Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Putin tanqidchisi, Ukraina ko‘makchisi». NATOga yangi bosh kotib keldi

«Putin tanqidchisi, Ukraina ko‘makchisi». NATOga yangi bosh kotib keldi

Bugun, 1 oktyabrdan e’tiboran Niderlandiya sobiq bosh vaziri Mark Ryutte NATO bosh kotibi sifatida faoliyatini boshladi. So‘nggi 10 yil ichida harbiy ittifoqqa raislik qilgan norvegiyalik Yens Stoltenberg esa iste’foga chiqdi.

Mark Ryutte Bryussel shahrida tashkil etilgan yangi vazifaga kirishishga bag‘ishlangan tadbirda Ukrainaga ko‘mak Shimoliy Atlantika harbiy alyansi uchun ustuvor maqsad bo‘lib qolishini ta’kidladi. 

«Biz Ukraina suveren, mustaqil va demokratik davlat bo‘lib qolishi uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak», – degan Ryutte.

Yangi bosh kotib, shuningdek, 32 davlatni yagona bayroq ostida birlashtirgan NATO mudofaa salohiyatini kuchaytirish uchun ushbu yo‘nalishda ajratilayotgan mablag‘larni ko‘paytirish lozimligini ham urg‘ulagan.

«(Bosh kotiblik davrimda) bir narsa o‘zgarmasligi aniq. NATOning asosiy missiyasi shundaki, biz odamlarimizni, davlatlarimizni va albatta qadriyatlarimizni himoya qilamiz», – degan u. 

57 yoshli Mark Ryutte 13 yil davomida Niderlandiyani boshqargan. O‘tgan yili migratsiya siyosati borasida kelishmovchiliklar ortidan hukumat rahbarligini tark etgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, u NATO tarixidagi eng murakkab davrda bosh kotiblik lavozimiga kirishmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi ortidan NATO davlatlari harbiy salohiyatni yanada kuchaytirish yoki avvalgidek AQSh dastagiga ko‘z tikishdek dilemma qarshisida turibdi. Mark Ryutte birinchi navbatda harbiy alyans a’zolarini YaIMning kamida 2 foizini mudofaa sohasiga ajratishga ko‘ndirishi lozim.

NATO davlatlarining Ukrainaga ko‘mak hajmi kamayib bormoqda. Ukrainani qurollantirish tarafdori bo‘lgan Ryutte alyans a’zolarini Kiyevga ko‘proq ko‘mak ko‘rsatishga ilhomlantirishi ham zarur.

Yangi bosh kotib Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukraina bosqini sabab keskin tanqid qilib keladi. U, shuningdek, 2014 yili Ukraina sharqida urib tushirilgan va yuzlab niderlandiyalikning o‘limiga olib kelgan samolyot halokatida ham Moskvani ayblagani ma’lum. Endilikda Ryutte harbiy alyans yetakchisi sifatida aksilputin ittifoqini yanada kuchaytirishi aytilmoqda.

Yana bir oydan keyin, 5 noyabr kuni AQShda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylovda demokratlar vakili Kamala Harris g‘alaba qozonsa, Yevropa Ittifoqi va NATO a’zolari uchun ayni muddao. Biroq prezidentlik poygasida respublikachilar nomzodi Donald Trampning qo‘li baland kelsa, u holda ittifoqchilar uchun yangi dahmazalar tug‘ilishi aniq. Gap shundaki, AQSh manfaatlari birinchi o‘rinda ekanini aytib kelayotgan Tramp prezidenlikka kelgudek bo‘lsa, Ukrainaga harbiy ko‘mak hajmi kamayishi, NATO bilan hamkorlik ham ikkinchi planga tushishi mumkin. Demak, voqealar bu taxlit rivojlansa, yangi bosh kotib Tramp bilan ham til topishishi talab etiladi.

Ryutte NATOning yetakchi siyosatdonlari – Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan yaxshi munosabatda. Bu esa uning bosh kotiblik faoliyatida qo‘l kelishi mumkin.

Ko‘p bolali oilada tug‘ilib o‘sgan Ryutte hashamatdan xoli tarzda hayot kechiradi. U Haaga shahridagi kamtarona uyidan bosh vazir ofisiga ham velosipedda qatnagani ma’lum va mashhur.

Darvoqe, Mark Ryutte Niderlandiya bosh vaziri bo‘lgan kezlarda mamlakat parlamenti binosida «farroshlik» qilib ijtimoiy tarmoqlar qahramoniga aylangandi. O‘shanda ehtiyotsizlik ortidan qo‘lidagi qahvani to‘kib yuborgan siyosatchi farroshlarga ish qoldirmay, birpasda hammayoqni yog‘ tomsa yalagudek tozalab qo‘ygandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring