Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tojikiston Rossiyaga talabnoma yo‘lladi

Tojikiston Rossiyaga talabnoma yo‘lladi

Tojikiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Umid Bobozoda rossiyalik hamkasbi Tatyana Moskalkovaga talabnoma yubordi.

Unda Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlarning huquqlari poymol etilayotgani yuzasidan xavotir izhor qilingan.

«OAV va ijtimoiy tarmoqlar xabarlaridan ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat muhojirlarining hujjatlari qonuniyligi tekshirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomateriallarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari migrantlarga nisbatan qo‘pollik, kaltaklash, haqoratlash kabi taqiqlangan usullarni qo‘llayotganini ko‘rish mumkin. Biz muhojirlarning huquq va erkinliklari buzilayotganidan xavotirdamiz», – deyiladi talabnomada.

Tojikiston ombudsmani mamlakat fuqarolari, xususan, davlat xizmatchilari, talabalar, keksalar, ayollar va bolalar Rossiya chegarasida uzoq vaqt hibsda qolayotgani, ularga kerakli shart-sharoit yaratilayotganini ham tanqid qilgan.

Umid Bobozoda Tatyana Moskalkovaga Tojikiston fuqarolarining haq-huquqlariga rioya etish muhimligini eslatib, bu kabi holatlarni monitoring qilishda ko‘mak so‘ragan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 5 oktyabr kuni Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda ham Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin bilan uchrashuvda Rossiyada tojikistonliklarning asosiy huquq va erkinliklar buzilayotgani masalasini ko‘targandi.

«Rossiyada migratsiya sohasini tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar davomida fuqarolarimizning asosiy huquq va erkinliklarining keng miqyosda buzilishi tendensiyasidan xavotirga tushmaslik mumkin emas», – degan Rasulzoda.

10 oktyabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko uchrashuvida ham mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilingan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Xoll»da  ro‘y bergan teraktdan keyin Rossiyada nafaqat Tojikiston, balki butun Markaziy Osiyodan borgan mehnat muhojirlariga nisbatan siyosat qattiqlashdi.

Bu holatni hatto Moskvaning chizgan chizig‘idan chiqmaydigan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham keskin qoraladi. Qodirov RFda migratsiya siyosati qattiqlashayotganini o‘rta asrlar inkvizitsiyasiga o‘xshatdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring