Xitoyda oilaviy ajrimlar ko‘payib bormoqda
Xitoy milliy statistika idorasi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda nikohdan o‘tuvchilar soni keskin qisqarib bormoqda. 2022-yilda qayd etilgan nikohlar soni 7 milliontaga ham yetmagan, bu milliy statistika yuritilishi boshlangan 1985-yildan buyon eng past ko‘rsatkich, deb yozdi CNN.
Solishtirish uchun: 2013-yilda Xitoyda 13 millionta nikoh ro‘yxatga olingandi.
O‘tgan 2023-yilda nikohdan o‘tishlar soni 8 milliontagacha o‘sdi, biroq hukumat noxush an’anadan hamon xavotirda.
Chunki ajrashayotganlar soni ko‘payib boryapti. Masalan, 2019-yili 4,7 millionta oila ajrashib ketgan yoki 20 yil oldingi holatga solishtirilganda 4 baravar ko‘p oila parokanda bo‘lgan.
Bu jarayonga nuqta qo‘yish maqsadida 2021 yilda yangi qonun qabul qilindi, unga ko‘ra, ajrashmoqchi bo‘lgan oilalarga 30 kunlik «sovish davri»dan o‘tish talabi qo‘yildi. Ajrimlar vaqtincha kamaydi, ammo ko‘zlangan natijani bermadi. 2023-yilda ajrashishlar soni oldingi yilga qaraganda 25 foizga ko‘paygan.
Iqtisodiyotining hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi Xitoyda demografik inqiroz tobora keskinlashmoqda. Mamlakat iqtisodiyotining o‘sish sur’ati sekinlashgan, aholi tez qarimoqda, uzoq yillar olib borilgan «bir oilaga — bir bola» siyosati tarixda qolgan bo‘lsa-da, tug‘ilishlar soni borgan sayin qisqarib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter