Hokim ozishning yaxshi usulini topdi (video)
Italiyaning Valdobbyadene shahri meri, 47 yoshli Luchano Fregoneze ortiqcha vazndan qutulish uchun har kuni hamshaharlari bilan piyoda sayr qilishni boshladi.
Iyun oyida hokimlik uchun saylovda uchinchi marta g‘alaba qozongan Fregnoneze o‘z salomatligi bilan jiddiyroq shug‘ullanishga va’da bergandi. Ma’lum qilinishicha, u hokimlikka kelganidan buyon 50 kilogrammga semirgan, hozir vazni — 140 kilo. U semirib ketganini sport va jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanishga vaqt orttira olmasligi va mazali taomlarga suyagi yo‘qligi bilan izohladi.
Oxir-oqibat hokim yurish va nafas olishga qiynaladigan, bel va oyoqlari bezovta qiladigan bo‘lib qoldi. Kimdir shahardagi devorlardan biriga uning «qorindor» rasmini chizib ketishi va bu foto ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketishi unga qattiq botdi va ozishga qaror qildi.
Ozish marrasi — 90 kg. Hokimlik kursisiga ilk marta o‘tirganida shuncha tosh bosardi. Iyul oyidan Fregoneze shaharliklar bilan kuniga 5,5 km piyoda sayr qilishni boshladi. Birinchi kuni 45 kishi unga sherik bo‘ldi, keyin ularning safi kengayib bordi.
«Odamlar qo‘llab-quvvatlash uchun menga hamrohlik qilishmoqda, taxminan 10 foizi esa fursatdan foydalanib savollariga javob olish harakatidagilar. Yana ayrimlar sayr qilish bahona o‘zaro suhbatlashish niyatida kelishmoqda. Bu menga katta kuch beradi. Yolg‘iz o‘zim shuncha yo‘lni yura olmasdim, chunki zerikarli», — dedi mer.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter