Yaponiyada tug‘ilishlar soni — O‘zbekistondagidan kam
Yaponiya sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi 7-iyun kuni e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, 123,9 million aholiga ega Yaponiyada o‘tgan yili 727 277 nafar tug‘ilish qayd etilgan. Ayol kishining umri davomida tug‘ish ko‘rsatkichini belgilovchi koeffitsiyent 1,26 dan 1,20 ga tushgan.
Solishtirish uchun: 37 million aholi yashovchi O‘zbekistonda 2023-yilda 962 ming nafar tirik tug‘ilish qayd etilgan.
Aholi soni barqaror saqlanib turishi uchun tug‘ilish koeffitsiyenti 2,1 ga teng bo‘lishi lozim. Bundan yuqori bo‘lsa, aholi soni ko‘payadi, aholi ulushida bolalar va yosh oilalar ulushi oshadi — ayni jarayon Hindiston va Afrikaning ko‘p mamlakatlariga xos.
Biroq Yaponiyada tug‘ilish darajasi ana shu «oltin o‘rtaliq» — 2,1 dan yarim asr davomida past bo‘ldi. Bunga 1973-yilgi global neft inqirozi sabab mamlakat iqtisodiyoti retsessiyaga uchragani (iqtisodiyot o‘sish sur’ati susaygani) va hanuz o‘nglanmagani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
So‘nggi yillarda pasayish an’anasi tezlashdi: Kunchiqar yurtda har yili (aholi qarishi oqibatida) o‘limlar soni tug‘ilishlar sonini bosib ketyapti, o‘z navbatida, bu umumiy aholi soni qisqarishiga olib kelib, iqtisodiyot, ijtimoiy ta’minot va uning infratuzilmasiga qattiq zarba bo‘lmoqda.
Yuqoridagi vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda Yaponiyada 1,57 millionta o‘lim holati qayd etildi, bu tug‘ilishlar sonidan ikki karradan ham ko‘proq!
Oila-nikoh masalasiga ham jiddiy putur yetgan: 2023-yilda nikohdan o‘tishlar soni 30 mingtaga qisqardi, ajrashishlar soni esa oshgan.
Ekspertlarning fikricha, Yaponiyada tug‘ilish pasayishi kamida bir necha o‘n yilliklargacha davom etadi, aholi tarkibi nuqtai nazaridan esa, umuman to‘xtamaydigan jarayon... Hatto ertadan boshlab Yaponiyada tug‘ilish ko‘rsatkichi oshgan taqdirda ham, toki yoshlar va keksalar nisbatidagi muvozanat tiklanguniga qadar, mamlakat aholisi kamayishda davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter