olim.

Narpay  tumani 22 ming gektar yerga ega. Shundan 18 ming gektar  maydon biolaboratoriya mahsulotiga ehtiyoji bor.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети